Birinchi xonimlar Britaniya qirolichasi va Rim Papasi bilan qanday munosabatda bo‘lishi lozimligi, prezidentlarning turmush o‘rtoqlariga zararli odatlarga ruxsat berilishi mumkinmi, shuningdek, qanday holatda ular qoidalarni buzishi mumkinligi haqida Marie Claire nashri tayyorlagan ma’lumotlarni tarjima tariqasida e’tiboringizga havola qilamiz.
Doimo turmush o‘rtog‘ini qo‘llab-quvvatlashi va “Ayollikning an’anaviy kodeksi”
Yozilmagan odob-axloq qoidalariga ko‘ra, rasmiy tadbirlarda siyosatchilarning rafiqalari erkaklardan bir oz orqada yurishi lozim. Fransiyaning birinchi xonimi Brijit Makron prezident erining soyasida qolishni xohlamaydi chog‘i xizmat safarlarida uni doim Emmanuel Makron bilan bir xil darajada ko‘rish mumkin. Shu sababli ham fransiyaliklar birinchi xonimning bunchalik erkinligidan mamnun emasliklarini bildirib: “Biz rafiqasi uchun emas, prezident uchun ovoz berganmiz. Bu ketishda u davlat rahbarini ham orqada qoldiradi”, — degan istehzoli fikrlarni bildirishgan.
Shu bilan birga, birinchi xonimlar siyosatning iflos olamiga aralashmagan holda turmush o‘rtog‘ining barcha qarorlarini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashi lozim. Bill Klinton Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti bo‘lgan davrlarda uning rafiqasi Hillari o‘zboshimchaligi uchun qattiq qoralangan va turmush o‘rtog‘i uchun haqiqiy xavf sifatida qaralgan. Turmush o‘rtog‘ining ishlarida, xususan, sog‘liqni saqlash masalalaridagi siyosiy ishtiroki bilan Hillari birinchi xonimning an’anaviy “ayollik kodeksi” normalarini buzgan. Hatto Klinton xonimning mashhur kostyum-shimlari ham tanqid qilingan, jamoatchilik fikricha, bunday liboslar birinchi xonimning garderobi uchun mos emas. Shunisi ajablanarliki, Hillari Klintonning davlat rahbarining ikkinchi darajali rolni bajaruvchi rafiqasi bo‘lganidagi past reytingi uning o‘zi mustaqil siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanishni boshlaganida aqlbovar qilmaydigan qo‘llab-quvvatlash va mashhurlikka almashdi. Bu esa birinchi xonim o‘z vazifalari doirasidan tashqariga chiqmasligi, har doim erining soyasida qolishi kerakligini tasdiqlaydi.
Birinchi xonim “ayollik” dres-kodi va erkaklar ishlariga aralashmaslikdan tashqari, imo-ishora, yuz ifodalari va gapirish uslubi bilan ham ko‘pchilikning diqqat markazida bo‘ladi. Masalan, Mishel Obama “qo‘pol” harakatlari, tishlari orasidan chiqmaydigan “nazokatsiz” tabassumi va oyoqlarini bir-biridan kergan holda turishi kabi noqulay holatlari uchun ham yaxshigina tanqid ostida qolgan.
Boyligini ko‘z-ko‘z qilmaslik
Birinchi xonimning yelkasida uddasidan chiqish mumkin bo‘lgan juda mushkul vazifa bor — prezidentning rafiqasi har doim davlat xazinasiga qo‘l tekkizmagan holda benuqson ko‘rinishi kerak. Biroq kamtargina bo‘lib yurish ko‘plab siyosatchilarning ayollari uchun doimo muammo tug‘diradi. Masalan, Meksikaning sobiq birinchi xonimi Anjelika Rivera o‘zining dabdabali va yumshoq qilib aytganda, qulay hayot tarzidan umuman xijolat tortmaydi. O‘z vatanida mashhur bo‘lgan aktrisa qimmat kosmetik muolajalarsiz, mashg‘ulotlarsiz, Gucci va Dior kiyimlarisiz hayotini tasavvur qila olmaydi. Rivera narxi ba’zida oddiy meksikalikning yillik maoshidan o‘nlab baravar yuqori turadigan kiyimlari uchun biror marta ham tanqid qilinmagan. Anjelikaning “ishtahasi” shu kungacha pasaygani yo‘q: 2019-yilning bahorida Enrike Penya Nietodan ajrashgani e’lon qilingandan so‘ng, sobiq birinchi xonim sobiq turmush o‘rtog‘idan 35 ta hashamatli avtomobil, Mexiko shahridan dang‘illama uy va kelgusi 12 yil davomida “oddiy” yo‘lovchilar bilan uchmaslik uchun shaxsiy samolyotdan foydalanishni talab qilgan.
