Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Agar Eron o‘zining yadroviy dasturi bo‘yicha Qo‘shma harakatlar rejasiga diplomatiya yo‘li bilan qaytmasa, AQSh boshqa choralarni ko‘rishi mumkin. Bu haqda AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jeyk Sallivan Oq uyda bo‘lib o‘tgan Amerika—Isroil strategik maslahat guruhining navbatdagi yig‘ilishida ma’lum qildi.

Jeyk Sallivan

Jeyk Sallivan
Foto: APA

“Sallivan AQSh prezidenti Baydenning Isroil xavfsizligi va Eron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmasligi borasidagi asosiy majburiyatlarini ta’kidlab o‘tdi. Sallivanning ma’lum qilishicha, AQSh ma’muriyati diplomatiyani bunga erishishning eng yaxshi vositasi deb hisoblaydi, prezident agar diplomatiya muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, Qo‘shma Shtatlar boshqa variantlarga tayanishga tayyorligini aniq qilib bildirgan.” — deyiladi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi vakili Emili Xornning yig‘ilish yakunlari bo‘yicha yozma bayonotida. U qanday variantlar muhokama qilinayotganini aytmadi.

“Tomonlar mintaqa xavfsizligi va barqarorligiga ta’sir ko‘rsatadigan eng dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdi, shuningdek, Isroilga va mintaqaviy hamkorlarga tahdidlarga qarshi kurashish uchun umumiy qat’iylik bildirdi”, — deya qo‘shimcha qildi Xorn.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar va Isroil “ochiq va konstruktiv muloqotni davom ettirishga, Isroil milliy xavfsizligiga, qolaversa, mintaqaviy barqarorlikka ta’sir etuvchi hayotiy masalalar bo‘yicha idoralararo guruhlari o‘rtasida yaqin muvofiqlikni chuqurlashtirishga kelishib oldi”.

Avvalroq AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken yadroviy bitim bo‘yicha qaror qabul qilish navbati Eronda qolganini, ammo AQSh uni uzoq kutmasligini aytgandi.

“Ular (eronliklar) uch oydan buyon muzokara o‘tkazmadi. Ularda saylovlar bo‘lib o‘tdi, yangi hukumat tuzildi, lekin ular muzokaralarni davom ettirmadi. Demak, haligacha qaror qabul qilinmagan va to‘p ular tomonda qolmoqda, lekin bu uzoq davom etmaydi ”, — dedi Blinken.

Aprel oyidan buyon Vena shahrida Eron va xalqaro “beshlik” (Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy va Fransiya) o‘rtasida Eron yadroviy bitimini asl shaklida tiklash bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Tomonlar Amerikaning Islom Respublikasiga qo‘ygan sanksiyalarini bekor qilish, yadroviy sohadagi majburiyatlarini bajarish, shuningdek, AQShning bitimga qaytishini muhokama qilmoqda.

Shartnomaga a’zo davlatlar vakillari, shuningdek, Eron ishtirokisiz Amerika elchilari bilan alohida maslahatlashuvlar o‘tkazmoqda. Dastlab delegatsiyalar ishni may oyining oxirida, keyin iyun oyining boshida yakunlashga umid bildirgandi. 21-sentabr kuni Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Said Xatibzodaning aytishicha, yadroviy bitimni to‘liq qayta tiklash bo‘yicha muzokaralar bir necha hafta ichida Venada qayta boshlanadi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Sport
Mahmud Murodovning navbatdagi jangi sanasi va manzili aniq bo‘ldi
Mahalliy
O‘zbekistonliklar uchun Qozog‘istonda ro‘yxatdan o‘tmasdan qolish muddati 30 kungacha uzaytirildi
Mahalliy
“2022-yilda uy-joy narxlari ikkilamchi bozorda 28 foizga, aholi real daromadi esa 9 foizga oshdi” – Markaziy bank raisi