Rossiyada mehnat muhojirlari yetishmayapti, chegaralar yopilib, mamlakatlar o‘rtasidagi muntazam reyslar bekor qilinishiga olib kelgan pandemiya boshlanishi bilan esa, muammo kuchaydi, xolos — amaldorlar bu haqda ko‘p marta gapirib o‘tgan. Masalan, 2020-yil qishida bosh vazir o‘rinbosari Marat Xusnullin pandemiya tufayli 1,5 million mehnat muhojiri Rossiyani tark etib, boshqa qaytib kelmaganini ta’kidlagandi. Shu yilning bahorida esa qurilish vaziri Irek Fayzullin qurilish sohasining o‘zidagina 1,2 million ishchi yetishmasligini ma’lum qildi va buni yaqin xorijlik quruvchilarning katta qismi jo‘nab ketgani bilan izohladi.
Ishchilar tanqisligini boshidan kechirayotgan qishloq xo‘jaligi vazirligi Rossiya temir yo‘llari bilan maxsus charter poyezdlarini ishga tushirishni muhokama qilmoqda, toki mamlakatga ishchilar kelsin deb. Jazolarni ijro etish federal xizmati esa muammoni yechishning boshqa usulini taklif qilib, muhojirlar o‘rniga mahbuslar mehnatidan faolroq foydalanishga chaqirdi.
Meduza Rossiya Federatsiyasi prezidenti huzuridagi Rossiya xalq xo‘jaligi va davlat xizmati akademiyasining migratsiya masalalarini o‘rganuvchi yetakchi ilmiy xodimi Yuliya Florinskaya bilan Rossiya iqtisodiyoti qanchalik darajada muhojirlar mehnatiga bog‘liqligi, Rossiyada ularning o‘tkir tanqisligi haqida ma’lum qilinayotgan (va juda turlicha bo‘lgan) raqamlarga ishonish-ishonmaslik va ushbu muammoni yaqin kelajakda hal qilish imkoniyati haqida suhbatlashdi.— Oxirgi vaqtlarda mehnat muhojirlari yetishmayotgani haqidagi yangiliklarni muntazam o‘qib turibmiz. Siz bu vaziyat bo‘yicha qanday fikrdasiz?
— Yangiliklar juda ko‘p axborot shovqinidan iborat, degan bo‘lardim. Bu ma’lum bir korxonaga ishchilar yetishmayotgan bo‘lishi mumkinligini rad etmaydi. Agar 2019-yil bilan qiyoslasak, hozir Rossiya hududidagi muhojirlar soni, taxminan, bir milliontaga kamroq. Masalan, kichikroq fermerlar mehnat muhojirlari, ayniqsa mavsumiy ishchilar hisobiga yashardi, endi esa ular ancha kamaygan, chunki Rossiyaga chiptalar juda qimmat… Bundaylarga (fermerlarga) qiyin bo‘ldi. Ular hatto hosilning bir qismidan ajralganini, chunki uni yig‘ib oladigan odam bo‘lmagani aytib shikoyat qildi.
Ayni paytda ishga tushirilgan, muhojirlarni olib kirish dasturlari fermerlar uchun amal qilmaydi, chunki ular juda mayda. Ammo muhojirlarga eng bog‘liq bo‘lib qolgan soha qurilish edi — u yerda barcha muhojirlarning chorak qismidan uchdan bir qismigacha ishlardi. Biz qurilishga goh ikki, goh besh million muhojir kerakligi haqida g‘alati bayonotlarni eshityapmiz — bosh vazir o‘rinbosari Xusnullinning turli bayonotlarida turlicha raqamlar keltirilmoqda. Buning ustiga, qurilishda hech qachon besh million muhojir ishlamagan. Shunday ekan, men bunga ancha skeptik (shubha bilan) munosabatdaman, chunki, hozir samarasiz boshqaruv oqibatidagi xarajatlarni qisman pandemiyaga yo‘yib, ishchilar tanqisligi masalasini juda oshirib ko‘rsatishmoqda.
