1989-yilning 21-oktabrida O‘zbekistonda mamlakat mustaqilligi ramzlaridan biri — o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. 2020-yildan boshlab bu sana O‘zbek tili bayrami sifatida nishonlanmoqda. “Daryo” ushbu sana munosabati bilan oktabrni “O‘zbek tili oyligi” deb e’lon qiladi va oy davomida har kuni til masalasida turli yillarda qilingan va hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan chiqishlar, nutqlar, maqolalarni qayta chop etadi.
Tilivzani maqvoppiza?
O‘zbek xalq tili — ulkan, u Markaziy Osiyoda katta bir arealni qamrab olgan, bugungi kun u qirq million, balki ko‘proq odamlarning ona tili. Adabiy til uning ichida — misoli davlat ichidagi davlat, bu davlatning asosi esa O‘zbekistonimiz, qo‘shni davlatlardagi o‘zbeklar, asosan, o‘z sheva va lahjalarida so‘zlashadilar; adabiy tilning ulardagi rivoji juda ko‘p jihatdan bizga bog‘liq, bizda adabiy til davlat maqomida hamda qonun himoyasida va bois bu tilni asrab-avaylash, toza saqlash, chet tillar ta’sirini bir me’yorga keltirish zaruriyati bizning, ko‘proq qalam ahlining zimmasida.Maqolamiz mavzusi shu mazmunda.
Avom tilning rivoji asrlar davomida tabiiy kechdi, o‘tgan asr boshlarigacha arabiy va forsiy tillar bilan doimiy muloqotdan boshqa unchalik ta’sirlarga uchramagan; adabiy til esa avom tili, qora til (ham ulkan, ham ishlov berilmagan, yombi ma’nosida) chashmalaridan chiqadigan zilollardan yig‘ilib, asrlar mobaynida sayqal ishlov berilib, sayqal topgan va bugungi zamon talabi bilan yana ham sheva ne’matlaridan oziqlanib takomilda kelayotgan nahrul hayot.
Xalq tilining nasli toza bo‘ladi, chetdan ko‘p oqova qo‘shilib, usti loyqalansa-da, tubi tiniqligicha qoladi. Oqovaning loyqasi ham vaqt o‘tishi bilan cho‘kadi, shu tub oqimga aralashib ketadi. Lekin ko‘p quyilaversa, uni ham bo‘tana qiladi, qayta tinitish uchun ne-ne yillar, balki asrlar kerak bo‘ladi. Yigirmanchi asr boshlaridan beri tillarning aralashuv jarayoni bir tekis muqarrar kechayotgani uchun notoza suvni ichishga ko‘nikib boryapmiz, til ta’mini bilishimiz susaygan. Bu esa tafakkurni to‘mtoqlashtiradi.
Avom sar-fu nahv qoidalarini ataylab o‘rganmaydi, buning unga zarili ham yo‘q, uning tili tabiiy tug‘ma, u til qoidalaridan maxsus dars olmagan holida ham bu qoidalarga to‘kis amal qiladi. Yana ham to‘g‘rirog‘i, tabiiy til jarayonini ilm uchun biz — …shunoslar qoida-qolipga solib o‘rganamiz, nazariya bilan mezon-me’yorlarga solamiz. Ayniqsa keyingi yillarda shu mezon-me’yorlar bilan ham ishimiz bo‘lmay qoldi.
Avom tilini, do‘ppini yechib o‘ylasak, xalqning o‘zi buzmaydi, buzadigan yot istiloh-iboralarni bu tirik oqim ustiga biz — qalam ahli sochamiz, xalq esa ularni o‘z talaffuziga moslab, so‘zlashuv nutqiga qo‘shib olib ishlataveradi. Mana, masalan, “varaqa”, “xuruship” (kampirlar “quruq cho‘p” ham deydi), “karcho‘pka” so‘zlarining asli ruschada nima bo‘lganini birdan anglash qiyin: “varaqa” “voroxoochistitel” (ko‘sak chuvish uskunasi)dan, “xuruship” yo “xurushcho‘p” — “Xrushchyov”… “Karcho‘pka”ni bolaligimda g‘o‘zaning cho‘pini ildizidan qirqqani uchun o‘zimizning “cho‘p”dan olingan deb o‘ylar edim, bu so‘z “korchyovka”, “korchevatel”dan ekan. Matbuot tilidan o‘zimizdagi sixmola “borona” deb kirgan, xalq “barana” deb qo‘llayveradi. Keng omma uchun begona so‘z kirib keldimi yo o‘z so‘zini buzib ishlatyaptimi, uncha farqi yo‘q, istiloh o‘z vazifasini bajarsa kifoya, lug‘aviy ma’nosi so‘zning a’moli bo‘laveradi. Tilimizdagi talaffuz qonuniyatlari bilan hisoblashmay qanday bo‘lsa, shundayligicha kiritilgan so‘z-atamalarni xalq o‘z lahjalariga moslab olgan. Bu ham g‘alati jarayon — juda ko‘p xorijiy tillarda chet so‘zlar tubjoy aholi (titul millat) talaffuziga muvofiq qilib iste’molga kiritiladi, biz esa hatto boshqa turkiy tillardan ham farqli o‘laroq, asl holida, hatto biron tovush harfini ham o‘zgartirmay olamiz: “empiriokrititsizm”, “kompilyatsiya”, “kommunikatsiya” va hokazo. Biz qalam ahli “sement” deb yozamiz, xalq esa “semon” deydi, biz “sellofan” deb yozamiz, avom esa “salafan” deb ketaveradi. Xalqning aytgani to‘g‘ri, chet atamani uning talaffuziga zo‘rlab tiqishtirgan bizniki noto‘g‘ri. Yapon nasroniylari Iso alayhissalomni “Esu Kiristo” (“Esu Kiristo-sama”) deb o‘z talaffuzlariga moslab yozadilar. Bu bilan o‘zlari sig‘inadigan Iusus Xristosga shak keltirgan bo‘lmaydilar-ku. Biz ham rus tilidanmi, boshqa tillardanmi bizda o‘zi bo‘lmagan, muqobil atamasi yo‘q istilohlarni til talaffuzimizga moslab olsak bo‘lmaydimi? Xo‘p, deylik, “selluloid”ni kim shunday talaffuz qila oladi? “Empiriokrititsizm” degan mo‘tabar mafkura so‘zini baribir “imprakratizm” deb ketgan emasmidik? Yozmada bir xil yozib, og‘zakida boshqacha talaffuz etib, tilimizni qiynab boraveramiz.
