1989-yilning 21-oktabrida O‘zbekistonda mamlakat mustaqilligi ramzlaridan biri — o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. 2020-yildan boshlab bu sana O‘zbek tili bayrami sifatida nishonlanmoqda. “Daryo” ushbu sana munosabati bilan oktabrni “O‘zbek tili oyligi” deb e’lon qiladi va oy davomida har kuni til masalasida turli yillarda qilingan va hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan chiqishlar, nutqlar, maqolalarni qayta chop etadi.
Til erki — dil erki
Bir mahallar Vladimir Ilich Lenin “Rus tilini tozalash to‘g‘risida” degan maqolasida bunday deb yozgan edi: “Недосчетый” yoki “недостатки” yoki “пробели”, deb aytish mumkin bo‘lgani holda, “дефекты” deyishning nima hojati bor? Chet el so‘zlarining o‘rinsiz ishlatilishiga qarshi kurash e’lon qilish vaqti kelmadimikan?”.Taajjubki, dohiyning yonishlariga qaramay, bu so‘z rus lug‘atida mustahkam o‘rnashib oldi. Taajjubki, bu so‘z rus tili orqali boshqa tillarga o‘rmalab kirdi va… o‘zbek lug‘atida ham paydo bo‘ldi! Yana ajablanarlisi shundaki, Ilich “defekt”ning uchta ruscha muqobilini keltirgan bo‘lsa, biz buning o‘zbekcha oltita nusxasini keltiramiz: Aybi, nuqsoni, illati, qusuri, kamchiligi, yetishmovchiligi. Matn talabiga ko‘ra, farosatli inson istaganini ishlataverishi mumkin. Biroq “Ruscha-o‘zbekcha lug‘at”da (1983-yil, 1-jild) “defekt” degan so‘z qarshisiga yana “defekt”, deb yoziladi. Keyin yoniga (o‘zbekning o‘zi ham tushunsin debmi!) “kamchilik”, “nuqson”, “illat”, deb tirkaladi. Xo‘sh, shu o‘rinda haligi oltita muqobil so‘z yozib qo‘yilsa, kifoya qilmasmidi?!
O‘zbek xalqi, umuman, O‘rta Osiyo xalqlari qadimdan zullisonayn, ya’ni, ikki tillidir. Hatto tariximizning muayyan bosqichlarini eslab, uch tilli bo‘lgan desak yanglishmaymiz. Men, turk tili — harbiy til, fors tili — she’riy til, arab tili — ilmiy til bo‘lib “qonunlashgan” davrlarni nazarda tutyapman. Asli turkiy bo‘la turib fors tilida g‘oyat latif va mukammal meros qoldirgan shoirlarni yod eting; arab tilida o‘lmas yodgor qoldirgan al Xorazmiy, al Farobiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy kabi O‘rta Osiyoning ulug‘ allomalarini eslang. Ajabki, shu ikki tillilik hodisasi tufayli, bugun ba’zi olimlarimiz ikkiyuzlamalik qiladilar, muqaddas birligimizga raxna solguvchi mayda ziddiyatlarga boradilar. “Falonchi bizniki, falonchi sizniki”, deb behuda qizishadilar. Avvalo, muayyan milliy tilda meros qoldirgan ulug‘lar barcha millatlar uchun ardoqlidir. Qolaversa, millatlar tarixida iz qoldirgan buyuk shaxs xazinasini qaysi xalq ko‘proq qadrlasa, o‘qib-o‘rgansa, u — o‘shanikidir.
Bizning ona tilimizga qadim-qadimdan, turli tajovuz va tazyiqlar bo‘lgani ziyoli elga ma’lum. Sharhlashning hojati yo‘q, xalq tarixi — til tarixi hamdir. Bizning tilimiz ahmoniylar sulolasi davrini boshdan kechirdi, yunon bosqinidan omon qoldi, turli ta’sirlardan forig‘ qololmasa-da, arab bosqiniga dosh berdi. Bugun mustahkam sho‘rolar qal’asida ham ona tilimizning shukuhini, erk va parvozini ko‘rmoq har bir ma’rifatli qalbning orzuyidir.
Tafakkur egalari bugungi kunda ko‘p tillikni yoqlamoqdalar, ona tilimizni toza saqlash zarurligini uqtirgan holda, rus tilini ham mukammal o‘rganish lozimligini aytmoqdalar. Bu — tarix taqozosi, davr va taraqqiyot talabi. Albatta, qancha ko‘p tilni bilsak dunyo bilan shuncha yaqin muloqotda bo‘lamiz. Shu bilan birga aqlan e’tirof etmoq kerakki, rus tili mamlakatdagi darddosh va g‘oyadosh millatlar bilan jahonning ko‘pgina xalqlari bilan bizni bog‘lab turgan mustahkam robitadir.
