Samarqand avtomobil zavodi (SamAuto) eski modeldagi qator yuk mashinalari va avtobuslarni ishlab chiqarishni to‘xtatadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmatiga tayanib, Spot xabar berdi.
SamAuto hamkorlikda ishlab kelayotgan Isuzu kompaniyasi 729-avlodidan voz kechib, yangi 700P avlodidagi modellarni ishlab chiqarishga o‘tmoqda. Yangi modellarda qator qulaylik va yangilanishlar mavjud — masalan, markaziy qulf, konditsioner, shuningdek, takomillashtirilgan tormozlar.
Samarqanddagi zavodda hozirda 700P lineykasidagi modellarning bir qismi ishlab chiqarilmoqda. Mazkur qaror 729-avlodga kiruvchi modellarga taalluqli — Isuzu NPR 66PB, Isuzu NQR 71PL, Isuzu FVR 33P va Isuzu FVR 33G.
Ayni vaqtda O‘zbekistonda ikkala avlodga kiruvchi mashinalarni ham xarid qilish mumkin. SamAuto 729 avlodidagi mashinalarning egalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Yaponiyadan 1000 dona jamlanma ehtiyot qismlar buyurtma qilgan. Kompaniya yangi konfiguratsiyaga “silliq o‘tishni” ta’minlaydi.
“729-avlodga kiruvchi avtomobil egalari uchun ehtiyot qismlar keyingi 10 yil davomida ishlab chiqariladi”, — deydi SamAuto bosh direktorining marketing va savdo bo‘yicha o‘rinbosari Ilhom Yarashev.
Avvalroq Qozog‘istonda SamAuto SAZ LE60 avtobuslarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)