Chet istilohlarni shundayicha kiritish ona tilimiz ifoda boyliklarini qashshoqlashtiradi. Bu boyliklar ichida tovush talaffuzi ham alohida o‘rin tutadi. Men bu bilan o‘tmishda qolgan atamalarga qaytish kerak demoqchi emasman, buning iloji ham yo‘qdir endi, lekin tilimizda shunaqa so‘zlar bilan birga ularning ohori, tovushning o‘zidagi qadrdon ma’no kengliklari ham orqada qolib ketyapti, ya’ni tilimizda so‘z boyliklari iste’moldan chiqishi barobarida ifoda imkoniyatlari ham torayib boryapti. Ko‘plar “Bayrut”ni “Beyrut”, “Bahrayn”ni “Bahreyn”, “o‘tar”ni “otar”, Balujiston”ni “Belujiston”, “Tiyonshon”ni “Tyanshan”, “Qoraqurum”ni “Korakorum”, “Baytulloh”ni “Betlexem”, “Damashq”ni “Damask” deb talaffuz qilishda uncha farq ko‘rmaydilar, xuddi “borlaring”, “kellaring” (mas., “Bu yerda turmalaring”) adabiy tilga xilof ekanini bilmaslikka olishdek, lekin ayni shu talaffuzda milliy til ohanglari, shu ohanglar uyg‘otadigan shuurosti sezimlarigacha buziladi. Mana, singarmonizm yo‘qolyapti, uning yo‘qolishi tugul, o‘zi haqida ham tasavvur ham yitib ketyapti va buning oqibati o‘z navbatida fikr ifodasini kambag‘alantiryapti.
Germaniyaning “Olmoniya”, “Livan”ning “Lubnon”, “Bolgariya”ning “Bulg‘oriston” bo‘lgani xotiramizdan o‘chyapti, endi o‘zimiz ham “Misr”ni “Yegipet”, “Habashiston”ni “Efiopiya” deyishga o‘tib ketyapmiz. “Ierusalim” “Quddus”ni, “Aljir” “Jazoir”ni siqib chiqaryapti. “Vengriya”ning “Majoriston”, vengrlarni “madyar”, “major” bo‘lgani o‘tmishga cho‘kdi. Nimaga “Hollandiya”ni o‘rischa yozib, o‘rischa talaffuz qilib tilimizni zo‘rlaymiz? Nima uchun xorijiy istilohlarni rus tili orqali ikki aylantirib yozishimiz kerak? Muqobili o‘zimizda mavjud atamalarni ham rus tilidagisini olamiz, o‘zimizda “h” tovush harfi bo‘lgani holda rus tilidagi “g” tovush harfini qo‘llaymiz. “Gonkong”, “Geyne”, “Gyote”… Bunaqa nom, atamalarni sanasak bir qop bo‘ladi.
O‘rganib ketganimiz bois e’tibor qilmaymiz: o‘tgan asr boshlaridan ruscha egalik qo‘shimchasi “-ov”ning keng yoyilishi (turkshunoslikda asli bu turkiy “-ev” (uy, uyi)dan olingan degan qarash ham bor) ismi sharifni aytishda talaffuzni, yozuvda tovush harflarini o‘zgartirib yubordi. “Oripov” deb yozsak-da (“Orifov” deb yozmaymiz), “Oripuf” deymiz. “Fattohov”ni esa esini teskari qilib yuboramiz: “Pattaxip”. “-ov” qo‘shimchasi o‘zidan oldin keladigan istilohlarni ham buzib yozib, buzib aytishga olib keladi: “Muhammedov”, “Mahametov”, “Ahmedov”, “Porsayip”, “Ibragimov” . Mazkur qo‘shimcha bari bir talaffuzda tilimizga esh bo‘lmay. “-ip”, “-up“,”-uf” tarzida tilga to‘g‘rilab talaffuz qilinadi. Talaffuzga ham nimaga bosim o‘tkazmoqchi bo‘lamiz, tushunish qiyin.