Bir tilni oyoqosti qilish evaziga ikkinchi tilni ulug‘lash, yoki bir tilni ulug‘lash uchun ikkinchi tilni oyoqosti qilish — siyosiy johillik, sotsialistik jamiyatning tub asoslariga yot ish. Turg‘unlik davrlarida ba’zan shunday rahbarlar va “olimlar” yetishdilarki, ular martaba va unvonga erishmoq uchun o‘z ona tillarini yerga urdilar, ona tillarini yerga urgan sari o‘zlari ko‘kka ko‘tarildilar. O‘tgan yillar mobaynida tilimizga tazyiqlar ham bo‘ldiki, bu matbuotimiz tilidan, turli adabiyotlarimiz tilidan va bu hujjatlarning so‘z boyligini muqovalar orasiga yig‘a olmagan lug‘atlarimiz ahvolidan ayon ko‘rinadi. Til mustaqilligi, erki va tozaligiga daxl qilgan bunday tirg‘alishlarni daf’atan payqash va payqaganda, daf’atan aytish qiyin edi.
So‘z xazinasining oshib borishi, lug‘at tarkibining boyib borishi aslida ijobiy hodisadir. Biroq u qanday so‘zlar hisobiga boyimoqda? Chet so‘zlarning hammasini ham lug‘atga tiqishtiraverish shartmi? Tarixiy jarayonni qalqon qilib yoxud shu jarayondan ustalik bilan foydalanib, ba’zi kishilar ona tilimiz tozaligiga putur yetkazmayaptilarmi?!.. Bu muammo ustida fikr yuritishdan avval, men til buzilishining ikki xil sababini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Birinchi sabab: Chet so‘zlar o‘rinli-o‘rinsiz ishlatilmoqda, ba’zan behad ko‘payib, markazdan yiroqdagi mehnatkash xalqning og‘zaki nutqini ham buzmoqda. Ikkinchi sabab: o‘zbek tilining qadimiy sarf-u nahvi, ya’ni grammatikasi qonun-qoidalariga hurmatsizlik qilinmoqda, bu tildagi so‘zlar Ovrupo tillari sarf-u nahvi qolipiga solinib, qo‘pol ravishda buzilib, bayon etilmoqda.
Maqola boshida o‘z ona tili tozaligi uchun qayg‘urgan Leninning birgina chet so‘zga munosabatini, bu so‘zning bugungi g‘olibona “yurishi”ni bayon etdim. Endi “O‘zbek tilining imlo lug‘ati” dagi ushbu so‘zlarga e’tibor bering: iber, iyezut (lar), iyezuitlik, iyeroglif, izobaza, izobar-(lar), izobutilen, izogamiya, izogloss, izogonal, izograf, izografiya, izoklin, izoklinal, izolyator, izolyatsion, izolyatsionizm, izolyatsionist, imajinizm, imitatsiya, immansen, immersiya, immigrant, immunizatsiya, imperativ, imperfekt, impotentsiya, impulverizatsiya, invaziya, invalikatsiya, invektiva, inventarizatsiya, inversiya, investitsiya, ingalatsiya, ingrediyent, indeteriminizm, indossament va hokazo va hokazo!
Xullas, birgina “I” harfining o‘zi bilan boshlanguvchi uch yuz o‘ttizdan ortiq (!) so‘z “O‘zbek tilining imlo lug‘ati”da otasining chorbog‘ida yurgandek yayrab yuribdi! Xo‘p, imlo lug‘atida ayb kam deylik. Chunki lug‘atchilar, biz allaqachon kirib qolgan so‘zlarning qanday yozilishini ko‘rsatdik, xolos, deyishlari mumkin. Endi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ga bir nazar tashlaylik. Unda o‘zbekcha deb taqdim qilinib, izohlangan so‘zlar mana munday qatorlashib keladi: Planirovka, plaskarta, plebistsit, plevra, plevrit, pleyada, plantus, plita, podval, podpole, podruchka, pnevmatika, pnevmokokk, pnevmoniya, pogrom, podagra, podstantsiya, poligon, polisemantik, politeizm, polka, polosa, ponton, pochin, pravo… va hokazo va hokazo!
Bunday so‘zlarni jamlab, “Chetdan kirgan so‘zlarning imlo lug‘ati” yoki “Chetdan kirgan so‘zlarning izohli lug‘ati”, deb chiqarmoq to‘g‘riroq bo‘lur edi. Shuncha so‘z yoniga suqilib kirsa ham, o‘zbek so‘zlarning miq etmay chidashiga qarang! Ha, do‘stlar, so‘z insonsiz o‘lik narsadir. So‘zning oriyati — insonda! Aql-idrokli, dunyoning kelar-ketarini teran anglagan zotlar tovush chiqarmog‘i, so‘z huquqini — o‘z huquqini himoya qilmog‘i lozim!..
