Qozog‘istonning Taraz shahri aholisi O‘zbekistonda birinchi atom elektr stansiyasi qurilishi boshlangani sabab o‘z xavotirini bildirdi, deyiladi Atameken Business News xabarida.

Foto: “TASS”

AESga qarshi mahalliy aholi o‘zbekistonliklar bunday keng ko‘lamli va xavfli loyihani qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikda qurish kerak, deb hisoblaydi.

“Bunday loyihani maslahatlashib, kerak bo‘lsa, bizning mamlakatni (Qozog‘istonni – tahr.) ruxsatini olib qurish kerak. Ana, Farg‘onasi bor – o‘sha yerga qurmaydimi?”, – deydi tarazlik fuqaro.

Nashr, shuningdek, mahalliy aholining bu haqdagi ijtimoiy so‘rovga bergan javoblarini ham e’lon qildi. Qozog‘istonliklar Chernobil falokati va bolalarining sog‘lig‘idan xavotirda ekanini qayd etishgan.

“Chernobil falokati esingizdami? Qancha odam nogiron bo‘lib qolgandi. Mening tanishlarim orasida o‘sha falokat jabrlanuvchilari bor. Bu kimga ham kerak? Men qarshiman.

Men bu loyihaga qarshiman. Bolalarim, nevaralarim bor. Bu bizga zarardan boshqa narsa bermaydi”, – deydi tarazliklar.

Qozog‘istonlik ekologlar ham loyihaga qarshi chiqmoqda. Ularning fikricha, O‘zbekiston atom elektr stansiyasidan olinadigan energiya narxining arzonligini ta’kidlamoqda, lekin atrof-muhit muammolarini inobatga olmayapti.

Boshqa mutaxassislar atom elektr stansiyasini tanqid qilishga shoshmayapti. Ularning fikricha, tinchlik yo‘lida foydalaniladigan atom 2030-yilga borib energiya yetishmovchiligidan chiqishning yagona chorasi hisoblanadi.

“Yildan yilga ilm-fan rivojlanmoqda, dunyoning turli olimlari Yer ekotizimini yaxshilashga harakat qilmoqda. Bu butun dunyoning muammosi, shuning uchun men buni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri deb ayta olmayman. O‘ylaymanki, olimlar atomdan tinchlik yo‘lida xavfsiz foydalanishga o‘tishni yaxshilab o‘ylab chiqqan”, – deydi mutaxassis Sauranbek Jamalbekov.

O‘zbekiston hukumati atom elektr stansiyasi tufayli 4 milliard kubometr tabiiy gaz tejalishiga umid qilmoqda.