Tarixda prezident rafiqalarining bunday talablari ko‘p uchraydi. Avraam Linkolnning rafiqasi Meri Todd ham Amerikadagi fuqarolar urushi paytida qimmatbaho bazm libosi sotib olgani uchun jamoatchilik tomonidan tez-tez tanqid qilingan. Raisa Gorbachyovaning chet eldan keltiriladigan kostyumlari ham doimiy moliyaviy qiyinchilik va yetishmovchiliklarni boshdan kechirayotgan sovet xalqini taajjubiga sabab bo‘lgan.
Bu borada Melaniya Trampni ham boriga qanoat qiladigan ayol deb bo‘lmaydi. Ommaviy axborot vositalari 2950 dollarlik Delpozo libosidagi “Hech bir bola och qolmasligi kerak” degan so‘zlarni aytishdan uyalmagan birinchi xonimni uzoq vaqt muhokama qildi. Melaniyaning 25 karatli olmos uzugi, shuningdek, 2017-yilda Sitsiliyada bo‘lib o‘tgan “Katta yettilik” sammitida kiygan Dolce & Gabbana’ga tegishli 51 ming dollarlik paltosi ham turli muhokamalarga sabab bo‘ldi.
O‘rinli kiyinish
Birinchi xonimlarning kundalik jadvali turli tadbirlarni qamrab oladi: ish yuzasidan uchrashuvlar, diplomatik safarlar, ijtimoiy, xayriya va madaniy loyihalar va albatta, kechki ziyofatlar. Agar erkaklar uchun dres-kod deyarli har doim yuqori sifatli shim kostyum bilan cheklansa, siyosatchilarning xotinlari vaziyatga mos obraz tanlash uchun anchagina bosh qotirishlariga to‘g‘ri keladi.
Garchi yuqorida Hillari Klinton va uning qimmatbaho kostyum-shimlari haqida gapirgan bo‘lsak-da, bu borada Melaniya Trampni o‘rinsiz kiyinish bo‘yicha rekordchi deb atash mumkin. AQShning birinchi xonimi 2017-yilda ro‘y bergan “Xarvi” to‘fonidan keyin mahalliy aholini qo‘llab-quvvatlash uchun Texasga 12 santimetrli poshnali tuflida kelib, amerikaliklarni hayratda qoldirgan.
Bundan tashqari, Melaniya immigrant bolalar yashaydigan bolalar uyiga tashrif buyurganida “Umuman olganda, menga farqi yo‘q” yozuvi tushirilgan kurtka kiyib olgan. Amerika Qo‘shma Shtatlari birinchi xonimining bunday tanlovi katta shov-shuvga sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, jamoatchilik bilan aloqalar rahbari: “Bu shunchaki kurtka, xolos”, degan izoh bilan cheklangan.
