2021-yilning yanvar—sentabr oylari natijalariga ko‘ra, Chevrolet’ning ikki modeli — Cobalt va Nexia Qozog‘istonda eng ko‘p sotilayotgan avtomobillar bo‘lib qolmoqda. Ushbu davr mobaynida 79 444 dona avtomobil sotilgan. Bu haqda Qozog‘iston avtomobil biznesi assotsiatsiyasiga (AKAB) tayanib, UzAuto Motors xabar berdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ma’lum qilinishicha, Cobalt va Nexia avtomobil modellari mamlakatdagi sotuv liderlariga aylangan. Ushbu modellar umumiy hisobda 22 383 dona sotilgan bo‘lib, bozordagi ulushi, taxminan, 28,17 foizni tashkil etadi. Qozog‘istonliklar 10 769 dona Cobalt, 9112 dona Nexia xarid qilgan. Uchinchi o‘rinni 7502 ta sotuv ko‘rsatkichi bilan Hyundai Accent egallagan.

Ta’kidlanishicha, Qozog‘istonda 2020-yilga nisbatan UzAuto Motors avtomobillari sotuvi 5 barobarga oshgan.

“Shu bilan birga, Qozog‘istonda ushbu modellar bizning mamlakatdagidan ko‘ra taxminan 1000 dollarga qimmat. Umuman olganda AKAB ushbu davr mobaynida yengil avtomobillarning bozordagi optimal o‘sishini ta’kidladi. 2020-yilga nisbatan o‘sish 36,3 foiz bilan saqlandi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Cobalt 2021-yilning martida Qozog‘istondagi avtomobil savdolari bo‘yicha birinchi o‘rinni egallagandi. UzAuto Motors birinchi yarim yillikdagi eksportining 94 foiz ushbu mamlakatga ketgan, eksportning o‘zi ishlab chiqarishning qisqarishi fonida ikki barobar oshgan — xuddi UzAuto Motors’ning sof foydasi kabi.

Shu bilan birga, Spot’ning yozishicha, O‘zbekistonning o‘zida Cobalt modelini xarid qilishga uzun navbat davom etmoqda. Avgust oxiri — sentabr boshlarida Cobalt xaridi uchun navbatda turganlar soni 11,6 ming kishidan oshgan, hozirda esa “O‘zavtosanoat” botiga ko‘ra — 9311 ta.