Rossiyaning Mail.ru Group korporatsiyasi o‘z nomini VK’ga o‘zgartiradi. Bu haqda kompaniya bosh direktori Boris Dobrodeyevga tayanib Meduza xabar berdi.

Foto: “RIA Novosti”

Dobrodeyevning so‘zlariga ko‘ra, kompaniyaning yangi va yagona VK brendi nafaqat korporativ darajada, balki “bir-biri bilan bog‘liqligi foydalanuvchilarga har doim ham ma’lum bo‘lavermaydigan mahsulotlarda” namoyish etiladi.

“Kompaniyaning yagona brendi bizning ekotizimimiz taqdim etadigan barcha imkoniyatlarni — muloqot va o‘yinlar, ta’lim (maktabdan to professional darajagacha), dori-darmon va oziq-ovqat yetkazib berish, taksi, avtomobil almashish, onlayn xaridlar va boshqalarni aks ettiradi”, — dedi Dobrodeyev.

Kompaniyaning ba’zi loyihalari va servislari qayta nomlanadi hamda ularning nomlari va logotiplariga VK old qo‘shimchasi qo‘shiladi. Xususan nomlar quyidagicha o‘zgaradi:

  • “VK Мuzika” (musiqa, sobiq Boom);
  • “VK Rabota” (ish, sobiq Work);
  • “VK Obyavleniya” (e’lonlar, sobiq Юла);
  • “VK Znakomstva”(tanishuv, sobiq Lovina).

Kompaniyaning “Odnoklassniki”, “VKontakte” va Mail.ru elektron pochtasi kabi taniqli servislari eski brendlarini saqlab qoladi.

Ma’lumot uchun, Mail.ru Group 2014-yilda “VKontakte”ning egasiga aylanganidan so‘ng VK brendini faol rivojlantira boshladi. Mail.ru Group’ning o‘zi 2005-yilda tashkil etilgan. Kompaniya shu paytgacha biror marta ham o‘z nomini o‘zgartirmagandi.