O‘zbekiston bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov Moskvada Rossiya mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Anton Kotyakov bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.
Xabarda aytilishicha, muloqot chog‘ida O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyada mehnat faoliyatini tashkil etish tizimini takomillashtirish va jalb etish sohasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Bundan tashqari, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalariga mehnat migrantlarini jalb etishning soddalashtirilgan tartibi, mehnat jarayonlarini raqamlashtirish va qonunchilkdagi innovatsiyalar bo‘yicha tajriba loyihasini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqilgan.
Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov rossiyalik hamkasbiga O‘zbekiston Mehnat vazirligi va ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari o‘rtasida kasb-hunar ta’limi tizimini qo‘llab-quvvatlash va nazorat qilishni nazarda tutuvchi hamkorlik to‘g‘risidagi uch tomonlama bitim imzolangani haqida ma’lumot berdi.
“2017-yilda imzolangan tashkiliy ishga qabul qilish bo‘yicha hukumatlararo kelishuv pandemiya davrida mehnat bozoridagi mavjud vaziyatni hisobga olgan holda yangilanish va tuzatishlarni talab qiladi. Ishga qabul qilish tartib-taomillarini ham xodim, ham ish beruvchi uchun imkon qadar sodda va qulay qilib, har ikki tomon uchun zarur kafolatlarni ta’minlash zarur”, — degan Nozim Husanov.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kadrlarni kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini tashkil etishda yetakchi rol o‘ynamoqda. Mamlakatning har bir hududida ishsiz aholiga xizmat ko‘rsatish, kasb-hunar va til o‘rgatish, tadbirkorlikka o‘rgatish, mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha maslahatlar berishning o‘ziga xos tizimi ham yaratilgan.
Muzokaralar natijasida tomonlar 2017-yilgi tashkiliy ishga qabul qilish to‘g‘risidagi shartnomaga o‘zgartirishlar kiritish, mehnat munosabatlarini raqamlashtirish va mehnat muhofazasini ta’minlash, korxonalarda shikastlanishlar darajasini pasaytirish sohasida mehnat organlari xodimlarini qo‘shma o‘quv dasturlari va amaliyot o‘tash jarayonini rejalashtirish, shuningdek, mehnat qonunchiligini takomillashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishdi.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning dekabrida O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Rossiya Pasport-viza xizmati hamda Moskva shahrining Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar imzolangandi. Ushbu hujjat Rossiyada mehnat qilish istagida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarini tashkillashtirilgan holda chiqish jarayonlarini soddalashtirishi aytilgandi.
2021-yilning aprelida Rossiya Ichki ishlar vazirligi mehnat migrantlari uchun elektron patentlarni joriy etish rejalarini e’lon qildi.
Izoh (0)