Buxoroda mudofaa bo‘limi boshlig‘i 100 AQSh dollari va 12 bosh kurka polaponlarini pora tariqasida olayotganida qo‘lga tushdi, deb xabar beradi O‘zA.
Ma’lum qilinishicha, Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida Qorako‘l tumani mudofaa bo‘limi boshlig‘i Y.O. (1976-yilda tug‘ilgan ) xizmat mavqeyidan foydalanib, o‘zga bir fuqaroni aldab, uning ishonchini suiiste’mol qilgani aniqlangan.
Y.O. viloyat mudofaa boshqarmasi safarbarlik chaqiruv rezervi bo‘limi noziri vazifasiga ishga joylashtirgani uchun ta’magirlik qilib, o‘zining Qorako‘l tumani “Chekirchi” mahallasida joylashgan xonadonida kimyoviy ishlov berilgan 100 AQSh dollari va 12 bosh kurka bolalarini pora tariqasida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-modda (firibgarlik) 3-qismi va 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning iyunida Toshkent viloyatida harbiy qism mayori 3 ming dollar pora bilan ushlangandi.
Izoh (0)