Do‘stiga yozgan xati sabab Stalin qamoqxonasiga tashlangan, keyin Sibirga surgun qilinib, o‘n yilini tahqir, xor-zorlikda o‘tkazgan, sho‘rolarning qamoqxonalar tizimi kirdikorlarini fosh qiluvchi “GULAG arxipelagi” asarlar turkumini yozib, qishloq maktablarida matematika fanidan dars bergan Aleksandr Soljenitsin 51 yil oldin, 8-oktabr kuni adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq topilgan edi.
“10 yoshga to‘lmayoq “Urush va tinchlik”ni o‘qib tugatdim”
1918-yilning 11-dekabrida Kislovodskda tug‘ilgan Soljenitsin dunyoga kelmasidan avval yetimga aylanib ulguradi: otasi ov payti o‘q yeb halok bo‘lgan, onasi Taisiya Shcherbakning hikoyalarigina o‘g‘lining xira tasavvurlarini to‘ldirib turardi. “Otam Moskva universitetining filologiya fakulteti talabasi edi. O‘qishni tamomlashga ulgurmay, 1914-yili urushga ko‘ngillilar qatorida otlanadi. Nemis frontida artilleriya ofitseri bo‘lgan. Urushning oxirigacha qatnashgan. Tug‘ilishimga olti oy qolganida vafot etgan”, — deb yozgandi adib avtobiografiyasida.
Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, butun Rossiyada bolsheviklar hokimiyati butkul o‘rnatiladi-yu, ommaviy talon-toroj, ur-yiqitdan Soljenitsinlar xonadoni ham chetda qolmaydi — uydagi katta-kichik jihoz, ko‘zga ko‘ringulik buyumning bari tortib olinadi. Hali yoshiga yetmagan go‘dagini bag‘riga bosib, Taisiya Rostov-Donga ko‘chib ketadi va u yerda stenografistlikka ishga joylashadi. O‘sha paytlari ingliz, fransuz tillarini boshqalardan tuzukroq bilishiga qaramay, quloqning qizini hech kim yurak yutib balandroq haq to‘lanadigan ishga olavermasdi.
“Otamning Birinchi jahon urushidan olgan uch ordeni onam ikkimizni doim qo‘rquvga solardi. Esimda, qo‘rqqanimizdan, o‘ra qazib, o‘shaning ichiga kirib olganmiz bir gal... Onam meni juda qiyin sharoit, zamonda tarbiyaladi. Har doim allaqanday mulkdorlardan katta haq evaziga boshpana olardik va ko‘chib kirganimizda boshpana qayta tiklanayotgan otxona bo‘lib chiqardi”, — deya eslagan yozuvchi xotiranomalarida.
1926-yili o‘rta maktabga qadam qo‘ygan mitti Soljenitsin Lev Tolstoy asarlari shaydosiga aylanadi va 10 yoshga to‘lmay “Urush va tinchlik”ni o‘qib bitiradi. Bolaligidan yozuvchi bo‘lishni orzu qilgan bolakay o‘zicha sarguzasht hikoyalar yozar, hatto ishtiyoqi zo‘rligidan ikkita qo‘lyozma gazeta ham “nashr” etadi.
“Adabiyot emas, matematika o‘limdan qutqardi…”
1936-yili maktabni oltin medal bilan tamomlagach, kirish imtihonlarisiz Rostov davlat universiteti talabalari safiga qo‘shiladi. “Adabiyot bo‘yicha durustroq ta’lim olishni xohlardim, lekin menga ma’quli Rostovda yo‘q edi. Yolg‘iz va kasalmand onamni tashlab, yana kamtarona turmushimiz sabab Moskvaga borib o‘qishga imkon topolmadim. Shuning uchun Rostov universitetining matematika fakultetiga hujjat topshirdim. Matematikaga qobiliyatli edim. O‘qishda qiynalmadim. Bu fan hayotimni ikki marta asrab qoldi. Matematik deb to‘rt yilcha ‘Sharashka’da saqlashmaganida, bilmadim, lagerdagi 8 yilni qanday o‘tkazardim. Surgunlikda fizika va matematikadan dars berishimga ruxsat tegdi. Bu esa qiynoqlarni sal yengillashtirib, yozishga imkon berdi. Agar adabiy ta’lim olganimda, boshimdan o‘tgan sinovlardan omon qolishim dargumon edi. Oldimga juda katta taqiq, cheklovlar qo‘yilgan bo‘lardi. To‘g‘ri, 1939–1941-yillari Moskva institutining Tarix-falsafa-adabiyot bo‘limida sirtdan o‘qib olgandim”, — degandi adibning o‘zi.
