Qabziyat bugungi kunda nafaqat keksalar, balki yoshlar orasida ham katta muammoga aylangan. Uni bartaraf etuvchi dori vositalaridan tashqari, tabiiy usullar ham bor.
Harakat
“Harakat – bu hayot, hayot – bu harakat”. U asab tizimini muvozanatlashning eng yaxshi usullaridan biri. Qabziyatda yengil va ritmik harakat, masalan, yurish – asab tizimi uyg‘unligini tiklaydi, stress garmonlari darajasini pasaytiradi, ichaklarning to‘lqinli qisqarishini jonlantiradi va ularga o‘z vazifasini bajarishga yordam beradi. Shuning uchun har kuni 5000-10000 qadam yurish tavsiya etiladi.
Suv
Tanani nafaqat tashqaridan, balki ichkaridan yuvish uchun ham suv kerak. Yetarli miqdorda – har kilogramm vaznga 30-40 gramm suv ichish lozim. Chanqash hissi va peshob rangi to‘q bo‘lsa, bu organizmda suyuqlik yetarli emasligidan dalolat.
Kletchatka
Parchalanmaydigan kletchatka – don, bug‘doy kepagi, jo‘xori, guruch va sabzavot va mevalar po‘stida mavjud. Ular ichaklarning me’yorida tozalanishi uchun kerak. Kletchatkalar suvni shimib olib, ichakdagi narsalar hajmini 4-6 marta kattalashtiradi va ayni vaqtda ularni yumshatadi. Bu esa peristaltikani kuchaytiradi va ovqat so‘rilishini tezlashtiradi. Eriydigan kletchatkalar olma, sabzi, suli yormasi va asosan, dukkaklilarda ko‘p bo‘ladi. Ular ichak faoliyatini yaxshilaydi, chirish jarayoni va gaz hosil bo‘lishini sekinlashtiradi. Bu mahsulotlarni ham yetarlicha iste’mol qilish lozim.
Yog‘
Yog‘ iste’mol qilganda, safro ajralishi ko‘payadi. Parchalangan yog‘lar va safro kislotalari ichak peristaltikasini yaxshilaydi.
Probiotiklar
Ichakdagi bakteriyalar – vitamin va minerallarni ishlab chiqaradi, immunitet tizimini muvozanatlaydi, ovqat hazm qilish fermentlarining sekretsiyasini tartibga soladi. Organizmda zararli ovqatlar, antibiotiklar, noto‘g‘ri ovqatlanish, stress patogen bakteriyalar sonini ko‘paytiradi. Sog‘lom mikroflorani tiklash uchun har kuni probiotiklar qabul qilish kerak. Ular sut mahsulotlari – kefir, qatiq, pishloqda mavjud.
Ovqat hazm qilish fermentlari
Ovqat hazm qilish murakkab jarayon bo‘lib, unga ko‘plab omillar ta’sir qiladi. Chaynash paytida ajratilgan so‘lak oshqozonga tushadi va oshqozon shirasini ishlab chiqarishni rag‘batlantiradi. Ovqat o‘n ikki barmoq ichakka o‘tganda holatga qarab oshqozon osti bezi kerakli va yetarli fermentlarni ishlab chiqaradi. Yaxshi chaynalmasdan yutilgan ovqat bu jarayonni buzadi. Ichak mikroflorasi, fermentlar sekretsiyasi va ichak perestaltikasi yutilgan luqmaga bog‘liq. Ovqatni shoshmasdan yaxshilab chaynab yutish kerak. Qolaversa, jag‘ tishlari yo‘q bo‘lsa, ularni tiklash kerak.
Shifokor Xurshid A’zamxo‘jayev tavsiyalari asosida tayyorlandi.
Izoh (0)