Chekish mumkin emas
Yomon odatlarni targ‘ib qilish, albatta, birinchi xonimning vazifalari ro‘yxatida yo‘q. Mantiqan o‘ylab qaralganda ham siyosatchilarning xotinlarini sigaret chekayotganida tutib olish deyarli imkonsiz. Shunga qaramay, siyosat olamining o‘z vaqtida zamonaviy ziyolisi hisoblangan Jaklin Kennedi 12 yoshidan boshlab 2-3 quti sigaret chekkan, hatto homiladorlik paytida ham bu zararli odatini tashlamagan. Gap shundaki, sigaretalar AQShning birinchi xonimiga stress va semirish bilan kurashishda yordam bergan. Lekin har qanday rasmiy tadbirda fotosuratchilarga uning imijiga putur yetkazmaslik uchun prezidentning rafiqasini qo‘lida tamaki tutgan holda suratga olish qat’iyan man qilingan.
“Qirollik” odobi
Birinchi xonimlar bilishi shart bo‘lgan yana bir narsa — bu qirolicha qabulida amal qilinadigan odob-axloq qoidalaridir. Darhaqiqat, ushbu tadbir davomida ommaviy axborot vositalarining o‘tkir nigohlari prezident rafiqalarining har bir harakatiga, libosidagi detallarga va hatto yuz ifodalariga qaratiladi. Eng qiziq tomoni shundaki, hazrati oliyalari bilan uchrashganda amal qilish shart bo‘lgan axloq qoidalarining aniq ro‘yxati mavjud bo‘lib, ularni eslab qolish oson. Ammo bu haddan tashqari hissiyot bilan bog‘liqmi yoki bunday voqea paytida hayajonlanish muqarrar holmi — har holda bunday vaziyatlarda birinchi xonimlar baribir xatoga yo‘l qo‘yadi. Qirolicha bilan muloqot qilishdagi eng muhim qoida — unga qo‘l uzatmaslik, uning o‘zi birinchi bo‘lib qo‘l uzatgan bo‘lmasa, albatta. Mishel Obamaning qirolichani orqa tomondan “quchoqlagan” holatini esa muhokama qilmagan odam qolmagan hisob. O‘shanda Yelizaveta II qirolichaga xos bo‘lgan oliyjanoblik va donolik bilan, qulay va do‘stona muhitni saqlagan holda o‘zini prezident rafiqasining xatosiga e’tibor bermagandek tutgan.
Bundan tashqari, “qirollik odobi”ning yana bir nechta standart qoidalari bor: qirolichaga yuz o‘girish va uni suratga olish odobsizlik hisoblanadi. An’anaga ko‘ra, uchrashuv paytida hazrati oliyalari har doim tashabbusni o‘z qo‘liga oladi: u birinchi bo‘lib salomlashish uchun qo‘l cho‘zadi, hammadan avval o‘tiradi, suhbatni ham birinchi boshlaydi. Qirolicha bilan uchrashuvda “Qirol nutqi” filmining mashhur epizodida aniq ko‘rsatilgandek, tilingizga ehtiyot bo‘lib, avval “hazrati oliyalari” deb gap boshlashingiz, keyin esa “xonim” deb murojaat qilishingiz kerak.
“Birinchi xonimlar klubi” yoki ayollar birdamligi
Odatda birinchi xonimlarning bir-birlari bilan diplomatik munosabatlari erlari o‘rtasidagi siyosiy “do‘stlik”dan kam bo‘lmaydi. Rasmiy tadbirlarda ular do‘stona bo‘lishi, suhbatni davom ettira olishi, bir-biriga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi va “hamkasbini” qiyin ahvolga solmasligi kerak. Masalan, Melaniya Tramp turmush o‘rtog‘ining inauguratsiyasini nishonlash chog‘ida AQShning sobiq birinchi xonimi Mishel Obama sovg‘a keltirganida uni juda chiroyli kutib olgan. Ammo o‘sha lahzada Mishelning shoshib, sovg‘ani qayerga qo‘yishni bilmay noqulay vaziyatda qolganini ko‘pchilik yaxshi eslaydi, chunki an’anaga ko‘ra, ular birgalikda suratga tushishi kerak edi, tabiiyki, bunday vaziyatda sovg‘a ortiqcha. Shu tufayli Mishel katta tanqidga uchragan bo‘lsa-da, odob-axloq qoidalari bo‘yicha mutaxassislar bunday vaziyatga oldindan tayyor bo‘lib, bu kabi noqulaylik yaratmasligi kerak bo‘lgani uchun Melaniyani ayblashgan.