Tillarni unifikatsiya qilish, olis kelajakda ular qo‘shilib ketib, bitta umum bo‘lib qoladi degan ishonchmi, lug‘atchilarimiz ham ancha o‘rinlarda teskari g‘ayrat ko‘rsatganlar. Ellik to‘qqizinchi yilgi o‘zbekcha–ruscha lug‘atda “Mo‘g‘uliston” — “Mongoliya” deyilib, o‘zbekcha asl istiloh — “Mo‘g‘uliston” eskirgan toifaga kiritilib, “mongollar”, “mongolga oid” deb zamonga moslangan bo‘lsa, sakson uchinchi yilgi ruscha-o‘zbekcha lug‘atda umuman tushirib qoldirilgan. Ya’ni “Mongoliya” — “Mongoliya”, vassalom! Sho‘ro davrida zimdan yuritilgan til siyosatining oqibatimi, “Vavilon”ni “Bobil” deb eskirgan atamalar qatorida unutishga hozirlab qo‘yilgan. “Baltika” — “Baltika”, “Baltiyskoye more” — “Baltika dengizi” deb yozilib, “Boltiq” istilohi qavsga olinib, buning ham kovushi to‘g‘rilangan.
Ba’zan lug‘atchilarni ham tushunolmaysan: “мыс Доброй Надежды” — “Yaxshi niyat buruni”, “Берега слоновой кости” — “Fil suyagi qirg‘oqlari” deb o‘zbekchaga o‘girilgan bo‘lsa, masalan, “Драконовыe горы” — “Drakon tog‘lari” deb ag‘darilganki, tilmochlikning tamoyil-tayini bo‘lganmi o‘zi degan shubhaga borasan kishi. Bu lug‘atlardan maqsad o‘zbek tilining so‘z boyliklarini ochib berishmi yo tilimizga rus tilini kiritishmi deb gumonsirab, lug‘at zahmatkashlarida milliy oriyat tuyg‘usi juda zaif ekaniga amin bo‘lasan.
Talay-talay baynalmilal istilohlar endi o‘zimizniki bo‘lib ketdi. Albatta, ko‘pining tilimizda muqobili azaldan bo‘lmagan. Eski lug‘atlardan ularga muqobil axtarish befoyda, lekin atamani o‘z tilimiz boyliklariga suyangan holda yangidan yasash mumkin, lug‘atlarimizda esa buning tersi: istilohni tayyor holicha o‘zga tildan ko‘chiradilar yoki muqobilini izlashga erinib o‘zlari mafhuman tarjima qilib qo‘ya qoladilar: “gus — erkak g‘oz”, “vitrina” — “vitrina”, “magazin vitrinasi” (“peshoyna” yoki “peshtaxta”, “do‘kon”ni go‘yo bilmaydilar).
Chet tillar oldida o‘z tilimizni, unga davlat maqomini berganimiz bilan, past ko‘rish urf bo‘lib boryapti. Misol uchun, shahrimiz ko‘chalariga bir qarang! Uchrashuv, konferensiyalarning taklifnoma yo dasturlarini olaylik: inglizcha yo ruscha tarjimasi bor, o‘zbek tilida yozilgan qismi ham yo inglizcha, yo ruscha terminlarga to‘lib toshgan. Yig‘in tanaffusida beriladigan bir piyola choyni “kofe-brek” deb ketdik, “choytatil” deyishga qishloqiligimizdan uyalamiz.
Beparvomiz. Mana, “mыshka”, “prezentatsiya”, “layk” (“layk qilmoq”), “parol”, “login”, “onlayn”, “blog”, “post” “status”, “mobil versiya”, “domen”, “internet-provayder”, “operator”, “moderator”, “spam”, “ye-mayl”, “sayt-vebsayt”, “chat” va hokazo shunday o‘nlab atamalarni qanday bo‘lsa, shundayicha o‘zimiz kirityapmiz, bularning anchasi o‘zbek tilida muqobiliga ega, yo‘qlarini esa bor so‘zlarimizdan yaratishimiz mumkin. Lekin og‘zi qiyshiq bo‘lsa ham boyning o‘g‘li gapirsin deb, chetkilarga tilimiz to‘ridan joy beryapmiz.
Ko‘p xorijiy atamalar adabiy tilga singib ketgan, lekin avom tilida kam qo‘llanadi. Bu ham tabiiydek tuyuladi. Masalan, “shimol”, “janub”, “sharq”, “g‘arb” atamalari asosan yozma nutqda, ilmiy ma’ruza, ma’lumot beriladigan holatlarda keng iste’molda, ammo hali-hanuz so‘zlashuvda uncha ko‘p qo‘llamaymiz. Avom hali ham “kunbotish”, “kunchiqish”ni ma’qul ko‘radi, shevalarda esa ana shu to‘rt arabiy istilohning sof o‘zbekcha muqobillari bor: “chiqish”, “kunchiqish”, “botish”, “kunbotish”. “kuntug‘ar”, “to‘manbet” (g‘arb) “orqabet”, “orqovul” (shimol, ba’zi shevalarda g‘arb ham), “manglaybet”, “o‘ngbet”, “kunyurar” (janub), “obqora” (janubi g‘arbiy) va hokazo (mas., qozoq tilida “shig‘is” — sharq, “batis” — g‘arb, “o‘ngtustiq” — janub ma’nosini bildiradi va bu atamalar hozirda qo‘llanadi: “O‘ngtustiq Qazaqistan” — Janubiy Qozog‘iston). Mana bir-ikki misol: “Kun yurarga uch chaqirim yursang, yetasan”, “Obqoraning shamoli turdimi, havo yog‘adi”, “Kunchiqar yorishibdi” — har bir so‘zi yuqumli-suykumli, har bir tovush harfi qadrdon lo‘nda-yig‘noq jumlalar. Adabiy tilda bu xil “eskirgan” istilohlarimizni keyingilari bilan muvoziy tarzda, masalan “to‘manbet, ya’ni g‘arbdan”, deb ishlatsak, shu tarzda til boyliklarimizni yanada tiklab borish mumkin-ku.