Universitetdagi matematika o‘qituvchisi Dmitriy Morduxay-Boltovskiy yozuvchining “Birinchi aylanada” romanidagi Dmitriy Goryainov-Shaxovskiyning prototipi. Morduxay-Boltovskiy o‘sha yillari Nyu-York fanlar akademiyasi va Sorbonna universitetining faxriy a’zosi edi, biroq SSSR olimning zodagonlar oilasidan kelib chiqqanini “inobatga olib”, jamiki unvonlarini bekor qilgandi.
Ro‘zg‘orga qarashish, yolg‘iz onasiga ko‘maklashish ilinjida talaba Soljenitsin vokzallarda hammollik, katta kurslarga repetitorlik qilib, uch-to‘rt tanga topishga urinadi. Universitetdagi darslardan ortib, adabiyotni astoydil o‘rganadi. Fakultet gazetasiga muharrirlik qilib, adabiy to‘garaklarda qatnashadi, “Qaldirg‘och”, “O‘n to‘qqiz”, “Evarist Galua” kabi ilk asarlarini yozadi.
O‘qishda bo‘lg‘usi rafiqasi Natalya Reshetovskaya bilan tanishadi-yu, sevgi-muhabbatni tezda nikoh bilan mahkamlash uchun ota-onalaridan yashirincha oila qurishadi. “Bu tarjimayi holimdagi eng og‘riqli nuqta, — degandi yozuvchi. — Onam bilan qil o‘tmas do‘st edik, unga har doim ko‘maklashardim. Har qanday holatda o‘zimga hech narsa talab qilmas, na o‘yinchoq, na biror sovg‘a so‘rardim. Lekin yuqori sinfga o‘tgach, onamdan uzoqlasha boshladim. Mustaqil hayotimni qurgim keldi. Natasha Reshetovskayaga munosabatim mutlaqo tushunarsiz edi. Onam uni yoqtirmasligi aniq, lekin o‘ta farosatli bo‘lgani uchun menga lom-mim deb og‘iz ochmadi, ta’sir ko‘rsatishga urinmadi, ruhimni cho‘ktirmadi. Men esa bundan juda foydalandim — istaganimcha yashadim”.
Otboqardan ofitser chiqsa
Ichki ishlar vaziri Vyacheslav Molotovning 1941-yil 22-iyunda “Urush boshlandi!” degan xitobini eshitgach, Soljenitsin hammadan burun Moskvaga shoshadi. To‘ppa-to‘g‘ri harbiy komissariatga borib, tezda urushga jo‘natishlarini so‘raydi. Lekin yonida harbiy bileti yo‘qligi uchun ortga qaytariladi. Rostov-Donda esa unga negadir sog‘lig‘ini ro‘kach qilib, harbiy bilet berilmaydi. O‘rniga xotini ikkisini Rostov viloyatidagi do‘ppidek shahar — Morozovskka, mahalliy maktabga matematikadan dars berishga yuborishadi. Qaysar Aleksandr taslim bo‘lishni xayoliga ham keltirmay, qayta-qayta harbiy komissariatga boraverar, urushga jo‘natishlarini talab qilib hatto she’r ham yozadi.
Soljenitsin maqsadiga yetadi: 1941-yilning 18-oktabrida urushga safarbar qilinib, otliq transport batalyoniga oddiy askar sifatida olinadi. Otlarga qarash, boqish va parvarishlash uning zimmasiga tashlanadi.
