Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida 20-oktabr kuni qayta ta’mirlangan sobiq “Bobur” madaniyat va istirohat bog‘i “Do‘stlik” nomi bilan foydalanishga topshirildi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Ma’lum bo‘lishicha, bog‘ning ochilish marosimida Toshkent shahar hokimligi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi xodimlari, turli millat vakillari ishtirok etgan. 12 gektarli bog‘da sport maydonlari, kutubxona va bolalar maydonchalari qurilgan. Hududda 5 ming tupga yaqin daraxt ekilib, 2 ta suv havzasi ta’mirlangan, deya xabar qildi O‘zA.

“UzReport”ning xabar berishicha, bog‘da avtodrom maydoni, Urban park maydonchasi, aholi uchun piyoda yurish, yugurish yo‘laklari, yangi 2 ta zamonaviy mini futbol stadioni hamda yozgi kinoteatr tashkil etilgan.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Rekonstruksiya avvalida fuqarolar va jurnalistlar bilan bog‘ning qurilishdan keyingi ko‘rinishi bo‘yicha maslahatlashib olingan. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqda ham sahifa ochilgan va majmua aholining talab-istaklari asosida qurib bitkazilgan. Hududda skeyt uchish maydoni, veloyo‘laklar va shahmat-shashka o‘yinlari tashkil etilgan, deb xabar berdi “O‘zbekiston 24”.

Foto: Toshkent shahar hokimligi

Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 24-yanvar kuni Respublika Baynalminal madaniyat markazi 25 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda “Bobur” bog‘ini “Do‘stlik” bog‘i deb qayta nomlashni taklif qilgandi.