Yo‘q, zamon talabi deb yopishib qolganmiz, “tuppa” ming yillik taomimiz bo‘lsa-da, “lapsha”da oy ko‘rganmiz, har kuni o‘n martalab “lapsha”ni reklama qilaveramiz. Qiziq, o‘zimizda mavjud istilohlar o‘rniga o‘rischasini qo‘llamasak, otamiz urishadimi!
TV-radio tili alohida murakkab til, u keng ommaga aytiladi va omma bilan doimiy muloqotdaligi bois bu til adabiy til bilan so‘zlashuv tili o‘rtalig‘idagi martabada bo‘ladi, undagi nutq ishlov ishlab berilib, tajribadan o‘tib, turish, yarim turish, xatboshilardan tortib o‘qishda urg‘ularning joy-joyiga qo‘yilishigacha qoidalashgan til. U qanchalik ravon, jonli tilga qanchalar yaqin bo‘lsa, unga ishlov berilganini tinglovchi shuncha sezmaydi. Lekin eshituvchi sezmas ekan deb sidirg‘asiga, nafas rostlanmay, surib ketaverish insofdan emas. Atay shevada “vottilash”, “mag‘an-sag‘an”, “buytib-shuytib”, “galdi-gatti” qilish (TV-radioda shevada gapirgan odam ataylab qiladi, chunki u maktabda adabiy tilda o‘qigan, baloday biladi ham), o‘zidan boshqa shevalarga bepisandlik, umuman elga behurmatlik, kaltabinlikdan boshqa narsa emas. Shuning uchun ham ekranda gapirgan odamning hatto talaffuzidagi sheva ham eshitganning g‘ashiga tegadi. Hali bu mavzuga qaytamiz ham.
Bugungi kunda chet so‘zlar yozma adabiyot, matbuot, ommaviy nashrlar, radio-TV, ko‘chaning yozuv va shiorlari, reklama matnlari orqali kirib kelayotir. Bir-bir yarim asr burun avom tili har biri nisbatan ihotalangan shevalardan iborat bo‘lib, adabiy til asosan bitma kitoblarda muhrlangan, istifodasi maktab va madrasalar ta’siriga bog‘liq kechgan, boshqacha aytsak, axborot-kommunikatsiya ko‘lamining torligi adabiy til taraqqiysiga ham uncha erk bermagan. Toshbosma matbaaning paydo bo‘lishi gazetachilik rivojiga olib keldi va natijada adabiy tilning istifoda ko‘lami ham kengaya boshladi. Gazeta-jurnal, kitoblarning ko‘plab chop etilishi, keyinroq radio, undan so‘ng televideniyening paydo bo‘lishi adabiy tilni umumtasarruf miqyosga olib chiqdi. Jumladan matbuot va televideniye keng xalq ommasini qamrab oldi, OAV adabiy tilda bo‘lishi lozim va lobidligi bois, bugungi kunda o‘zi shu til o‘rgatuvchi martabasiga qo‘tarildi. Burunda shoirlar oldingi bitmalardan, baxshilar xalq orasida yurib adabiy tilni (ming afsuski, endiga kelib sheva boyliklari kabi folklor tilini ham adabiy tildan sal mundayroq ko‘ramiz, uning xazinasiga mahliyo bo‘lganimiz holda, adabiy tildan juda kam foydalanamiz) o‘rgangan bo‘lsa (bu gap ham havodan nafas olgan deganga o‘xshaydi), bugun esa o‘rgatuvchilikning asosiy yuki OAV, xususan radio va TVning zimmasiga tushyapti.
Qiziq bir o‘rama halqa hosil bo‘ladi. Mana, lug‘at izohida yozadilar: “Kam qo‘llanadigan, eskirgan, dialektal va folklorga oid so‘zlarning hoziri o‘zbek adabiy tilida mavjudligini tasdiqlash, ularning individual qo‘llanishini ko‘rsatish uchun, zarur o‘rinlarda, o‘zbek badiiy adabiyoti folklor va matbuotdan sitatalar keltirilgan eskirgan va dialektal so‘zlardan o‘zbek sovet yozuvchilari asarlarida ko‘p uchraydiganlari ko‘chma ma’noda ishlatiladiganlari yoki maqol va matallar tarkibida uchraydiganlarigina olingan so‘zlar yoniga tegishli pometalar qo‘yilgan.” Bu izohning ikki jihatiga e’tibor qiling: “o‘zbek badiiy adabiyoti, folklor va matbuotdan sitatalar keltirilgan eskirgan va dialektal so‘zlardan o‘zbek sovet yozuvchilari asarlarida ko‘p uchraydiganlar yo maqol va matallar tarkibida uchraydiganlarigina olingan so‘zlar yoniga pometa qo‘yilgan” — ya’ni bularga ahamiyatsiz degan mamnu tamg‘asi bosilgan: ikkinchi jihati lug‘atda so‘z shunaqa toifalangan bo‘lsa, demak ko‘pi “eskirgan”, “kitobiy”, “oblastnoy” sifatida safdan chiqarilib, til boyliklari toraytirilgan, oqibatda “badiiy asar — lug‘at — badiiy asar” tor o‘ramasi yuzaga kelgan va bu o‘rama hozirgacha ochilay demaydi. Shevalarimizdagi so‘z boyligi har biri o‘z elatining ko‘chasida bee’tibor qolgan. Holbuki adabiy til sheva, dialekt, lahjalardagi so‘z zahiralari hisobiga tinmay boyib, rivoj topib borishi kerak. Ishlatilmay yotgan zahiraning ko‘lami nihoyatda keng. Hatto adabiy tilga asos qilib olingan qarluq-chigil-uyg‘ur shevalarining (fonetika Toshkent, grammatikasi Farg‘ona shevalaridan) o‘zidagi rang-baranglik ham hali to‘lig‘icha o‘rganilmagan. Siz T.Nafasovning “Qashqadaryo xalq so‘zlari”, B.To‘ychiboyev va Q.Qashqirlining “Zominning til qomusi” degan fidoyi tadqiqotlarini yana bir o‘qing, ne-ne so‘z boyliklarimiz qayerlarda ko‘milib yotganiga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz. Biz esa shevada vottilab yo galdi-gattilab, mahallamizni dunyoga olib chiqqandek g‘o‘dayamiz. Asli bu millatning birbutunligiga qarshi ishlash, ha, ha, zararkunandalik ekaniga aqlimiz yetmaydi yo kibrimiz dilimiz ko‘zini ko‘r qilgan.