1942-yil dekabrida Soljenitsin Saranskdagi artilleriya razvedka batareyasi komandiri etib tayinlanadi. Unga dushman o‘qlarini kuzatish, keyin artilleriyaning aniq koordinatalarini uzatish topshiriladi. Jangning birinchi soatlarida Sovet qo‘shinlari 17 ta dushman batareyasini bostiradi, ularning beshtasini Soljenitsin aniqlagan koordinatalar sabab yo‘q qilishadi. Xizmati evaziga unga II darajali Vatan urushi ordeni beriladi.
Xatlar uchun jazo — 10 yillik qamoq
1943-yili yozuvchi frontda do‘sti Nikolay Vitkevichni uchratib qoladi. Uchrashuv badali esa juda qimmatga tushadi. Ikkisi o‘zaro xat almashib, xizmatda duch kelayotgan muammo, xato-kamchiliklarni maktublarida yoza boshlashadi. Armiyadagi senzuradan ikkisi ham cho‘chimay, bor gapni ro‘y-rost so‘zlayveradi. Sekin-asta do‘stlar hukumat, hokimiyat, Stalinni Lenin g‘oyalarini “buzish”da tanqid qilishga o‘tishadi. 1944-yil yanvarida ikkisi yana uchrashib, urushdan keyingi terrordan so‘zlaydigan “Rezolyutsiya-1”ni yozib, atrofdagilarni rejimga qarshi bosh ko‘tarishga chaqiradi.
Ushbu hujjat ortidan 1945-yil 9-fevralda Soljenitsin qamoqqa olinib, bor unvon, ordenlari bekor qilinadi. Tintuv vaqti bundan-da “dahshatli” qog‘ozlar: “Rezolyutsiya” qatorida harbiy do‘stlarining hikoyalari bitilgan kundaliklar topiladi. O‘n kundan keyin Moskvaga olib ketilgan adibni sovet rejimiga qarshi targ‘ibot va kontrrevolyutsiyada ayblab, 1945-yil mayigacha so‘roq-savol qilishadi. Soljenitsin esa hamma ayblovlarni tan oladi.
“Qamoqdaligim ahamiyatsiz. Menimcha, otishmasa kerak. Aksincha, bu yerda yanayam aqlim to‘ladi. Bu yerda ko‘p narsani anglayman, Osmon! Xatolarimni to‘g‘rilayman — ularning oldida qilganlarimni emas – sening oldingdagisini, Osmon! Bu yerda ularni tushunib yetdim — hammasini to‘g‘rilayman”, — deya keyinchalik yozadi adib “GULAG arxipelagi” romanida.
1945-yilning iyulida yozuvchi 8 yillik majburiy mehnat lageri va muddat tugagach umrbod surgunga hukm etiladi. Besh yilini Moskva yaqinidagi lagerlarda o‘tkazgach, Yangi Quddusdagi punktda bir qancha vaqt gil (maxsus loy) chuqurida ishlashga o‘tkaziladi. Keyinchalik Kaluga postidagi qurilish lageriga ko‘chiriladi.
“Qamoqqa olingunimcha ko‘p narsani tushunmagan ekanman. Adabiyotni tuzuk-quruq bilmay, unga nega kerakligim va u menga nega kerakligiga sira fahmim yetmasdi. Hikoyalarga hadeb yangi mavzu topaverishdan oxiri charchadim. Qamalmaganimda, yozuvchi bo‘lardim (bo‘ldim) degan o‘yning o‘zi qo‘rqinchli”, – deya xotirlagandi adib.
Soljenitsin lagerdagi ayrim to‘garaklarga jon-dili bilan qatnashar, hatto musiqa ansambliga qo‘shilib, turmalar bo‘ylab gastrol “safarlar”i uyushtirishardi. Ushbu g‘arib san’atkorlar jamoasi haqida keyinchalik “Mehnat respublikasi” asari dunyoga keladi.