“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ni yaratgan muhtaram zotlar ham: “Biz tilimizga kirib qolgan so‘zlarni izohladik”, deb yelka qisishlari mumkin. Endi “Ruscha-o‘zbekcha lug‘at”ga nigoh tashlaymiz. Unda “Dvujilniy” degan so‘z ikki provodli (?) deb o‘giriladi, keyin ikki simli, deb tushuntiriladi. “Arfa” so‘zi eski lug‘atda avval o‘zbekchada ham “arfa” deb berilib, yoniga “chiltor” deb yozib qo‘yilgan. Keyin buning qanday musiqa asbobi ekanligi izohlangan. Yangi lug‘atda esa o‘sha “chiltor” ham yo‘q! Abdulla Oripovning go‘zal satrini eslang:
Chiltor simlariday taralar yomg‘ir…
Ana endi “chiltor”ning o‘rniga “arfa”ni qo‘yib, o‘qib ko‘ring!.. Butkul boshqa millat shoirining misrasiga aylanib ketmadimi?! Bu misra boshqa tilga tarjima qilinganda, marhamat, “arfa” deb olaversinlar, Mana, “D” harfi bilan boshlanuvchi (yangi lug‘at) ba’zi so‘zlarni ko‘ring:
Daktilologiya — daktilologiya; barmoq tili…
Dalnomer — dalnomer; masofa o‘lchagich…
Datchik — datchik (qabul qiluvchi va uzatuvchi qurilma)
Dacha — dacha (…bog‘ hovli)
Demarsh — demarsh; namoyishkorona diplomatik harakat, murojaat…
Demilitarizatsiya — demilitarizatsiya; qurolsizlantirish, qurolli kuch va harbiy sanoatdan mahrum etish.
Denshik — denshik; navkar…
Determinant—determinist, determinizm tarafdori.
Detonator — detonator; portlagich modda…
Detrit — detrit (chechak emi)
Defitsit — 1. defitsit; zarar, ziyon; 2. yetishmaslik, tanqislik, kamchilik, kamyoblik. 3. yetishmaydigan (kamchil, kamyob) narsa… — va hokazo.
Ko‘rinib turibdiki, ruschada qanday bo‘lsa, o‘zbek lug‘atiga ham shundayligicha ko‘chgan ko‘pgina so‘zlarning yoniga goh uning izohi, goho bizga zarur bo‘lgan aynan tarjimasi yozib qo‘yilgan. Demak, boshqa so‘zlarning ham tarjimasini topish va uni xalqqa bemalol taqdim etish mumkin! Xo‘sh, yo‘qsa, lug‘at deb, nimaga aytiladi o‘zi? Buning nimasi ruscha-o‘zbekcha lug‘at bo‘ldi endi? Bu tarozining ikki pallasiga ham tosh qo‘yganday gap-ku? Axir, bir pallasiga tosh vazniga teng mahsulot qo‘yilmaydimi?!
Shubhasiz, tilimizga kirgan minglab chet so‘zlari orasida fan-texnika taraqqiyoti taqozosiga ko‘ra, og‘rinmay ishlatishimiz lozim bo‘lgan so‘zlar bor va bunga hech kim monelik ham qilmaydi. Ikkinchidan, bizga, o‘zgartirilmay, aynan taqdim etilgan ko‘plab so‘zlar, atamalarning muqobili ona tilimizda mavjud. Ularni mehnat qilib topish, qidirish, kerak bo‘lsa, muqobil so‘z yaratish tajribasidan qo‘rqmay foydalanish lozim.
Ulug‘ mamlakatimizda barcha sohalarda inqilobiy jarayon, qayta qurish borar ekan, biz tolmas lug‘atchi allomalarimizning og‘ir, lekin sharafli mehnatini qadrlab, ularga qulluq qilib, chin ehtiromimizni izhor etib, qanchalik mashaqqatli, qanchalik qiyin bo‘lmasin, baribir, bugungi talab-ehtiyoj asosida barcha lug‘atlarimizni qaytadan yaratish zarur, deb o‘ylayman. Buningsiz madaniy jabhamizda chinakam qayta qurishga erishmog‘imiz mushkul. Bu xayrli ishga til ilmini yaxshi biladigan farosatli, oriyatli yozuvchilar ham, tilshunos bo‘lmagan boshqa ziyoli allomalar ham jalb etilmog‘i kerak. Aks holda, biz xorijdagi mafkuraviy muxoliflarimizning “majburiy ruslashtirish siyosati” degan ta’nalariga imkon berib qo‘yaveramiz. Holbuki, bu so‘zlarning ko‘pi aslida ruscha ham emas, rus tili orqali o‘tgan chet el so‘zlaridir, xolos!