Yana misollar olamiga qaytamiz.
Ayni paytda chet so‘z, iboralarning o‘rinli-o‘rinsiz tarzda iste’molga kirishi, gap tarkibida sun’iy ifodalarning paydo bo‘lishi chet tillar ta’siri va kommunikatsiya oqibati o‘laroq tilimizning buzilish holatlarining avom tiligacha kirib borishi ham shular tufayli. Mulohaza uchun reklamadan bir misol: “Uzoq va qulay hayot kechiring!”. Bunaqa masxarasi o‘ziga esh jumlalarni har kuni o‘nlarcha marta ko‘ramiz, eshitamiz, fikri balog‘atga yetmagan bola-yoshlarning qulog‘iga quyamiz (biz so‘z ustalari). “Istagan joyimdan o‘p!” — e betingdan buzulgur, deb yuborging keladi! “Buni bilishni xohlardim deb o‘ylardim”, “Aksariyat bug‘uchalar shu yerda dunyoga kelishadi”, “Bu hududda juda irodali jonzotlar yashashadi”, “Ular (ya’ni pashsha) bu yerlarda ko‘ldan ko‘lga uchib hayot kechiradilar”, “Oddiy ko‘z bilan ham bu betakror manzaraning shohidi bo‘lish mumkin”, “Bu zaminning musaffo osmonida Andi kondorlari parvoz qilishadi”, “Gobi bo‘rilari quvlashadi” (tuyani), “…bo‘rilar foydalanishadi”, “…bo‘rilar bo‘g‘izlashadi”, “Devorlarga ishlov berilgan somon qatlami yemirilib tushgan”, “Qal’a devorlari loydan tiklangan”… — bu qanaqa til o‘zi? Shu jumlalarni yozgan, o‘qib berayotganlarning o‘zi biron yerda o‘qiganmi ekan?! G‘azabingiz keladi, xunobingiz oshadi, lekin bu jumlalar chetning masallig‘idan o‘zimiz pishirgan osh — o‘zimiz ichyapmiz.
G‘aliz jumla, xato so‘zni qancha ko‘p gapirsangiz, shuncha ko‘nikasiz, g‘aliz-xato ekani bilinmay qoladi. Quloq o‘rgangani, ko‘nikkanimiz bois uchun shunisi tabiiydek tuyuladi, sirtdan o‘zbekcha, lekin bir razm soling: birinchisi “Я хотель бы этого знат” iborasining juda beo‘xshov o‘girilishi; undan keyingi jumlada hayvon ko‘plikda aytilyapti, “bug‘uchalar” deb “оленёнки”dan shundoq ag‘darib qo‘ya qolingan; shuni “Aksariyat bug‘u shu yerda bolalaydi”, desa bo‘lmaydimi? Undan keyingisida yana shu: hayvon ko‘plik fe’lida xuddi sizlangandek; “iroda” insonga, hayvonga esa “chidamli” (yana bir ikkita chiroyli so‘z bor, esimga kelmayapti) nisbatan qo‘llanadi. “Bu yerlardagi jonzotlaring joni qattiq” desa odamga sal tushunarli bo‘larmidi? Bo‘ri(lar) qanday qilib foydalanishadi? Bir narsadan foydalanish uchun aql bo‘lishi kerak-ku. Bo‘rilar quvlashib o‘ynashmayapti, balki o‘ljaning iziga tushgan, uni quvlayapti. Keyin, bo‘ri tuyani odamga o‘xshab pichoq bilan bo‘g‘izlamaydi, bo‘g‘izlab ketadi. To‘g‘rirog‘i, bo‘ri tuyaga “teginadi” yoki uni “oladi”.
Navbatdagi jumlani o‘zimiz gapirgandek osongina qilib “Devorning somon suvog‘i ko‘chib tushgan”, oxirgisini “Qal’a devori paxsadan (tiklangan)”, desak bo‘lmas ekanmi? Rus tilida “paxsa”ning muqobili yo‘q, ularda loy ham, uning quritilgani ham, tuproq ham “glina” deyiladi (“глинобытная стена” — “paxsa devor”). “Oddiy ko‘z” degani nimasi, Anddan boshqa “Andi” tog‘i ham bormi? Kondorlar parvoz qiladi, “qilishadi” emas! Pashshalar “hayot kechiradilar”mi?
