Qamchiq dovonida 9-oktabr kuni soat 07:30 larda MAN yuk mashinasi YTHga uchradi. Bu haqda YHXBB matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: YHXBB matbuot xizmati

Qayd etilishicha, Namangan viloyati hududidan o‘tgan A-373 Toshkent—O‘sh avtomobil yo‘lida, Qamchiq dovonida haydovchi MAN rusumli yuk avtomobilida harakatlanayotib, 234-kilometrga yetgan vaqtda boshqaruvni yo‘qotgan va transport vositasi qarama-qarshi oqimni ajratuvchi to‘siqqa urilgan.

FVV ma’lumotiga ko‘ra, buning oqibatida 20 tonna uzum ortilgan yuk mashinasi yo‘lning harakat qismiga xalaqit beradigan darajada to‘xtagan. Voqea joyiga zudlik bilan “Qamchiq” maxsus qidiruv, yong‘in-qutqaruv boshqarmasi qutqaruvchilari, YPX va “Qamchiqavtoyo‘l” ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi xodimlari yetib kelgan. Qutqaruvchilar maxsus texnikalar yordamida soat 13:30 da hodisani to‘liq  bartaraf etib, YPX xodimlari harakat xavfsizligini ta’minlagan.

Hodisa oqibatida halok bo‘lgan va jabrlanganlar yo‘q. Hozirda qo‘shimcha surishtiruvlar olib borilmoqda.