1946-yil bahorida Soljenitsinning frontdagi bo‘linmasi negadir ijobiy xarakterdagi tavsifnomani yuboradi. O‘sha paytlari quloqqa onda-sonda Lavrentiy Beriya oliy ma’lumotlilarni o‘ta maxfiy vazifaga jalb etayotgani haqidagi mish-mishlar chalinardi. Qo‘rquvini tavakkalga almashtirib, Soljenitsin ham lagerdagi maxsus kartochkaga “yadro fizigi” deb yozib qo‘yadi va tez orada so‘roqqa chaqiriladi. Ammo uning yolg‘on ishlatganini bilib qolishib, Ribinskdagi radiotexnikumga — sudlangan muhandislar ishlayotgan aviatsiya korxonasiga o‘tkazishadi. Olti jon bazo‘r sig‘adigan xona, kuniga bir mahal issiq ovqat, 800 gramm non va 40 grammcha shakar berilishi hisobga olinsa, Soljenitsin GULAGdagi sharoitdan jannatga tushgandek edi. Negadir uni tez-tez boshqa korxonalarga o‘tkazishardi. Eng ko‘p ishlagan joyi esa Marfino maxsus obyekti bo‘lib, bu yerda kutubxonachilikka tayinlanadi.
1947-yili Marfinoga ikki mahbus: faylasuf Dmitriy Panin va adabiyotshunos Lev Kopelyev keltiriladi. Uchovlon do‘st tutinib, “Birinchi aylanada” romanining bosh qahramonlariga aylanadi. Shu yillari adib “Yo‘lginam” poemasi va “Inqilobni sev” qissasini yoza boshlaydi. Asar matnini saqlasa, boshi ketishini bilgani uchun butun boshli qissa, romanlarini esida saqlab, xotirasiga mahkam muhrlab, keyin yoqib yuboraveradi.
1948-yili Soljenitsinni qamoqqa tushishiga sababchi bo‘lgan do‘sti Nikolay Vitkevich ham Marfino maxsus obyektiga yuboriladi. Eski oshnachilik qaytadan tiklanadi. O‘sha paytlari adibning rafiqasi Natalya Reshetovskaya ajrim haqida tinmay xat yozib, javobini berishini so‘rar, Moskva davlat universitetining kimyo laboratoriyasida yangi pog‘onalarga ko‘tarilayotgani va eri bilan aloqani uzmasa, mansabda yuqorilamasligini shama qilib, qat’iy talabini qo‘yadi.
Yillarni o‘margan bir kun
Rafiqasiga javobini bergach, Soljenitsin Marfinodan Qozog‘istonga — siyosiy mahbuslar lageriga tosh teruvchi qilib yuboriladi. Xuddi shu yerda xayoliga g‘alati fikr keladi. Mahbusning kunlari qanday o‘tishini tasvirlash, “yillarni o‘margan o‘sha kun” haqida yozish ishqi tinchini o‘g‘irlaydi.
Stalin qamoqxonalaridagi 8 yillik hukm tugagach, Soljenitsinni endi umrbod surgun kutardi. Qozog‘istonning olis Ko‘kterak qishloqlarida yurarkan, sal bo‘lsa-da erkinlikka chiqqani, qamoqdagi zax, chirik xonalardan qutulganiga quvonib, o‘pkasini to‘ldirib nafas oladi.
“Eshaklar kuylaydi! Tuyalar kuylaydi! Hammasi menga qarab kuylaydi: ozodlik! Ozodlik!”, – deb yozadi “GULAG arxipelagi”da.
Yozuvchini bu yerga 1953-yil 4-mart kuni keltirishadi. Bir kechani ochiq osmon ostida o‘tkazgach, ertasi kuni millatlar dohiysining vafoti xabari yetadi. Bir oydan keyin mahalliy maktabda matematika va fizikadan muallimlik qila boshlaydi.