Leninning “Milliy masala to‘g‘risida tanqidiy mulohazalar” maqolasidagi ushbu so‘zlarni yodga oling: “Kimki millatlarning va tillarning teng huquqliligini e’tirof etmasa va himoya qilmasa, har qanday milliy zulmga yoki huquqsizlikka qarshi kurashmasa, unday kishi marksist emas, unday kishi hatto demokrat ham emas. Bu shubhasiz”. Tilni yashnatib turuvchi, unga ko‘rk va shukuh baxsh etguvchi kishilar avvalo xalqning ziyoli vakillaridir. Bular kimlar? Bular — yozuvchilar, barcha soha olimlari, tarjimonlari, matbuot xodimlari, noshirlar, muharrirlar, o‘qituvchilar, xullas, oliy ma’lumotli odamlar. Tilni til qiladigan ham — shular, qaro yer qiladigan ham shular. Garchand Leninning boyagi maqolasi inqilobdan burungi holatni ifoda qilsa-da, ammo millatlar va tillarning teng huquqliligi to‘g‘risidagi gap hamma zamonlarda ham o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmaydigan abadiy hikmatdir.
Tilimiz qonun-qoidalarining tobora buzilib borayotganiga asosiy sababchilar — radio va oynaijahon, ro‘znoma-yu oynomalarimiz. Yana mudhishroq xizmat qilayotgani — tarjima matohlari. Ximiya, fizika, geometriya, biologiya, algebra, SSSR tarixi kabi deyarli barcha maktab darsliklari juda g‘aliz tarjima etilgan. Ularda o‘zbek tili qoidalariga oddiy hurmat ham yo‘q. Fikrlar erkin, ravon, toza tilda bayon etilmagan. Chet so‘zlar tazyiqi sezilib turadi. Bu qo‘llanmalardagi ayrim matnlarni maktab o‘quvchisigina emas, ziyoli odam ham zo‘rg‘a tushunadi.
Texnika zo‘r shitob bilan taraqqiy etgan sari, turli xalqlarning tillarini turfa atamalar (ya’ni terminlar) ta’qib etayotir. Bu, bir jihatdan tabiiy jarayon. Biroq, har holda, ortiq atamabozlikka chek qo‘ymoq, o‘sha atamalarning ikkinchi tildagi muqobilini topishga intilmoq, matnning xalqqa tushunarli bo‘lish yo‘llarini izlamoq lozim. Bunday so‘z bosqinini oqlab bo‘lmaydi. Buni so‘z bosqinchiligi debgina baholash mumkin. Keyingi paytlarda ko‘pgina fanlar va sohalarning atamalar lug‘ati ko‘payib borayotgani shu so‘z bosqinchiligining dalilidir. Afsuski, o‘sha lug‘atlarning barchasi ham chinakam tarjima lug‘atlari emas, aksincha; so‘zlar bir tilda qanday bo‘lsa, ikkinchi tilga ham shundayligicha ko‘chgan, keyinidan mazmuni izohlangan, xolos. Atama deganini aynan olaverish kerak, degan qonun yo‘q va bo‘lishi mumkin ham emas. Asli lotincha bo‘lgan “termin”ning ham “atama” degan aniq muqobili mavjud.
1979-yili “O‘qituvchi” nashriyotida “O‘rta asrlar tarixidan izohli lug‘at” chiqarilgan. Bunday tarix lug‘atlarini ko‘paytirmoq zarur, nihoyatda zarur! Lekin biz aytgan lug‘at, asosan, Ovrupo tarixiga bog‘lanib qolgan. Qadimiy O‘rta Osiyo tarixining mukammal izohli lug‘atini tuzmoq zarurligi vatandosh allomalarimizning esiga qachon kelarkan?!
“Radio tili”ning sun’iylashib, g‘ariblashib borayotgani to‘g‘risida ustoz Abdulla Qahhor bundan yigirma yillar avval bong urgan edilar. Taassufki, o‘tgan yigirma yillar ichida “radio tili” o‘zgarmadi va agar o‘zgargan bo‘lsa, faqat yomon tomonga o‘zgardi. Hozirgi kunda mehnatkash aholining ko‘zi ham, qulog‘i ham — asosan oynayi jahonda. Mehnatkashlarimizning til va fikr qashshoqligini boshdan kechirayotganlari oynayi jahondagi nutqlaridan ma’lum. Ular hamon muxbir, xodimlar o‘rgatgan yoki yozib bergan g‘oyat siyqa, sun’iy, g‘arib gaplarni qiynalib, o‘ng‘aysizlanib takrorlaydilar. Bu hol, ayniqsa, “Axborot” ko‘rsatuvlarida yaqqol ko‘rinadi. Ustoz Erkin Vohidov yozganidek, ular uchun “temirga gapirish” qiyin, albatta. Lekin o‘shalar bilan ham juda tabiiy, samimiy suhbatlar qurish mumkin. Rahbarlarning yo‘l-yo‘riqlari, nutqlarining ruhi ishimiz va so‘zimiz mohiyatida bo‘lmog‘i lozim. “Axborot”chilar esa mehnatkashlardan nutqlariga turli qaydlar, ko‘chirmalar bilan zeb-ziynat berishni talab etadilar. Gapirgan va gapirtirgan kishi (muxbir) uyalmaydi, biroq eshitgan va ko‘rgan kishi uyalib, qiynalib ketadi! Chunki, sun’iylik haddan oshadi.
