Ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta maktab o‘quvchilarining o‘zaro janjallashayotgani aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent IIBB axborot xizmati ma’lumot berdi.
Ma’lum qilinishicha, 2021-yilning 28-sentabr kuni 94-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9 va 10-sinf o‘quvchilari va 145-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchilari Telegram messenjeri orqali o‘zaro gap talashib qolgan.
So‘ng ular shu kuni taxminan soat 13:20 larda Toshkent shahar Mirobod tumani Amir Temur ko‘chasida uchrashib, munosabatlarni hal qilmoqchi bo‘lgan. Mazkur uchrashuvga 20 nafarga yaqin maktab o‘quvchilari kelgan va ularning bir nechtasi o‘rtasida janjal boshlangan.
Holatdan xabar topgan hududiy profilaktika inspektorlari Yo‘ldashbekov Abuzohid va Isamuhamedov Timur zudlik bilan voqea joyiga etib kelgan va ularning aralashuvi bilan katta mojaroning oldi olingan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB tomonidan tekshiruv o‘tkazilmoqda, natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’kidlangan.
Izoh (0)