Bunday xatolardan Mishel ham xoli emas. 2013-yilda u Xitoyning birinchi xonimi Peng Liyuanga nisbatan o‘zini juda yomon tutgan, hatto haqoratli munosabatda bo‘lgan: Mishel oxirgi lahzalarda Kaliforniyada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan AQSh—Xitoy sammitiga kelishdan bosh tortgan. Xitoyning birinchi xonimiga sammit davomida hamrohlik qilishga oldindan va’da bergan Mishel birdaniga qizlari bilan Vashingtonda qolishini e’lon qilgan. Xitoy tomoni bu xabarni juda yomon qabul qilgan, chunki Peng Liyuan amerikalik “hamkasbi” bilan uchrashishni anchadan beri kutardi. “Mishel (Obama) Si Szinpin oilasiga do‘stona munosabatda bo‘lmasligi mumkin yoki haqiqatan ham uning boshqa muhim ishlari bordir. Ammo band bo‘lish bunday tadbirni o‘tkazib yuborish uchun bahona bo‘lolmasdi”, — deya o‘z fikrini bildirgan Xitoy vakili.
Birinchi xonim, shuningdek, mamlakatida bo‘lib turgan xorijiy davlatlar rahbarlarining rafiqalariga hamrohlik qilishi lozim. 2017-yilda Melaniya Tramp Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe va uning rafiqasi Akie Abe bilan Oq uyga tashrif buyurganida bu an’anani ochiqchasiga buzdi. U Akie bilan faqat Vashingtonga kelganida uchrashgan, lekin shahar bo‘ylab rejalashtirilgan sayohatlar paytida Melaniyani vazirning rafiqasi bilan birga ko‘rishmagan.
Yaxshi kayfiyatda bo‘lish
Har qanday tuyg‘ularni, ayniqsa, salbiy hislarni yashirmaslik prezident rafiqalari uchun o‘ta odobsizlik hisoblanadi. Hamma turlicha fe’l-atvorga ega, lekin birinchi xonimlarning xulqi haqida gap ketganda, hatto “bir zumda yonib ketuvchi” xarakter egasi ham bu masalada o‘z ustida ishlashi shart. Masalan, Melaniya Tramp Saudiya Arabistoniga bo‘lgan diplomatik tashrif chog‘ida mahhaliy aholida yomon tasssurot qoldirgan. O‘sha paytda Qo‘shma Shtatlarning sobiq birinchi xonimi jahl qilgan holda qo‘lini eridan keskin tortib olganini aytmasa, aytarli hech narsa bo‘lmagan. Ammo shu harakati bilan turmush o‘rtog‘iga hurmatsizlik qilgani muhakamalarga sabab bo‘lgan.
Ammo Isroil bosh vazirining rafiqasi bu borada Melaniyani ortda qoldirishga ulgurgan. Sara Netanyaxuning harakatlarini kuzata turib, bunday etiket qoidalari u uchun bir tiyinlik ahamiyatga ega emasligini tushunish qiyin emas. Misol uchun, Ukrainaga tashrifi chog‘ida Sara karavay nonining bir bo‘lagini hammaning ko‘z oldida tashlab yuborgan. Ammo keyinroq siyosatchining rafiqasi non bo‘lagini tasodifan tushirib yuborganini da’vo qilib, vaziyatdan chiqib ketgan bo‘lsa-da, juftlikni Ukrainaga olib borgan samolyot kapitani bilan bo‘lgan mojarosi haqidagi mish-mishlar Saraning yomon fe’li haqidagi taxminlarni tasdiqlaydi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur janjalga vazir rafiqasining samolyot ekipaji uni yaxshi kutib olmagani sabab bo‘lgan.