1987-yilning boshlarida oynayijahon orqali Toshkent viloyatidagi tumanlardan biri to‘g‘risida ko‘rsatuv berildi. Tuman ijroqo‘mining raisi ishbilarmon, kuyinchak, xalqparvar bir odam sifatida, kishida iliq taassurot qoldiradi. Lekin, vodarig‘, uning deyarli har jumlasida “даже”, “почти”, “вобщe”, “настроение”, “условие” singari bittadan, ba’zan ikkitadan so‘z uchraydi. Bu ikki tilga ham hurmatsizlik emasmi? O‘z ishini bilgan rahbar — yaxshi, lekin o‘z ona tilini bilgan va hurmat qilgan rahbar — yanada yaxshiroqdir.
Futbol sharhlovchimiz Axbor Imomxo‘jayev ba’zan ruscha sharhni o‘zicha o‘zlashtirib, “to‘p yo‘qotildi”, “to‘p bilan falonchiyev”, “to‘p Falonchiyev tomonidan darvozaga kiritildi”, kabi ko‘rinishi o‘zbekcha, lekin tuzilishi ruscha bo‘lgan gap va iboralarni qo‘llaydi. Avvalo shuni aytib o‘tayinki, Axbor aka yaxshi sharhlovchi sifatida, futbol ixlosmandlari orasida ehtirom qozongan odam. U kishining yurtimiz sporti ahvoliga kuyunishi qayg‘urishi ko‘pchilikka ma’lum. Demak, ba’zi nuqsonlarini aytmoq joiz. Qarang, “to‘p yo‘qotildi”, “to‘pni yo‘qotib qo‘ydi”, degani kulgili emasmi?
“Falonchi to‘pni oldirib qo‘ydi”, deb oddiygina aytish mumkin-ku. “Falonchi to‘p bilan” yoki “to‘p bilan Falonchiyev” deb, jingalak qilib o‘tirmasdan, “to‘p Falonchiyevda”, deb aytsa bo‘laveradi. “Falonchi tomonidan kiritildi” yoki “tepildi” deb gapni burashning nima zarurati bor? “To‘pni Falonchi urib kiritdi” yoki “Falonchi tepib beradi” desa tabiiyroq emasmi? Muhtaram sharhlovchimiz uylariga qovun-tarvuz sotib olib bordilar, deylik. Farzandlari: “Bular dadam tomonidan olib kelindi”, demaydilar, shekilli. “Bularni dadam olib keldilar”, deyishadi. Ortiq qiynalib, “kitobiy” qilishga urinib, gapni sun’iylashtirishning hojati yo‘q. Boy va go‘zal tilimiz har qanday holatni erkin va ravon ifodalash imkoniga ega.
Yana bir sharhlovchimiz bor (ismi yodimda yo‘q). Uning tili “jarima” degan so‘zga ham aylanmaydi. “Shtraf (?) to‘pi” deydi u kishi! Teshik quloqdan kirgan gap suyaksiz tilga tushib, aylanaveradi keyin! Necha minglab futbol ishqibozlarining ko‘zi to‘pda bo‘lgani bilan, qulog‘i gapda bo‘ladi, axir. Bularning nutqida goho “Paxtakor bilan Pomir o‘rtasida match” (?), “O‘yin start oladi” (?), uchrashuv arbitri (?) singari tushuniksiz so‘z, g‘aliz iboralar uchraydi. Tilni buzish axloqsizlik yoki jinoyat ekanligini sharhlovchilarimiz his etmaydilar. Ular o‘z tilini — o‘z elini qanchalik hurmat qilsalar, shunchalik izzat topadilar.
Keyingi paytlarda ba’zi ro‘znomalarimiz birmuncha jonlanib qoldi. Bu jonlanish, afsuski, til va so‘z shukuhidan emas, yangicha o‘zgarishlar tufayli sodir bo‘lmoqda. Ro‘znomalarimiz tili esa hamon o‘sha-o‘sha. Turg‘unlik davrlarida qanday olaquroq, siyqa va g‘arib bo‘lsa, hozir ham deyarli o‘shanday. Ayniqsa, tarjima matohlari, ba’zan rasmiy xabarlar va dunyo voqealari axbori, goho rahbarlarning nutqi tarjimalari hanuz sof, tabiiy o‘zbekchalashtirib berilayotgani yo‘q.