Mavzuga doir: Rossiya qurilish maydonlariga 2024-yilga qadar 5 mln mehnat muhojirini jalb etish zarurligi ma’lum qilindi
— O‘z loyihalarini ilgari surish uchun doim vaziyatni aslidan ko‘ra murakkabroq qilib ko‘rsatish kerak. Axir yetishmovchilik faqat ishchilar yo‘qligi bilan emas, balki bu yerda bor bo‘lgan ishchilar qurilishdan ishi yengilroq bo‘lgan va yaxshiroq pul to‘lanadigan boshqa sohalarga o‘tib ketayotgani bilan ham izohlanadi. Ya’ni masala faqat bu yerda mehnat muhojirlari kamayganida emas. Gap shundaki, muhojirlar ommaviy ravishda xizmat ko‘rsatish sohasiga — kuryerlikka, taksichilikka o‘tib ketishni boshladi.
Endigina kirib kelgan yangi muhojirlar balki bu bilan shug‘ullanishga tayyordir, lekin ular hozir kamroq, chunki haftasiga bor-yo‘g‘i bir-ikkita samolyot uchadi, chiptalar ham o‘ta qimmat. “Eski” muhojirlar esa, xuddi Rossiya fuqarolari kabi, yaxshiroq maosh to‘lanadigan va yengilroq mehnat talab qilinadigan ishga o‘tishni xohlaydi. Ehtimol, maosh uch karra oshirilganida, qurilishga ko‘proq odam kelgan bo‘lardi, lekin ular bunday oyliklarni qayerdan olsin? Qurilish sohasida bunday daromadlar yo‘q. Shuning uchun muammo bor, ammo u faqatgina mehnat muhojirlari soni keskin pasayganiga bog‘liq emas. Va uni ovoza qilinayotganidek muhojirlarni ommaviy olib kirish hisobiga hal qilib bo‘lmaydi.
— Qurilish va Xusnullin uchun qanday yechim qolmoqda?
— Ehtimol, iloji boricha jarayonlarni qaytadan qurish, qandaydir texnologiyalarni joriy qilish kerak. Ishchilarni qandaydir imkoniyatlar hisobiga ushlab qolishni bilish kerak. Bu muammo anchadan buyon bor. Qurilishda ishlagan rossiyalik ishchilar qarib qoldi, yangilari esa bu sohaga kirishni istamaydi. Yoshlar bunday og‘ir mehnat bilan shug‘ullanishni mutlaqo xohlamayapti. Katta sonli ishchilarni, shu jumladan, qora mehnat uchun, qayerdan topishsin.
Rossiyada ishchilarning behisob zaxirasi borligi, ular ishga chaqirishlarini kutib qayerdadir o‘tirgani haqidagi tasavvur — haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. 2007-yildan buyon mehnatga layoqatli aholi ancha keskin kamaygan. 2019-yilga kelib, ularning soni qariyb 10 millionga — 90 milliondan 82 milliongacha tushib ketgan. So‘ng pensiya yoshi oshirilishi hisobiga biroq “qo‘shilish” bo‘ldi, hozir esa yana pasayish bo‘lyapti, kovid, o‘lim darajasining yuqoriligi sababli. Ish bilan bandlar soni oshmayapti, bunday o‘sish uchun zaxiralarning o‘zi yo‘q.
Boshqarma xodimlari, kelib barcha chet elliklarning o‘rnini bosadigan ichki muhojirlar bor, deb aytishni yaxshi ko‘radi. Biroq ichki muhojirlar shundoq ham xorijliklar ishlaydigan hududlarda ishlamoqda. Kichik shaharlardagi ishchilarning o‘z o‘rnini tark etib, Moskvaga ishlashga kelishi esa imkonsiz, chunki bunday sharoitlarda, oilasidan uzoqda yashashga hamma ham tayyor emas. Oilasi bilan ko‘chib kelishni esa faqat malakali va katta maosh oluvchi mutaxassislargina o‘ziga ep ko‘rishi mumkin.
Aholining muayyan bir qismi bu bilan (ichki migratsiya bilan) shug‘ullanadi, ular unchalik kam emas — kami bilan hisoblaganda ikki milliondan ziyod; ular kemada posbonlik qilish uchun Shimolga, Yamal Nenetslari muxtor okrugiga, Xanti-Mansiysk okrugiga, mavsumiy ishchilar sifatida Krasnodar o‘lkasiga hamda Moskvaga, Sankt-Peterburgga boradi.