Bunday o‘ylab qarasang, ko‘pincha muqobili bo‘laturib, ba’zi hollarda esa ilojsizlikdan kiritilgan yot so‘zlarning uncha ham zarari yo‘qdek tuyuladi, loydan tiklangan, desa nima bo‘pti, odamlar tasvirda paxsa ekanini ko‘rib turibdi-ku, “matras” “to‘shak”ka nisbatan tushunarli, ham aniq, hamma nima desa, shuni qilaylik-da. Endi “barana” (“borona”)dan “sixmola”ga qaytib qancha baraka topardik! Silovsin bilan qoraquloqni ko‘rmagan bo‘lsak, farqini bilmasak, ikkovi ham yo‘q bo‘lib ketayotgan bo‘lsa, ularni “yovvoyi mushuk” deganimiz o‘ng‘ayroq emasmi? (Bir filmda ruscha “karakal” o‘zbekchaga “karakol” deb o‘girilgan, oppa-son, qulay — ikki tilda ham birdek tushunarli! “Qoraquloq” deb qishloqcha cho‘zib yuradimi!) Oldingi lug‘atlardan birida “dvoynik” — “hamaft”, “hambet” deb tarjima qilingan ekan (“betdosh”, “aftdosh” demabdi ham yaxshi). O‘shanaqa tarjimalardan ruscha atamaning o‘zi yaxshi emasmi? Men shu ba’zi lug‘atlarni varaqlab talay atamalar tarjimasi lug‘atchilarning o‘z ijodi emasmikan degan shubhaga boraman. Masalan, “Serna — tog‘ kiyik, qora echki”. “Serna”ning tubi turkiy emasmikin, yo‘q esa qora tilda “tog‘ kiyik”, demaydilar, keyin bu o‘zi kiyikmi, echkimi, uning aniq bir atamasi bo‘lishi kerak. Balki turdoshligi bordir, lekin bizda kiyik bilan echki farqlanadi.
O‘z tilimiz, sheva so‘z boyliklariga e’tiborsizligimiz tufayli, masalan, ohu, kiyik, maral, bug‘uni farqlamaymiz. Sayg‘oqni bir “saygak”, “kiyik” deymiz, bir “ohu”, uning nomini ham ruschadan o‘zbekchalashtirganmiz (ruslarning o‘zi bizdan olgan shekilli), yo‘q esa asl istilohlari bor: “bo‘ka”,“oqquyruq” (Amerika qit’asidagi oqquyruq bilan aralashtirmaslik kerak). “Kiyik bolasi” deymiz, “quralay” esa folklorda qolib ketyapti yo ko‘chma ma’noda ishlatiladi (“qo‘zlari quralay”). Bir filmda gnu antilopasi “gnu ohusi” deb tarjima qilindi. Gnu — gavdasi qoramoldek, shoxi ham buqa shoxi mengzash yirik hayvon, biz esa ohuni nozik kiyik sifatida tasavvur qilamiz. “Chiyabo‘ri yo shoqol bolasi” deyiladi, xalq esa “voyvoyak” deydi. Asl muqobilini bilmagandan keyin har maqomga yo‘rg‘alashning nima keragi bor: “hayvonlarning ko‘payish mavsumi” emish! Bu fasl lug‘aviy ma’nosida ham ko‘payish mavsumi emas, kuyga kelish, kuyikish, iliqish, qochish pallasi. Ko‘payishning jonivorlarning turiga qarab, “qo‘zilash”, “qulunlash”, “kuchuklash”, “bolalash” kabi o‘rnida qo‘llanadigan istilohlari mavjud. Matbuot tilidagi beo‘xshov “qo‘zilatish mavsumi”ni xalq soddagina qilib “to‘l” deydi-qo‘yadi. “Yomg‘irlar mavsumi” emas, “yomg‘ir mavsumi”, aniqrog‘i “yog‘in mavsumi”, yana ham aniqrog‘i “yog‘ingarchilik”, avom tilida bundan ham to‘g‘riroq - “ho‘lgarchilik”.
Muammoning yana bir jihati bor. Men hujjatli filmlarni juda yoqtiraman, ko‘p ko‘raman. Turli mamlakatlardagi odamlarning turish-turmushi, har xil yurtlarning tabiati, hayvonoti, nabototi haqida. Bu filmlar chet ellarda juda katta mehnat, undan kam bo‘lmagan mablag‘ bilan yaratiladi. Bir pingvinni suratga tushirish uchun qahraton Antarktidada oylab qolib ketadilar va bu parranda haqidagi jild-jild tadqiqotlar ustida ko‘z nurini to‘kadilar. Nahangni tasvirga tushirish va uni gapirib berish uchun u bilan, bilmayman, hayotni garovga qo‘yib, qancha vaqt birga suzadilar. Nahang borasidagi jami adabiyotni titkilab chiqadilar, boshqalar yaratgan filmlarni ko‘rib oladilar. E xullas, bu filmlar ming mashaqqat bilan yuzaga keladi va shu mashaqqatlar samarasi o‘laroq tasvirlari ko‘rimli, mazmuni ma’lumotlarga boy, tarjimasiga qarab taxmin qilsangiz, yaratilgan tili ham go‘zal. Xorijiy telekanallarda yaratilgan hujjatli filmlarni rus tiliga qilingan tarjimalarda ko‘raman, ularda har bir giyoh, har bir ashyo, har bir jonzotning o‘ziga xosliklarini aytibgina qolmay, nomigacha, mahalliy aholining o‘zi nima deydi, rus tilidagi muqobili qanday, barchasi aniq-taniq. Lekin biz bunaqa asarlarni ustidan suvab olashovur ag‘daraveramiz. Yaydoq dalami, demak, cho‘l, qumlimi, demak, qum sahrosi, cho‘lmi, unda cho‘l – vassalom! Atamalarning har xilligi, ifoda rang-barangligi, so‘z boyliklari nima kerak, odamlar tushunsa bo‘ldi-da! Toqqa xos so‘zlarni bilib, nima, tog‘chi bo‘larmidik! “Mahobatli”, “osmono‘par” deb qo‘shib qo‘ysak yetmaydimi!. Bittasi “jonsiz cho‘qqilar” deb o‘qiyapti, hech bo‘lmasa, o‘rischasini yaxshilab uqqan bo‘lsa ekan: “безжизненные скалы”ni shunday o‘girib, cho‘qqini o‘ldiga chiqaribdi. “Bo‘zqoya”, “bo‘sqiyo”ni bilmasangiz, jilla qursa “yalang‘och qoyalar” deb o‘giring, baraka topgur!