O‘zbek tilida “el” bilan “yol”, “er” bilan “yor” so‘zlari o‘rtasida ot bilan tuyacha farq bor; eski imloda ham, yangi imloda ham “yo” bilan “e” boshqa-boshqa yoziladi. Rus tilida esa “e” yozilib, “yo” o‘qilaveradi. Masalan, Grachev, marseleza, shofer va boshqalar. Bizning matbuotda esa Gorbachyovning familiyasini ham ruschaga taqlidan Gorbachev deb yozishadi. O‘zbek tilida bu jiddiy imloviy xato hisoblanadi. Bu nuqsonni tuzatmoq zarur!
Tilimizning g‘aroyib bir qorishmaga aylanib borishida “O‘zbekiston fizkulturachisi” ro‘znomasi juda mudhish xizmat qilmoqda. Haligi sharhlovchilar nutqida uchragan “match bo‘ladi”, “start oladi”, “uchrashuv arbitri”, “o‘z aktiviga yozib qo‘ydi (?)” kabi so‘z va iboralarni “hujjatlashtirib” el orasiga tarqatayotgan, ikki tilga ham birday bepisandlik qilayotgan ana shu ro‘znomadir. Uning xodimlari va tarjimonlari nima deb aljirayotganlarini ba’zan o‘zlari ham bilmasalar kerak. Holbuki, “match bo‘ladi” degan birgina iboraning tilimizda “musobaqalashadi”, “bellashadi”, “baslashadi” yoki “bahslashadi”, “uchrashadi”, “to‘qnashadi”, “yuzlashadi”, “tortishadi”, “kuch sinashadi”, “maydonga tushadi” kabi o‘nlab muqobillari bor. Yo‘q bular, sportning favqulodda atamalarini bilamiz, deb maqtanishlari shart! Yo‘qsa, hech kim pisand qilmay qo‘yadi.
1987-yilning 8-may, juma sonidagi “Stalingraddan Berlingacha” degan maqolaning jumlalari g‘aliz, sun’iy, burab-chirmab tuzilgan. Shu sondagi “Yubilyar start berdi” degan maqola esa undan battarroq. Sarlavhaga e’tibor qiling. Faqat, “berdi”si o‘zbekcha. Umuman, “Yubilyar start berdi” (?) nima degani o‘zi? Balki, to‘y berdi, elga osh berdi, deganidir? Bu atamalarni tushunadigan bir hovuch o‘zbek sportchisi va bir nechta muxbirdan bo‘lak, mazkur ro‘znomani o‘qiydigan xalq ham bor-ku, axir! “Turnir qatnashchilarining kvalifikatsiya (?) sostavi” (?), “xotira turnirining o‘rtacha reytingi (?) 2449 ga teng”, “keskin taktik duel (?) bo‘ldi” — bunday ibora va jumlalar rus tilida bir ma’no anglatar, lekin ikki tilga nisbatan ham qo‘pol, odobsizlarcha munosabat dalili bo‘lgan bunday maqoladan o‘zbek o‘quvchisi nima bahra topadi?! “Toshkent oqshomi” ro‘znomasining ba’zi xabar va maqolalari ham tilga e’tiborsizlik namunasidir. 1987-yilning 27-sentabrida chiqqan sonidagi “Ideologiya aktivi uchun” degan xabar quruq, tushunarsiz bayon etilgan. O‘rta Osiyo xalqlari “faol” degan so‘zni qadimdan ishlatib keladilar. “Mafkura”, “g‘oya” degan mavhumlar ham bizga yot emas. Biroq men xabardagi so‘zlargagina e’tiroz bildirmoqchi emasman, balki olaquroq so‘zlar qurboni bo‘lgan ma’nosiga qayg‘uraman. “Aktivi” degan so‘z “faoli” degan aniq tarjimasidan bo‘lak, “faol a’zolari” degan tarjimasi ham bor. Endi sarlavhani qanday tushunasiz? “Mafkuramizning faol a’zolari uchun” debmi yoki “Mafkuramiz muvaffaqiyati uchun” debmi? Tag‘in, muayyan bir muddat mobaynidagi kirim-chiqimlar yakuniy nisbatining yutuqlar yoki moddiy boyliklar yoziladigan qismi ham “aktiv” deyiladiki, sport sharhlovchilari qolgan ikki ma’nosini unutib, shu uchinchi ma’noda qo‘llaydilar. Ko‘rinib turibdiki, o‘zbek tilida tugal bir ma’no anglatmog‘i uchun “aktiv”ni to‘g‘ri va to‘liq tarjima qilib olishga majburmiz. Yuqorida aytilgan maqolada o‘z tilimizda mavjud bo‘lgan va yashab turgan muqobillarini ishlatsa, go‘yo obro‘si tushib qoladigandek, “propagandistlar”, “dokladchilar”, “propaganda va agitatsiya bo‘limi”, “sekretarlari” deb yoziladi.