Mamlakatlar madaniyatini bilish
Diplomatik safarlar paytida, ayniqsa, G‘arb urf-odatlariga o‘xshamaydigan mamlakatlarga tashrif buyurganda birinchi xonimlarning kiygan libosi, taqqan aksessuarlari siyosiy va madaniy nuqtayi nazardan sinchkovlik bilan diqqat markazda bo‘ladi. Masalan, Saudiya Arabistoniga tashrif buyurgan Mishel Obamaning boshi ochiqligi mahalliy aholini qattiq g‘azablantirgan — hatto Twitter’da “Mishel Obama odobsiz” xeshteglari paydo bo‘lgan ham. Aslida AQSh birinchi xonimining kiyimi diplomatik protokolga va G‘arb ayollarining Saudiya Arabistoniga tashrifining odatiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa-da, Mishel va uning maslahatchilari musulmon mamlakat madaniyatini hurmat qilishi kerak edi. 2017-yilda Melaniya Tramp AQShning sobiq birinchi xonimidan o‘rnak olib, Ar-Riyod safarida ro‘mol o‘rashdan bosh tortdi. Albatta, bu voqeani ommaviy axborot vositalari ham e’tiborsiz qoldirmadi, lekin hozirda bunday holatlar tez-tez sodir bo‘lmoqda va bu musulmon mamlakatlarida ayollar erkinligini cheklaydigan qat’iy qoidalarga qarshi o‘ziga xos norozilikka aylanib bormoqda. Salbiy reaksiyaga qo‘shimcha ravishda Melaniyaning bu harakati butun dunyodagi ko‘plab ayollarning qo‘llab-quvvatlashiga sazovor bo‘ldi.
Kalta yubka va yelkasi ochiq libos kiymaslik
Mashhur siyosatchilarning ayollari qaddi-qomatlarini ochiqdan ochiq omma oldida ko‘rsatmasliklari aniq va oson bajariladigan talab kabi ko‘rinadi. Biroq bu qoida birinchi xonimlar tomonidan muntazam ravishda buziladi. AQShning 4-prezidenti Jeyms Medisonning rafiqasi Dolli Medison haddan ortiq ochiq liboslari uchun muntazam ravishda tanqid ostiga olingan. Eleanor Ruzvelt cho‘milish kiyimida suratga tushgan “ilk” birinchi xonim edi, bu ayniqsa o‘sha paytda dadil va provokatsion harakat sifatida qaralgan. Mishel Obamaning 2009-yilda Buyuk Kanyonga sayohati paytida kalta shortida namoyon bo‘lishi jamoatchilikning haqiqiy noroziligiga sabab bo‘lgan. Keyinchalik sobiq birinchi xonim bu uning eng katta xatolaridan biri ekanini tan olgan.
Papaning “qora” qoidasi va “oq imtiyoz” kimlarga berilgan?
Hech kimga sir emaski, Vatikan o‘ziga xos yozilmagan qoidalariga ega. Unga ko‘ra, Papa bilan uchrashuvda ayollarga kamtarona qora kiyim kiyish tavsiya etiladi: uzun yengli ko‘ylak, shuningdek, boshini sharf, to‘r yoki shlyapa bilan yopgan ma’qul. Garchi bir muncha vaqtdan beri Papa atrofidagilar uchun bu qoidalar unchalik qattiq bo‘lmagan bo‘lsa ham, birinchi xonimlar tomonidan yuz beradigan eng kichik xatolik ham katolik cherkovi va Papaga nisbatan hurmatsizlik sanaladi. Misol uchun, 2018-yilda Fransiyaning birinchi xonimi Brijit Makron Papa Frensis qabulida bo‘lganida bir amallab “qora” dres-kod kiygan bo‘lsa-da, boshini yopishni unutib, xato qilgan, natijada Makronning rafiqasi ommaviy axborot vositalarining bosh mavzusiga aylangan.
Ta’kidlash joizki, AQShning birinchi xonimi bu an’anani buzmagan. Vatikandagi uchrashuvda kiyinish uslubi bo‘yicha taniqli Melaniya Tramp va prezidentning qizi Ivanka boshlarini qora to‘r bilan yopgan holda juda nafis ko‘ringan.
