2000-yillarning boshlarida Brendan Freyzer Gollivudning eng istiqbolli aktyorlaridan biri hisoblanardi. Hammamiz u ijrosidagi “Junglidan kelgan Jorj” komediyasidagi kelishgan yovvoyi yigitni va “Mo‘miyo” blokbasteridagi jasur Rik O’Konnellini juda yaxshi eslaymiz. Lekin keyinchalik to‘satdan aktyor katta ekranlarda ko‘rinmay qoldi. Bugun ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bir paytlar mashhur bo‘lgan Freyzer bilan nima sodir bo‘lgani haqida qiziqmoqda. Shu sababli AdMe nashrining sevimli aktyorning hayoti va ijodi haqidagi maqolasini tarjima tariqasida taqdim qilamiz.

Brendan Jeyms Freyzer AQShda tug‘ilgan. Onasi savdo bo‘yicha maslahatchi, otasi esa tashqi ishlar xizmati xodimi bo‘lgan. Brendan 1990-yilda Kornish san’at kollejini tamomlagach, Gollivudga ko‘chib o‘tadi. Aktyorlik karyerasini boshlashdan oldin u turli ishlarda, shu jumladan, univermagda jonglyor bo‘lib ishlaydi.

Freyzer asosiy rolni o‘ynagan birinchi film “Muzlagan kaliforniyaliklar” bo‘lib, bu film 90-yillarda Los-Anjelesda muzdan erigan neandertalning sarguzashtlari haqida edi. Ko‘pgina tanqidchilar komediyani ahmoqona deb hisoblashgan, film reytingi ham shunga yarasha past bo‘lgan. Shundan keyin Freyzer “Maktab rishtalari”, “Kallavaramlar” va “Qorong‘i tushdan keyin” kabi unchalik mashhur bo‘lmagan filmlarda bir nechta asosiy rollarni o‘ynaydi.

Foto: AdMe

Haqiqiy shuhrat aktyorga 28 yoshida — 1997-yilda ekranlarga chiqqan “Junglidan kelgan Jorj” filmi orqali kelgan. Chakalakzorda katta bo‘lgan, liana poyalarida mohirlik bilan harakatlanadigan va gorillalar bilan do‘st bo‘lgan yovvoyi yigitning sarguzashtlari haqidagi bu film butun dunyo tomoshabinlarini o‘ziga jalb qilib, kassada 174 million dollar yig‘adi.

Ushbu filmning suratga olish ishlari boshlanishi bilan Brendan maxsus diyetaga amal qila boshlagan va olti oy davomida har kuni sport bilan shug‘ullangan. Aktyor filmdagi xavfli sahnalarni o‘zi ijro etgan: “Bir marta meni 18 metr balandlikka ko‘tarishgan, undan 48 km/soat tezlikda tushishim kerak edi, ammo bu jarohatlarsiz bo‘lmagan”, — deb eslaydi aktyor.

Foto: AdMe

Ko‘pchilik Brendanni “O‘tmishdan portlash” komediyasi orqali yaxshi eslaydi, mazkur filmda aktyor yerto‘lada tug‘ilib o‘sgan va 35 yoshidagina ko‘chaga chiqqan inson rolini o‘ynagan. Garchi kartina tanqidchilardan turlicha baho olgan bo‘lsa-da, ko‘pchilikning sevimli filmiga aylangan. Shunga qaramay, Freyzerning aktyorlik qobiliyati bir necha bor e’tirof etilgan, masalan, “Xudolar va maxluqlar” filmi chiqqandan so‘ng, bir tanqidchi hatto: “Tan olinmagan aktyor, lekin ajoyib ijro” deb ta’kidlagan.

Foto: AdMe

Brendan uchun eng omadli davr — 1999-yil bo‘lib, Stiven Sommers “Mo‘miyo” sarguzasht filmiga rejissorlik qilgan paytga to‘g‘ri keladi. Dastlab rol Tom Kruz, Bred Pitt va Ben Afflekka taklif qilingan, biroq rejissor va prodyuser “Junglidan kelgan Jorj” komediyasini ko‘rgach, Brendan Freyzerdan boshqa hech kim jasur sarguzashtchi Rik O’Konnell roliga tushmasligiga amin bo‘lishgan. Suratga olish ishlari qum bo‘ronlari, chidab bo‘lmas jazirama va zaharli ilonlar jamoaning ishiga to‘sqinlik qilgan Marokash va Sahroyi Kabirda bo‘lib o‘tadi.

Shunday qiyinchiliklarga qaramay kartina eng omadli kassabop filmga aylanadi va bugungi kunda ham u 90-yillarning asosiy blokbasteri hisoblanadi.

Foto: AdMe

“Mo‘miyo” filmi chiqqandan so‘ng, darhol Brendan bosh rollarda o‘ynagan bir nechta filmlar paydo bo‘ladi. Ammo mehribon otliq politsiyachi haqidagi “Adolatli Dadli” komediyasi tanqidchilar noroziligiga sazovor bo‘lib, ijodkorlarga faqat zarar keltiradi.