1956-yil — jamiki “xalq dushmanlari”, tahqirlangan-xo‘rlangan, otilganlar, surgun qilinganlar oqlanmagunicha Soljenitsin Qozog‘istonda qolib, o‘qituvchiligini davom ettiraveradi. 1955-yili “Birinchi aylanada” romani ustida jiddiy ish boshlaydi. Har ehtimolga qarshi, qog‘ozdan ko‘ra fotoapparat negativlarini yashirish qulayligi uchun, fotoapparat sotib oladi va qo‘lyozmalarini birin-ketin fotokameraga muhrlab qo‘yaveradi.
1959-yili – oqlanganiga 3 yil to‘lib, sobiq rafiqasi bilan aloqalarni qayta tiklab, hayotini izga tushirib olgach, “Ivan Denisovichning bir kuni” asarini yozishga o‘tiradi va 40 kunda barini tugatadi-qo‘yadi. Biroq bu qissasi va yana bir qancha asarlarini chop ettirishga negadir shoshilmaydi, uzoq o‘ylaydi, ikkilanadi, orqaga suraveradi. “Новый мир”ga o‘zim bormadim: oyog‘im tortmadi, muvaffaqiyat qozonishga urinmadim. 43 ga kirganman. Tahririyatga boshlovchi bolakay kabi salanglab borishga ancha ulg‘aygan edim. Qamoqdagi do‘stim Lev Kopelyev qo‘lyozmalarni eltishni zimmasiga oldi. Oltita yupqa-yupqa, ikki tarafiga zich qilib bitilgan qog‘ozlar edi. berdim-u, vujudimda titroq uyg‘ondi. Yo‘q, yosh, shuhratga o‘ch muallifning emas, lagerning qari, qichima, o‘zidan iz qoldirishga yaramaydigan mahbusining hissiyotlari edi”.
“Новый мир” muharriri Aleksandr Tvardovskiy mamnuniyat bilan qissani qabul qilib, Soljenitsinni Moskva tahririyatiga taklif etadi. Qissaga haq ikki baravar ko‘p to‘lanadi – birgina bo‘nakning o‘zi o‘qituvchining ikki yillik maoshiga teng edi. To‘liq bir yil Tvardovskiy asarni chop etishga ruxsat so‘rab tinkasi quriydi. O‘sha yillari nomi ulug‘, mansabi baland, dimog‘i chog‘ yozuvchilar — Samiul Marshak, Konstantin Simonov, Korney Chukovskiylarning taqrizlarini jamlab, oxiri Nikita Xrushchyovning qabuliga shaxsan o‘zi otlanadi. Bosh kotib “asar partiya pozitsiyasiga moslab yozilgan” deb ruxsat bergach, 1962-yili “Ivan Denisovichning bir kuni” dunyo yuzini ko‘radi.
Asar birgina SSSRda emas, balki Parij, London, Nyu-Yorkda ham shuhrat cho‘qqisiga chiqadi. Muallifni Yozuvchilar uyushmasiga a’zolikka qabul qilib, Lenin mukofotini berishadi.
Xrushchyov amalidan tushgach, Soljenitsinga ham munosabat birdan o‘zgaradi. Asarlari o‘zidan o‘zi “qora ro‘yxat”ga tirkalib, nashri to‘xtatiladi. Yozuvchining L. I. Brejnevga yozgan maktublari esa foyda bermaydi.
227 + 1 mahbus taqdiri jamlangan asar
Tushkunlik nimaligini qamoqxonalarga tashlab kelgan Soljenitsin tinmay yozishga chog‘lanadi. Matnlarni mashinkada terishga qiynalgani uchun do‘stlaridan biror yordamchi topib berishlarini so‘raydi. O‘rtoqlari uni Natalya Svetlova bilan tanishtirib qo‘yishadi. Vaqt o‘tib, ikkisi bir-biriga ko‘ngil qo‘yadi va bu gal Soljenitsinning o‘zi birinchi rafiqasidan ixtiyoriy ajrashadi.