Aynan ichki muhojirlar masalan, Moskvada ko‘proq. Agar pandemiyaga qadar Moskvada chet ellik muhojirlar qariyb bir million bo‘lgan bo‘lsa, ichki muhojirlar — 1,4 million kishi bo‘lgan. Lekin, misol uchun, Moskvada qo‘riqchi bo‘lib ishlaydigan ichki muhojirlar, hatto kattaroq maosh to‘lansa ham, qurilish sohasiga kirmaydi, chunki bu kun bo‘yi postda o‘tirishdan ko‘ra ancha katta mehnat talab qiladi.
Zamonaviy farovonliklarning ko‘pchiligi — ancha-muncha arzon uy-joy, hamyonbop taksi, bepul yetkazib berish xizmati — shularning barchasi muhojirlarning arzon mehnatiga tayanadi, deb aytish mumkinmi?
2013-yilda biz so‘rov o‘tkazdik — moskvaliklardan chet ellik muhojirlarning qanday yomon tomoni borligi haqida so‘radik. Ular maoshlarni sun’iy pasaytirib, tushirib yuboryapti, degan javob bo‘ldi. Keyin biz ularning yaxshi tomoni haqida savol berdik. Ularni ishlatish arzonroq, ularni yollashga qurbimiz yetadi, degan javob oldik.
Lekin umuman olganda, demping (sun’iy tarzda arzonlashtirish, o‘rtacha narxdan past narxda sotish) haqidagi da’volar endi uncha adolatli emas. Bir tomondan, Rossiyadagi chet elliklar mehnat taklifini oshirmoqda va shuning evaziga ham rossiyaliklar, ham xorijliklar bor bo‘lgan sohalarda maosh saqlanib turibdi. Ikkinchi tomondan esa iste’molchi to‘lashga tayyor bo‘lgan narxning tabiiy cheklovi bor. Axir biz taksi arzonlashganidan keyin undan shunday faol foydalanishni boshladik.
Ha, ehtimol, bu sohalardagi maoshlar yuqoriroq bo‘lishi kerakdir. Ham muhojirlar, ham rossiyaliklar uchun. Chunki ular qanday sharoitda ishlaydi — Mehnat kodeksi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Ular himoyalangan bo‘lishini xohlaymiz, ammo biz ham iste’molchilar sifatida uch barobar qimmat to‘lashga tayyor emasmiz.
— Volgograd viloyatida sabzavotlar narxi keskin oshib ketganida, fermerlar buni muhojirlar yetishmasligi bilan izohladi. Bu yetishmovchilik narxlar o‘sishiga aslida qanchalik ta’sir qiladi?
— Ishchilar tanqisligi qanchalik yuqori bo‘lsa, qolganlarni ushlab qolib, yetishmayotgan ishchilarni jalb qilish uchun maoshlarni shunchalik oshirishga to‘g‘ri keladi. Maosh esa mahsulotning yakuniy narxiga qo‘shiladi. Lekin uning ulushi aynan qanchaligini ayta olmayman, bu qaysi sohaligiga bog‘liq. Nima bo‘lganda ham uning ulushi kichik emas.
— Sizga hamkasb bo‘lgan tadqiqotchilarning muhojirlar yetishmasligi bilan bog‘liq bu muammolarning barchasi yaqin yillar ichida yuzaga chiqishi shundoq ham muqarrar bo‘lgani, pandemiya esa bizga kelajakda nima xavf solishini ko‘rsatib beruvchi trigger, stress-test ekani haqidagi fikrlarini o‘qigandim.
— Ha, bunday qandaydir darajada trigger. Shu narsa tushunarliki, postsovet mamlakatlaridan migratsiya chek-chegarasiz emas. Bizda MDHning g‘arbiy mamlakatlari — Moldova, Ukrainadan migratsiya keskin kamayib bo‘ldi. Aslida hozirgi mehnat migratsiyasining to‘rtdan uch qismi O‘rta Osiyoga — O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonga to‘g‘ri keladi. Bu yanada oshadi. Bu migratsiyani kamaytirib, boshqasini oshirish mumkinligi haqidagi hamma fikrlar hech narsaga asoslanmagan. Haqiqatda bu mumkin emas.