Xalqning o‘zi qo‘ygan atamalari aniq-taniq, sodda va ixcham bo‘ladi.
Masalan, tog‘ning baland cho‘qqisini “osmono‘par qoyalar”, “ko‘kka bo‘y cho‘zgan” deb bo‘yab-bejab cho‘zmaydi, “nurama” deb qo‘ya qoladi (“nurama” qorli yo yaydoq cho‘qqining nur qaytarishidan olingan bo‘lsa ham bordir, yana bilmadim). Cho‘qqi uchi — nuramaning shakl-shamoyili, o‘rniga qarab “qiroq”, “xorra, “huchchi”, “sala”… kabi bir nechta muqobili borki, har biri muayyan o‘shanaqa cho‘qqi yo qoya uchini bildiradi. Xalq “tog‘ning qiyalik joyi” demaydi, balki “enish” deydi, enishning mayda tosh qoplanganini lo‘nda qilib “chag‘il” deydi (“Chag‘il qizima yer bo‘ladi” — bu lo‘nda ibora ma’nosini berish uchun qancha ortiqcha so‘z ishlatamiz biz). “Tog‘ bag‘ridagi ingichka yo‘l” bitta atama bilan “chiziq” deb aytiladi.
Nima bu: nuqul “tog‘”, “qoya” (yo cho‘qqi”), “dara”, toqqa tegishli boshqa atamalar yo‘qmi, deb erinmay lug‘at varaqladim, qarang, qancha atama-nomlarga duch keldim: “qiroq”, (qoyaning usti, “Oy tug‘adi qiroqdan”), “huchchi” (qoya uchi), “shiram” (uzunasiga cho‘zilgan qoya), “sala” (cho‘qqining uch qismi), “qasnoq” (daralarining aylana nuqtasi), “qat” (qir, cho‘qqining baland uchi, unda faqat arxar yuradi), “qatal” (yolg‘izoyoq yo‘li bo‘lgan enish), “chuqun” (tog‘li hududlardagi tabiiy chuqurlik, yashin urib chuqur bo‘lgan joy), “chag‘il” (mayda toshli qiya yonbag‘ir), “chungul” (dara ichida yurish qiyin, chuqur-chop joy), “qasag‘a” (quyidan yuqoriga ketgan qat-qat yassi tosh uyumi), “qirrak”, “qisilchang”, “qoyazov”, “chag‘al”, “chag‘at”, “chiyir”, “ching”, “chaltov”, “tarang”… yetar, a?
Cho‘qqi tog‘ning eng baland nuqtasi, u bir tog‘da bitta yo bir nechtagina bo‘ladi, qoya esa o‘nlab, minglab ham bo‘lishi mumkin. Rus tilida “vershina” bilan “skala”ni farqlaydilar, tarjimonlarimiz esa aralash qo‘llayveradilar. Xuddi shunday “скалыстие горы”ni “qoyali tog‘lar” deb o‘giraveradilar, holbuki tasvirda ko‘rinib turgani faqat bitta tog‘, uni “qoyali” deb aytish ortiqcha. Yassi tog‘ning esa o‘zbek tilida o‘z atamasi bor. Albatta, bu atamalarni, tabiiyki, bilmaymiz, chunki tog‘da yashamaymiz, har kuni toqqa chiqmaymiz. Shu boisdan tog‘da o‘sadigan “umrzoqgul”, “erbahosi”, “echkimchak”, “shatraj”, “qorayaproq”, “qarg‘atirnoq”, “qizilpoycha”. “ayiqquloq”, “shappa”, “beldirg‘on”, “birsepar”, “birchanoq”, “abrik”, “dalachoy”, “karavush”, “bo‘ymodaron”, “darmana”, “dastorbosh”, “guldavg‘ach”, “do‘g‘bo‘yin”, “qilqanot”, “chiranak”. “toshbaqatol”, “janjabil” (“zanjabil”), “igir” kabi o‘nlab giyohlarning (aksariyati dorivor) nomidan ham bexabarmiz (men ham bu atamalarni T.Nafasov, B,To‘ychiboyev, Q.Qashqirlining kitoblaridan tergilab oldim va hech bo‘lmasa bir yodga olib qo‘yaylik deb, zavq bilan sanayapman)… Albatta tog‘chi odam yo mutaxassis bo‘lmasa, bunaqa atamalarni eslab yurish mushkul, shart ham emas. Lekin shu giyoh-u, o‘t-u o‘lanlar o‘z tog‘larimizda o‘sib yotibdi. Tog‘ va uning nabotot dunyosi haqida film bo‘ladimi, maqolami, kitobmi tarjima qiladigan tilmoch bularni bilishi, jilla qursa, lug‘atlardan izlashi kerak. Lug‘at tuzuvchilar ham muqobillarni o‘zidan urchitmay, eski lug‘atlarga suyanishi, sheva boyliklaridan izlanishlari lozim.