“GULAG arxipelagi” romani birin-ketin qog‘ozga to‘kila boshlaydi. Asar SSSRdagi qatag‘onlarni o‘zida jamlab, 227 mahbus va yozuvchining ko‘rgan-kechirganlari asosiga quriladi. Ishni tugatgach, Soljenitsin har ehtimolga qarshi, qo‘lyozmaning bir nusxasini yozuvchi Leonid Andreyevning nabirasi Aleksandr Andreyev orqali xorijga chiqarib yuboradi. “Quyidagicha buyruq olgandim. Oldindan belgilangan metro bekatiga bordim, tanish kishini ko‘rgach, u bilan birga vagon ichiga kirdim, bir-birimizni tanimaydigan begonalardek ketdik. Metrodan chiqib, biz ‘Moskvich’ga o‘tirib, Moskva bo‘ylab aylandik... ‘O‘rindiq tagiga qara!’, – dedi u. Oyog‘im ostida ikkita bankada tuzlama bor edi – biri kamroq, biri ko‘proq. Ikkisida 35 millimetrli plyonkaga o‘ralgan ‘Arxipelag’ turardi”, – deb eslaydi asarni xorijga eltgan vositachi.
1970-yili adibga “Ulug‘ rus adabiyoti an’analaridan oziqlangan ma’naviy kuchi uchun” Nobel mukofoti beriladi. SSSRga qaytishiga ruxsat bermasliklaridan cho‘chib, yozuvchi taqdirlash marosimiga bormaydi. Do‘sti, violonchel ustasi Mstislav Rostropovichning dala hovlisida o‘tirib, marosim radiotranslyatsiyasini eshitadi, xolos. 1974-yilga kelibgina, baribir, Rossiyadan quvib solishgach, mukofotni rasman qo‘liga oladi.
“GULAG arxipelagi”ning nashr etilishi SSSRda go‘yo bombadek portlaydi. “SSSR fuqarosi unvoniga dog‘ tushirgan xatti-harakatlari uchun” muallifning fuqaroligi olinib, mamlakatdan badarg‘a qilinadi. Avvaliga Fransiya, so‘ng Shveysariyadan qo‘nim topib, oxirida Amerikaning Vermont shtatida kun kechirishni afzal biladi. Bu yerda publitsistik materiallar yozib, “Rossiya mahbuslari va ularning oilalariga yordam berguvchi jamoat fondi”ga asos soladi.
“Qalam haqlarimning beshdan to‘rt qismini fondga ajratdim, bir qisminigina oilam xarajatlariga sarfladim. Quvg‘indaligimda ‘Arxipelag’ning qalam haqini mahkumlarga tortiq etganimni oshkora aytgandim. ‘Arxipelag’dan keladigan daromadni o‘zimniki sanamayman — u Rossiyaning o‘z-o‘ziniki — baridan avval siyosiy mahbuslar, birodarlarimizga tegishli. Shunday qilib vaqti keldi, kechiktirmang! Yordam bir marta emas, balki iloji boricha tezroq kerak bo‘ladi”, — degandi u muhojirlikda yashagan vaqti.
Qayta qurish yillari yozuvchi va SSSR o‘rtasidagi aloqalar ancha yumshadi. 1989-yili “GULAG arxipelagi”dan bo‘limlar nashr etildi va kelasi yili yozuvchining o‘zi Rossiyaga qaytib, RSFSRning Adabiyot mukofotiga loyiq topiladi. Soljenitsin esa buni rad etib: “Mamlakatimizda GULAG kasalligi bugun ham – na huquqiy, na ma’naviy jihatdan yengilmagan. Bu kitob million-million mazlumlarga bag‘ishlangan va men buning evaziga mukofot, shuhratga ko‘milolmayman”, — deydi. 1993-yili rafiqasi bilan o‘zaro kelishib, “Yevropaga xayr” degancha umrbod yashash uchun Rossiyaga qaytib kelgan yozuvchi 2008-yil 90 yoshga kirishiga to‘rt oygina qolganda ona yurtida vafot etadi.
Izoh (0)