Suriyada o‘n yildan ko‘proq vaqt oldin boshlangan fuqarolar urushi oqibatida kamida 350 209 kishi halok bo‘lgan. Ushbu yangilangan statistika 24-sentabr kuni Jenevada Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Mishel Bachelet tomonidan taqdim etildi.

Foto: AFP

Bacheletning aytishicha, gap faqat ismi va o‘lim sanasi aniqlangan, qaysi viloyatda vafot etgani ma’lum bo‘lgan shaxslar haqida ketmoqda. Qurbonlarning haqiqiy soni bundan ancha ko‘p bo‘lishi kerak, dedi BMT komissari.

Uning ma’lumotlariga ko‘ra, 2011-yilning martidan 2021-yil martigacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga olgan ushbu statistikaga 27 126 bola va 26 727 ayol kiritilgan. Halok bo‘lganlarning aksariyati mamlakat shimoli-g‘arbidagi Halab viloyatiga to‘g‘ri keladi. “Bu o‘limlarning har biri qanchalik adolatsiz va dahshatli ekani bizni harakatga keltirishi shart”, — dedi Bachelet.

BMT Oliy komissarining ushbu masala bo‘yicha bundan avvalgi statistikasi 2014-yilda e’lon qilingan. Boshqarma ma’lumotlarni BMT Inson huquqlari kengashi nomidan to‘playdi.

Iyun oyida Suriya Inson huquqlariga rioya qilinishi ustidan nazorat markazi (SOHR) o‘z hisob-kitoblarida 10 yil davomida mamlakatda 494 438 kishi halok bo‘lgani haqida e’lon qilgandi. SOHR bayonnomasida ma’lum qilinishicha, halok bo‘lganlarning 160 ming nafari tinch aholi, shu jumladan, 25 ming nafarini 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil qiladi.

Bundan tashqari, 80 mingga yaqin suriyalik isyonchilar, 91 ming nafar Suriya armiyasi harbiysi, 40 ming nafar IShID va 28 mingga yaqin “Hayyat Tahrir ash-Shom” guruhi jangarilari halok bo‘lgan.

SOHR hisob-kitoblariga ko‘ra, bu vaqt ichida Suriyaning 2,1 milliondan ortiq aholisi turli darajadagi jarohatlar oldi yoki nogiron bo‘lib qolgan. Taxminan, 13 million aholi doimiy yashash joylarini tark etishga majbur bo‘lgan.