“O‘zbek tili va adabiyoti” oynomasi ona tilining sobit muhofizi, erkin va go‘zal tilimizning namunasi bo‘lmog‘i lozim. Biroq… ushbu sarlavhani o‘qing: Metaforik (?) sememada (?) pragmatik (?) sema (?).
Endi boy va erkin tilimizning namunasini ko‘rmoq niyatida, maqolani o‘qiy boshlaymiz: “Atributiv birikmaga teng sifat asosli komparativ konstruksiyalarning kommunikatsiyada asos, subyekt va formantlari etalonda implitsit ifodalanishga ko‘ra metafora sodir bo‘lar ekan, shu implatsitlik yuzaga kelgan hosila sememada pragmatika yuzaga keladi. Lekin bunday konstruksiyalarning har qandayida ham etalon aktualizator bo‘lib, qolgan komponentlar unda implitsit ifoda topavermaydi. Qolgan komponentlarning aktualizator etalonda implitsit ifoda topishi uchun ma’lum imkoniyat bo‘lishi kerak. Bu imkoniyat subyekt semantikasi va unga qiyoslangan etalon semantikasi bilan bog‘liq holda yuzaga chiqadi. Qolgan komponentlarning etalonda implitsit ifodalanishi uchun subyekt va etalon semantikasi quyidagicha bo‘ladi…” (O‘zbek tili va adabiyoti” oynomasi, 1984-yil, 4-son; muallif Zoir Tohirov).
“O‘zbek tili va adabiyoti” — mo‘tabar sohaning elchisi, idoraning ma’rifatli vakili. Tasavvur qiling, elchi bir yurtdan ikkinchi yurtga bordi yoki vakil bir tashkilotdan xalq ichiga keldi. Ularning gapini boshqalar ham sal-pal tushunishlari kerakmi, yo‘qmi? Agar vazifasi shundoq aljirashdan iborat bo‘lsa, shubhasiz, elchiga o‘lim bor, vakilning o‘rni esa… nozik shifoxonada!
Shaxsga sig‘inish, turg‘unlik yillarida ayrim ijtimoiy adolatsizliklar qatorida, til erkiga ham putur yetgan paytlar bo‘ldi. Ziyolilarimiz til huquqi uchun kurasha olmas edilar, “millatchi” degan mudhish aybnomadan qo‘rqar edilar. O‘sha yillarning salbiy ta’siri hamon saqlanib qolayotir. Nashriyotlarda o‘zbekcha kitoblar chiqarishning ikki-uch hissa kamayib ketgani, she’riy kitoblar nusxalarining keskin qisqargani oqlab bo‘lmas holdir. Ilmiy asarlar ruscha yozilmasa, o‘tmaydi; ilmiy unvon olish uchun yoshgina olim o‘z ona tilini chetlab o‘tishiga yoki yonidan pul to‘lab, yozganini tarjima qildirib, ilmiy ishini yoqlashga majbur! Kinossenariylar ruscha yozilmasa, qabul qilinmaydi. Ba’zi tashkilotlarda, norasmiy tarzda bo‘lsa-da, ruscha ariza va iltimosnomalar yozish talab etiladi. Rasmiylashtirish — kadrlar bo‘limida tarjimayi hol va boshqa ma’lumotlar faqat rus tilida yoziladi.
Kishilar ko‘nglida, ayniqsa, xalqning fikrlovchi, ziyoli vakillari ko‘nglida rus tiliga nisbatan g‘ashlik hissini qo‘zg‘ashning nima keragi bor? Ularni ruhiy azobga qo‘yishning nima xosiyati bor? Axir, u qadimgi mash’um istibdod zamonlari ediki, fors tili — she’riy til, arab tili — ilmiy til bo‘lib, qonunsiz qonunlashgan edi. Yana Leninga murojaat qilamiz. U yozadi:
“Turgenev, Tolstoy, Dobrolyubov, Chernishevskiy tili — ulug‘ va qudratli til ekanini sizlardan ko‘ra yaxshiroq bilamiz… Biz faqat birgina narsani: Majburiylik elementi bo‘lishini xohlamaymiz. Biz jannatga kaltaklab kirgizishni xohlamaymiz. Chunki ’madaniyat’ haqida siz har qancha chiroyli gaplar gapirsangiz ham, majburiy davlat tili majbur qilishga, urib o‘rgatishga olib boradi. Biz, ulug‘ va qudratli rus tilini hech bir kishining kaltak ostida o‘rganishi uchun hojat yo‘q, deb o‘ylaymiz”. Bugungi kunda bizning milliy siyosatimiz, tenglik, do‘stlik, qardoshlik to‘g‘risidagi go‘zal va jo‘shqin shiorlarimiz amalda yashamog‘i, jamiyat erkinligi bugungi inqilobiy davrda to‘la tiklanmog‘i lozim.