Mana, masalan, endi keraksizdek bir misolni olaylik. Shevada uyurbov — uyurbog‘ istilohi bor, buning izohini qarang: “qora uy tuvurlig‘ining boshiga tikilgan tasma”. Endi bunda “tuvurliq”ni bilmaymiz. Uning ham izohi bor ekan: “Qora uy erganagi bilan tuvur bog‘langan qismidan keraganing chiy yoyiladigan qismigacha yopiladigan to‘rt bo‘lak kigiz”. Endi “erganak” — “qora uy, mol qo‘ra, qo‘tonlarning eshigi”. Xo‘p, “chiy”, “qora uy”, “mol qo‘ra” tusmol bilamiz. Qarang-da, qanaqa istilohlarni bilmaymiz, ishlatmaymiz: “qoshg‘ari”, “qushoyoq”, “g‘ildiravik”, “qo‘shqanot”, “qaychiquloq”, “to‘yako‘z”, “to‘dagul”, “barchin”, “qiyagul”, “turum”, “tupak”, “tuynukyopqich”, “tuynukbov”, “qo‘ykuvshurma”, “tuvuq”, “to‘nkarma”, “uvuq”, “uvuqbov”, “chang‘aroq”, “uzuk”, “uzukbov”, “uyqoziq”, “uyarqon”, “uybog‘ish”… O‘tov, qora uyga, uning uzvlariga tegishli mazkur atamalarni yana o‘sha T.Nafasov, B.To‘ychiboyev, Q.Qashqirlining tadqiqotlaridan oldim. Shu boyliklar endi go‘yo keraksiz, og‘zakida qolib ketgan eskilik!
Bunaqa atama, istilohlar adabiy tilga ham kirmagan, ularni yozishga biz qalam ahli injilamiz, ko‘pimiz bilmaymiz ham, bilish shart emas deb qaraymiz, lekin tubi biz bilan bir turkiy tilli qo‘shnilarimiz qora uyning har ashyosigacha nomma-nom biladilar, uni ehtirom qiladilar, davlat ramzlariga kiritganlar. Biz nimaga o‘tmishimizni esdan chiqarishimiz kerak? Til o‘tmishidan yuz burish — o‘zligidan yuz burish, so‘z boyliklarini surrogat atamalarga almashtirish – bu tafakkurni surrogat qolipga solib, adabiy tilni muayyan tushovga solib qo‘yishdir. Ming yil ilgarigi “Devon-u lug‘atit turk”dan bu yog‘iga taraqqiyda bo‘lgan tilimizni bugun nima ahvolga solayotganimiz o‘zini o‘zbek deb o‘ylaydigan, o‘zini fiqr qilguvchi hisoblaydigan har bir fuqaroning o‘z taniga aqllashadigan muammosi va shunga beparvoligi uchun vijdoni, oriyati oldida, qolaversa, davlat tili haqidagi Qonun oldida javob beradigan masaladir. Zero davlat qanaqadir bir umumiy makon emas, u — o‘zimiz, har birimiz.
Hali bu gaplarimiz hammasi emas.
Ahmad A’zam, 2013-yil
Umrining so‘nggi yillari ona tilimizning sofligi haqida qayg‘urib, o‘zbek tilining tuzatishga muhtoj muammolarini qayta-qayta ta’kidlagan Ahmad A’zamning ushbu maqolasi bugun ham dolzarb. Ommaviy axborot vositalaridagi til bilan bog‘liq masalalarni soha ichida kuzatgan adibning mulohazalari “Til nomusi” kitobiga jamlangan. Ushbu maqola ham shu kitobdan o‘rin olgan.
Ma’lumot uchun:
Yozuvchi, munaqqid Ahmad A’zam 1949-yili Samarqand viloyati, Jomboy tumanidagi G‘azira qishlog‘ida tug‘ilgan.
“Guliston” jurnali, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, “Sovet O‘zbekistoni san’ati” jurnali tahririyatlarida, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ishlagan, siyosiy faoliyat bilan shug‘ullangan, “Birlik” xalq harakati hamraisi, “Erk” demokratik partiyasi bosh kotibi bo‘lgan. Oliy Majlis deputatligiga saylangan (1999-2004-yillar).
Bir necha yillar O‘zbekiston televideniyesida bosh muharrir, “O‘zbekiston” telekanali bosh direktori, “O‘zbektelefilm” studiyasi bosh direktori lavozimlarida ishlagan.
“Oyning gardishi”, “Bu kunning davomi”, “Asqartog‘ tomonlarda”, “Soyasini yo‘qotgan odam”, “Hali hayot bor” kabi nasriy asarlar, “Mas’ul so‘z” adabiy-tanqidiy maqolalar to‘plamlari, “O‘zi uylanmagan sovchi”, “Ro‘yo yoxud G‘ulistonga safar” romanlari chop etilgan.
Ahmad A’zam 2014-yilning 4-yanvarida vafot etgan.
Izoh (0)