U (immigratsiya odamlar majmui sifatida) qancha uzoq bo‘lsa, madaniy jihatdan ham shunchalik uzoq bo‘ladi, ular rus tilini yomonroq bo‘ladi. Ha, bu muammolar muqarrar mavjud bo‘ladi, hech qayerga ketmaydi. Va ko‘k ko‘zli slavyan muhojirlar yoki qandaydir professorlar haqida orzu qilmaslik kerak. Migratsiya mana shunaqa, qora ishchilarni biz boshqa joydan ololmaymiz. Shularning o‘zi ham yetishmayapti. Bu O‘rta Osiyo migratsiyasi 2030-yillargacha yetarli bo‘ladi. Agar pandemiya va unga bog‘liq barcha cheklovlarga barham berilsa, chegaralar ochilsa, unda 2019-yilgi darajani ushlab turish mumkin.
— 2030-yildan keyin nimani kutish kerak?
— Bu Rossiyada qanday vaziyat bo‘lishiga, uning iqtisodiyoti qanday ahvolda bo‘lishiga bog‘liq bo‘ladi. U O‘rta Osiyo fuqarolari uchun jozibali bo‘lib qolar ekan, jiddiy alternativ (boshqa yo‘l)lar yo‘q, ammo hamma narsa asta-sekinlik bilan rivojlanadi. Ular Turkiya, Qozog‘iston, Koreya, Xitoy, BAA kabi boshqa mehnat bozorlariga chiqishga intiladi. Hozircha bu Rossiyaga kelayotgan millionlab odamlarga qiyoslab bo‘lmaydigan kichik daryochalar. Lekin hali oradan yana o‘n yil ham o‘tadi. Oyliklardagi farq qanchalik kam bo‘lsa, Rossiyadagi sharoitlarga kelishga shunchalik kam mehnat muhojirlari rozi bo‘ladi. Axir ularga nisbatan munosabat shunday: siz hamma soliqlarni to‘lab qo‘ygansiz, bu yerda qonuniy maqomga egasiz, bu yerda ishlaysiz, lekin baribir istalgan vaqtda sizni qo‘lga olishlari va quvib chiqarishlari mumkin.
— Turkiya va Qozog‘istonda bu boradagi vaziyat yaxshiroqmi?
— Hozircha ularning bozori bunday migratsiya uchun yetarli darajada sig‘imdor emas. Ammo Qozog‘istonda xuddi shu qirg‘izlar ksenofobiya (begona, notanish odamlardan nafratlanish) muammosiga kamroq uchrashi aniq, deb o‘ylayman. Shunday bo‘lsa-da, qirg‘izlar Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilganidan buyon ularning Rossiyaga kelishi juda qulaylashdi, Qirg‘izistondan migratsiya o‘sdi. Ular O‘zbekiston va Tojikistondan kelgan muhojirlardan farqli o‘laroq, patent sotib olishi shart emas. Qirg‘izistonda rus tili bo‘yicha bilim yaxshiroq, u maktablarda o‘qitiladi. Lekin Qirg‘iziston aholisi kam-ku, u yerdan yana qancha odam keladi? Balki yana 100 ming kishi kelar. Biz o‘zimizdagi zaxiralar haqida yaxshiroq tushunchaga ega bo‘lishimiz kerak.
Hamma ta’kidlashda davom etayotgan 25 million vatandoshimiz hech qayerda yo‘q. Go‘yoki Sovet ittifoqi qulaganidan buyon oradan 30 yil o‘tmagan, hamon avvalgidek 25 million kishini biz jalb qilishimiz kerak, va bu immigratsiya bizga zarur, biz uni rag‘batlantiramiz. Kimlardir allaqachon o‘lib ketgan, kimlardir boshqa mamlakatlarga immigratsiya qilgan, kimlardir Rossiyaga ko‘chib kelgan, bo‘lsa 10—11 million bordir, ammo 25 million emas. Hech qanaqasiga bunday zaxira yo‘q.