Ustoz Abdulla Qahhorning “Til haqida nutq”i, oradan yillar o‘tib, “Yoshlik” oynomasining 1987-yilgi 9-sonida e’lon qilinadi. Maqoladagi ushbu haqqoniy so‘zlarni esga olaylik va fikrlab, ona tilimizning bugungi qismati to‘g‘risida oqilona xulosa chiqaraylik: “‘O‘zbek tili baribir yo‘qolib ketadi, konstitutsiyadan o‘zbek tili va davlat tili degan gapni chiqarib tashlash kerak’, degan tovushlar sovet kishilarining tovushi emas, imperializmning shaltoq propagandasiga oziq beradigan ig‘vogarlarning tovushidir”. Demak, konstitutsiyamizdan “davlat tili” degan nuqtaning olib tashlanganligi muxoliflarimiznigina quvontirgan, ularning karnay-surnaylariga kuch bergan bo‘lishi shubhasiz. Bu adolat qayta tiklanmog‘i zarur! “Sotsialistik” O‘zbekiston tarixiga nazar tashlab, ko‘rgan kunimizdan qanoatlanmaymiz. Kompartiya rahbariyati ba’zi bir xatolarni, Stalin shaxsi bilan bog‘liq ayrim nojo‘ya qilmishlarni tanqid qilib, kechirib bo‘lmas hol, deb baholadi. XX asrning 29-yiliga qadar asosan ikki imlo tarixini boshdan kechirganligi: Avval arab alifbosidan lotin alifbosiga, keyin lotin alifbosidan yangi rus alifbosiga o‘tganligi, o‘sha yillardagi ijtimoiy adolatsizlikning bir ko‘rinishidir. Bu hol xuddi xalqni o‘z tarixidan, madaniy merosidan uzib qo‘yish uchun atay qilingandek noxush taassurot uyg‘otadi.
Biz rus imlosi orqali dunyo madaniyatidan xabardor bo‘ldik, zamonni tanidik. Ammo eski imloni bilguvchilar, madaniy merosni o‘rganuvchilar tobora kamayib ketayotgani ayni adolatsizlik emasmi? Bu xatoni faqat xayrli ishlar bilangina tugatish mumkin. Menimcha, Toshkent, Samarqand davlat dorilfununlari va jumhuriyatimizdagi barcha pedagogika institutlarida “Eski o‘zbek tili” (“imlosi)” fakultetlari ochmoq, hech bo‘lmaganda, til-adabiyot fakultetlari qoshida shunday bo‘limlar tashkil etmoq zarur. Bunday tadbir Xalq ta’limi vazirligining lenincha milliy siyosatga, ijtimoiy adolatga ehtiromi ifodasi bo‘lardi. Shuningdek, g‘oyaviy jihatdan g‘oyat ishonchli bo‘lgan “Oydin” ro‘znomasini faqat chet elda emas, jumhuriyatimizda ham tarqatmoq lozim. Bundan xalqlar do‘stligi, baynalmilalchilik g‘oyasi, sotsialistik voqelik hech qanday zarar ko‘rmaydi. Oliy o‘quv yurtlarida “tahrir ilmi”ni qat’iy joriy qilmoq zarur. O‘zbekiston noshirlari, matbuot xodimlari o‘rtasida haqiqiy jonkuyar muharrirlar juda oz, afsus, juda ham oz! Bir mahallar “Guliston” oynomasi maktabidan chiqqan — Vahob Ro‘zimatov boshliq tahrirchilar, Mahmud Sa’diy, Abdulla Sher, Erkin A’zam, Xayriddin Sulton, Sulaymon Rahmon, Ahmad A’zam kabilar tajribasidan foydalanmoq lozim.
Yana bir muammo: hanuz o‘zbekcha yozuv mashinkalari chiqarilmaydi. Kishilar yonidan 60—70 so‘m to‘lab, o‘zbekchalashtirib oladilar. Boshqalar 230 so‘mga oladigan mashinka o‘zbek uchun 300 so‘mga tushadi. Viloyatlarda esa bunday usta ham yo‘q. Ko‘plab nohiya ro‘znomasi idoralarida matn ruscha mashinkada ko‘chirilib, keyin “o‘”ga qalpoq, “g‘”ga belbog‘, “q” va “h” ga dum qo‘yib chiqiladi! O‘zbekiston Davlat nashr qo‘mitasi, Yozuvchilar va jurnalistlar uyushmalari mashinka chiqaradigan zavodlarga buyurtma berib, bu muammoni hal qilishlari mumkin. Savdo tashkilotlari ham bu xayrli ishdan o‘zlarini olib qochmaydilar, deb o‘ylaymiz.
Bunday tadbirlar kishilarning vatan, xalq, jamiyat kelajagiga bo‘lgan umid va ishonchlarini mustahkamlaydi. Qayta qurish va oshkoralik mevalarini ko‘rmoq har bir vijdonli kishining orzu-istagidir.
Mirzo Kenjabek
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 1989-yil 24-fevral
Izoh (0)