2001-yil boshida “Maymun suyaklari” fantastik komediyasi ekranlarga chiqdi va u butunlay muvaffaqiyatsizlikka uchradi: film 75 million dollarlik budjet bilan butun dunyo bo‘ylab 7 million dollar yig‘a oldi xolos.

Foto: AdMe

2001yilda “Mo‘miyoning qaytishi” filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi, u tanqidchilar tomonidan turlicha baholandi, lekin yaxshigina kassa yig‘a oldi. Keyinchalik budjetini qoplay olmaydigan bir nechta filmlar chiqarildi va faqat tanqidlarga uchradi.

“Men o‘zimni Oruellning “Molxona” asaridagi hayvonlar fermasida ishlaydigan otdek his qilardim, uning hayoti ishlash, ishlash va ishlashdan iborat edi”, — deb eslaydi aktyor.

Shu orada aktyor ruhiyatiga ta’sir qilgan noxush voqea yuz berdi: Brendan qaysidir obro‘li kishiga yoqmay qoldi va Gollivuddagi karyerasi cheklana boshladi. Aktyorning so‘zlariga ko‘ra, u o‘sha paytda tushkunlikka tushib, kinoni tark etishga ham qaror qilgan.

Foto: AdMe

Shu bilan birga, aktyorning oilaviy hayoti ham silliq kechmagan. U bo‘lajak rafiqasi, aktrisa Afton Smit bilan 1993-yilning yozida Vaynona Rayderning uyidagi barbekyuda tanishib qolgan. Ular 1998-yilda turmush qurishadi, 9 yillik turmushi davomida 3 o‘g‘il farzand — Griffin, Xolden va Lelandning ota-onasi bo‘lishadi. Bir intervyuda er-xotin to‘ng‘ich o‘g‘li Griffinga autizm tashxisi qo‘yilganini ham aytib o‘tgan.

2007-yilda Brendan va Afton ajralishga qaror qilishganini e’lon qilishdi. Hozirda farzandlar onasi bilan yashaydi, lekin aktyor bo‘sh vaqtini ular bilan o‘tkazadi.

Foto: AdMe

2000-yillarning oxiriga kelib, aktyor muvaffaqiyatli kino karyerasini tiklagandek bo‘ldi. “Mo‘miyo: ajdaho imperatori maqbarasi” filmining suratga olish ishlari boshlandi. Film sujeti Brendanning qahramoni, rafiqasi va voyaga etgan o‘g‘li atrofida bo‘ladigan voqealarga asoslanadi.

Garchi film yaxshi daromad yig‘gan bo‘lsa-da, tanqidchilar va tomoshabinlar uni avvalgi ikki filmdek baholamadi. Bosh qahramon rolini o‘ynagan Reychel Vays o‘rnini boshqa aktrisa egalladi, suratga olish sahnasi Misrdan Xitoyga ko‘chdi, muhit keskin o‘zgarib ketdi va tomoshabinlarga umuman boshqa film namoyish etildi. Natijada 3-qism tugagandan so‘ng rejalashtirilgan 4-qism bekor qilindi va uning o‘rniga bosh rolni ijro etgan Tom Kruz bilan yangi versiya ustida ish boshlandi.

Foto: AdMe

Oradan bir muncha vaqt o‘tgach, deyarli unutilayozgan aktyorni seriallardan birida rejissor Denni Boyl payqab qoladi va o‘zining “Ishonch” loyihasida ishtirok etishga taklif qiladi. Keyin Stiven Soderberg aktyorni “Qaltis harakatlarsiz” nomli trilleriga chaqiradi.

Shu kunlarda 52 yoshli Brendan Freyzer o‘ynagan bir nechta film premyeralari bo‘lishi rejalashtirilgan, “To‘lin oy qotillari” triller filmi ham shular jumlasidan. “Men Skorseze, Leonardo Di Kaprio va Robert De Niro bilan ishlamoqchiman, ammo bundan biroz xavotirdaman”, — deydi Freyzer yaqinda TikTok’da o‘tkazgan video intervyusida. Suhbatdosh ko‘p odamlar uni qo‘llab-quvvatlashini aytganida, aktyor bir oz to‘xtagan va uyalib ketgan.

Foto: AdMe

Yaqinda yanada to‘lishib ketgan aktyorning omma oldida paydo bo‘lishi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in munozaralarga sabab bo‘ldi: “Brendan Freyzer “Junglidan kelgan Jorji”dan keyin o‘ziga e’tibor bermay qo‘yibdi”, deb taxmin qilishdi Twitter foydalanuvchilari. Gap shundaki, hozirda rejissor Darren Aronofskiyning “Kit” deb nomlangan yangi filmi suratga olinmoqda, unda Brendan bosh rolni o‘ynaydi. Sujetga ko‘ra, uning vazni 272 kg bo‘lgan qahramonni 17 yoshli qizi bilan munosabatlarni yaxshilashga harakat qiladi.

Foto: AdMe

Bugungi kunda Brendan Freyzerning yoshligidagi filmlarini eslaydigan muxlislar va tomoshabinlar aktyorni ijtimoiy tarmoqlarda har tomonlama qo‘llab-quvvatlab, unga karyerasini tezroq tiklab olishini tilab qolishadi.