Qizig‘i shundaki, “qora” qoidada ayrimlar uchun alohida istisnolar ham mavjud: ba’zi katolik mamlakatlarning qirollik oilalari a’zolari Papa bilan uchrashganda oq kiyimda kelish huquqini beruvchi — “oq imtiyoz” (fransuzcha Privilège du blanc)ga ega. Bunday istisno Ispaniya qirolichalari (Sofiya va Letitsiya), Belgiya (Matilda va Paola), Lyuksemburg oliy gersogi Mariya Tereza, Neapol malikasi Marina va Monako malikasi Sharlin uchun amal qiladi. Albatta, bunday imtiyoz hamma uchun emas. Shu sababli ham 2006-yilda Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Toni Blyerning rafiqasi Cheri Blyerning Papa Benedikt XVI qabuli vaqtida oppoq kostyum kiygani atrofdagilarning keskin tanqidiga sabab bo‘lgan.
Qoidalarni qachon buzish mumkinligini ham bilish kerak
Boshqa qoidalar singari odob-axloq qoidalari ham istisnolar va qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yadi, chunki ularning ba’zilari eskirgan. Bundan tashqari, ayrim hollarda protokolga rioya qilmaslik buzilgan qoidadan ko‘ra ko‘proq ma’no va foyda keltirishi mumkin, ayniqsa, ijtimoiy masalalarda. Garchi bu oson ish bo‘lmasa-da, birinchi xonim tomonidan to‘g‘ri amalga oshirilgan protokolga qarshi “jinoyat” nafaqat jamoatchilikdan ijobiy javob olishi, balki bir zumda erining siyosiy reytingini ko‘tarishi ham mumkin.
Misol uchun, bir vaqtlar Nensi Reygan Vatikan protokolini buzishi mumkinligini o‘ylab ham o‘tirmay, Papa Ioann Pol II dan to‘g‘ridan to‘g‘ri giyohvandlikka qarshi kurashish bilan shug‘ullanishni so‘ragan. O‘shanda hech kim AQShning birinchi xonimini qoidani buzganlikda ayblashga jur’at eta olmagan. Xuddi shunday vaziyat Braziliya birinchi xonimi Mishel Bolsonaro turmush o‘rtog‘ining inauguratsiyasida imo-ishora tilida gapirib, protokolga qarshi chiqqan. Bunday harakati bilan Mishel eshitish qobiliyati cheklangan odamlarning huquqlarini faol qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatdi va jamoatchilikdan juda iliq javob oldi. “Bu saylovlar ilgari eshitilmaganlarga ovoz bo‘ladi. Braziliyaliklarga tinchlik, xavfsizlik va farovonlik kerak. Bu hamma hurmat qiladigan mamlakat bo‘ladi”, deb va’da berdi prezidentning rafiqasi. Saylov paytida Mishel erining saylovoldi materiallarini imo-ishora tiliga tarjima qilgan, bu Jairning g‘alabasida muhim rol o‘ynagan.
Mavzuga doir:
- Afsonani xotirlab: “Temir xonim” — Margaret Tetcher kiyinish uslubida nimalarga e’tibor bergan? (foto)
- Zamonamiz Zolushkasi: Bir vaqtlar Apple kompaniyasiga ishga olinmagan Iordaniya malikasi Raniya al-Abdulla hikoyasi
- Qatar ayollariga huquqlarini qaytarib bergan birinchi xonim — shayx Moza hikoyasi
- Jill Bayden o‘qituvchilikka qaytdi. Tarixda birinchi marta AQSh prezidentining rafiqasi Oq uy tashqarisida ishlaydi
- To‘rtinchi qavatdagi kvartira va tvorog uchun navbat: 66 yoshli Germaniya kansleri Angela Merkel qanday yashaydi?
- “Temir xonimlar”: Siyosiy karyerasini oiladan ustun qo‘ygan mashhur ayollar (foto)
Izoh (0)