Xitoyliklar kelib, hamma joyni bosib ketadi, deb hammani qo‘rqitishar edi, hozir ularda ish haqqi Rossiyadagidan ko‘proq, ular bu yerga ishlashga kelib nima qiladi? Ilgarilari Rossiyaga xitoyliklar, vyetnamliklar, turkiyaliklar kelardi, ammo asta-sekinlik bilan bu migratsiya qisqarib bormoqda, bu endi iqtisodiyot, uning o‘sishi va jozibadorligi masalasidir. Bu yerga kelishdan foyda yo‘q. O‘rta Osiyo uchun hozircha foyda bor, lekin u yerda ham o‘sishning demografik chegaralari bor. Bu migratsiya bizga o‘n yilcha yetishi aniq. Faqat undan aql bilan foydalanishni bilish muhim. Undan keyin nima bo‘lishini bilmayman. Chunki agar biz Afrikadan muhojirlarni jalb qilsak, ular bilan bog‘liq muammolar ancha ko‘proq bo‘ladi.
— Agar Rossiyaga kelish boshqa hech kim uchun manfaatli bo‘lmay qolsa, iqtisodiyotimizga nima bo‘ladi?
— Bu masalada men faqat makroiqtisodiyotchilarga tayanishim mumkin, ularning aytishicha, ishchi kuchi qisqarsa, iqtisodiyot o‘sa olmaydi. Bizda mehnatga layoqatli aholi soni ko‘p yillardan buyon qisqarib kelayotgan bo‘lsa, iqtisodiyot qayerdan o‘ssin?
— So‘nggi yillarda hukumatning o‘zi buni muammo sifatida ko‘targanini his qildik. Xorijiy migratsiyani rivojlantirish bo‘yicha har xil dasturlar muhokama qilindi. Siz buni kuzatib bordingizmi?
— Men hech qayerga yo‘qolmagan bitta tizimli muammoni ko‘ryapman. Muammo shundaki, hukumat mutlaqo turli yo‘nalishdagi narsalarni ketma-ket e’lon qilmoqda. Bugun biz migratsiyasiz yashay olmaymiz, yirik loyihalarni ishchi kuchisiz amalga oshirib bo‘lmaydi, o‘zimizning ishchi kuchimiz esa yetarli emas, deymiz. Ertaga esa hammasini haydab solamiz, bizga bunday mehmonlar kerak emas, deymiz, alohida sud tadbirlarisiz ularning barchasini yoppasiga jo‘natib yuboramiz.
Yotoqxonada yashaydigan muhojirlar bilan bog‘liq so‘nggi voqea — albatta, fojia, bu tushunarli. Ammo oxir-oqibat, yotoqxonadagilar ko‘chirib yuborildi. Bu odamlar kim edi, yotoqxonada kimlar yashayotgandi? Ular qaysidir zavodning ishchilari edi. Zavod xayrli ishni amalga oshirayotgan edi, yotoqxona pulini to‘layotgan, uy-joy kommunal xo‘jaligi to‘lovlarini qilayotgan edi. Keyin bu nima bilan tugadi? Bu har doim bo‘ladigan vaziyat.
Muhojirlarning mushtlashuvlari ham bo‘ldi. Aynan kimlar janjallashganini aniqlashtirish va aybdorlarni jazolash o‘rniga, shunchaki ularning yonidan o‘tib ketganlarni qo‘lga olib, yuzlab odamlarni mamlakatdan chiqarib yubormoqda. Masalan, Sobyanin bu mushtlashuvlardan keyin 200 kishi deportatsiya qilinishini, 17,5 ming kishi uchun esa Rossiyaga kirish taqiqlanishini ma’lum qildi. Bu gaplarning hammasi bitta satrda aytilyapti.Yaqinda aeroportda muhojirlarga ko‘maklashish tashkilotiga rahbarlik qilgan o‘zbekistonlik qochqin Valentina Chupik qo‘lga olindi va unga 30 yilga mamlakatga kirish taqiqlandi. U esa muhojirlarga huquqiy ko‘mak berish bilan shug‘ullanadi, bu haqda hamma ko‘p gapiradi, lekin deyarli hech kim shug‘ullanmaydi. Butun dunyo bo‘yicha kim integratsiya va huquqiy yordam bilan shug‘ullanadi? Notijorat tashkilotlar. Ular esa bizda barmoq bilan sanarli. — Va barchasi “xorijiy agentlar”.— Va barchasi “xorijiy agentlar”, “Grajdanskoye sodeystviye”, masalan. Barchamiz vatandoshlarimiz, chet eldagi ruslar haqida jar solamiz, ammo bir qarasang, huquq himoyachisini qochqin maqomidan mahrum qilib, sabablarini tushuntirmasdan 30 yilga mamlakatga kirishni taqiqlaymiz. Bu nimani bildiradi? Bu bizga muhojirlar kerakligini, biz ularning hayotini yengillashtirishga harakat qilishimiz, ularning mehnatini qadrlashimizni bildirmaydi, mutlaqo. Yo‘q. Bu shuni bildiradiki, siz soliqlarni to‘lab kelasiz, lekin istalgan lahzada, agar biz fikrimizni o‘zgartirsak, hammangizni quvib solamiz. Bu yerda sizda hech qanday huquqiy himoya yo‘q.
Hozir IIV migratsiya haqida yangi qonun tayyorlayapti. Unda muhojirlarning hayotini yengillashtiruvchi, yaxshigina nizomlar ham, aksincha uni qiyinlashtiradiganlari ham bor. Yakunda nima qabul qilinishini bilmayman. Ammo tajribamga tayanadigan bo‘lsam, liberalizatsiya davrlari doim qattiqqo‘llik davrlari bilan ketma-ket o‘rin almashib kelgan.
2007-yilda ishlashga ruxsatnoma berish kvotalari olib tashlandi, shunda qonuniy ishchilar soni darhol ikki barobardan ko‘proqqa oshdi. 2010-yildan keyin patent joriy qilindi, u unchalik qimmat emasdi — qonuniy muhojirlar soni 2014-yilga qadar o‘sib bordi, qariyb to‘rt million kishi patent sotib olib, ishlash uchun ruxsatnomani rasmiylashtirdi. So‘ng bu patentlarga inqiroz fonida, ish haqi shundoq ham pasayib ketgan bir paytda juda ko‘p to‘lovlarni kiritib qo‘yishdi. Bu narsalarning hammasi ta’sir qilib, odamlar “soya”ga o‘tdi. Fikrimcha, qonuniy mehnat bozoriga chiqish qanchalik oson bo‘lsa, shuncha ko‘p muhojirlar qonuniy maqomga o‘tadi.
— Bunday qattiqqo‘llik odatda nima bilan bog‘liq bo‘ladi? Budjetga qo‘shimcha mablag‘ kerakligi bilanmi?
— Yo‘q, chunki budjetga mablag‘larni aynan soliq to‘lovchi qonuniy muhojirlar olib keladi. Ko‘p jihatdan bu “kallalardagi vayronagarchiliklar” bilan bog‘liq. Bundan tashqari, qattiqqo‘llik yuqoridan aytilgan gaplardan keyin amalga oshiriladi. Shu jumladan, saylovoldi kampaniyasi chog‘ida aytilgan gaplardan keyin. 2013-yil eng ksenofob yillardan biri bo‘lgandi, o‘shanda Moskva meri saylovi bo‘lib o‘tgandi, eng asosiy dushman muhojirlar hisoblanardi. Bu yerda barcha siyosiy kuchlar birlashadi. Hozir ham xuddi shunday — bu ksenofob kayfiyatning avj olishi ko‘p tomondan saylovlarga bog‘liq.
“Levada” markazi ma’lumotlarida o‘qigandimki, aholi orasida faol ksenofoblar ulushi — taxminan, 10 foiz. Yana 30 foizi ikkilanuvchilar — ular partiya yo‘nalishidan kelib chiqib ikkilanadi. Deputat Pyotr Tolstoy yaqinda nutq so‘zlab, bu sohani tartibga soluvchi qonunlar zudlik bilan qabul qilinishini aytgandi (u qonunni buzgan muhojirlarni 24 soat ichida mamlakatdan chiqarib yuborishni taklif qilgandi). Yana qandaydir telbanamo raqamlar keltirildi, go‘yoki, bizda 9 million muhojir bor, ularning bir millionigina patent bilan ishlaydi. Qanaqa 9 million? 9 million — Rossiya hududiga kirib kelayotganlarning umumiy soni edi, hozir ham emas, pandemiyagacha shunaqa edi, bularning ichiga butun dunyodan sayyohlar, talabalar, shaxsiy safar bilan kelganlar kiradi. Va shu tariqa bu muhit qizdiriladi.
Izoh (0)