Quruqlikning qoq o‘rtasidagi okean yoki o‘sib chiqqan o‘simlikni ko‘rgan kishi olam-olam emotsiyalarni his qiladi. Bunday noodatiy hodisalarga guvoh bo‘lib, tabiatning mukammal rassomligiga tasanno aytmay iloj yo‘q. Jumboqlarga to‘la ekani bilan kishini lol qoldiruvchi Yer sharining turli burchagida uchratish mumkin bo‘lgan kam uchraydigan hodisalar haqida ma’lumot berib o‘tamiz.

Tosh qotgan pufaklar

Foto: “Woman’s Day”

Ko‘rinishi o‘zga sayyoraning tubida yashiringan olamga o‘xshaydigan mazkur qotib qolgan pufaklarning real hayotda mavjud ekaniga ishonish qiyin. Ajoyib muzli aylanalar, qotgan metan pufaklaridan tashkil topgan. Ular suv ostida muzlab o‘ziga xos manzara kasb etadi. Sinoatlarga to‘la ushbu kam uchraydigan hodisani faqatgina qish kunlari shimoliy kenglikda joylashgan ko‘lda tomosha qilish mumkin. Ammo, mahliyo qilgani bilan o‘ziga yarasha xavfli ekanini ham yodda tutish kerak. Muz eriganida, metan pufaklari yorilishni boshlaydi va shovqin eshitiladi. Bu vaqtda yaqin joyda gugurt yoqilsa bormi, metan bir zumda alanga oladi.

Rang-barang ustun ko‘rinishidagi yorug‘lik

Foto: “Woman’s Day.ru”

Qishda guvoh bo‘lish mumkin bo‘lgan yana bir o‘ziga xos hodisa — yorug‘likning g‘aroyib ustun ko‘rinishida taralishi hisoblanadi. Tashqaridan bu go‘yoki kimdir o‘nlab projektorlarni yoqib qo‘ygandek yoki Yerga o‘zga sayyoradagi rivojlanish kelib qolgandek tasavvur uyg‘otadi.

Foto: “Woman’s Day.ru”

Foto: “Woman’s Day.ru”

Gap shundaki, ayozli havo katta miqdordagi muzli kristallardan tashkil topgan bo‘ladi. Shafaq yoki quyosh ko‘kka ko‘tariladigan zamon bir tartibda bo‘lgan muzli kristallarda quyosh nuri aks etib, ustun paydo bo‘ladi. Yorug‘lik ustuni, shuningdek, oy va fonusni o‘zida aks ettirib kechasi ham paydo bo‘lishi mumkin.

Harakatlanuvchi toshlar

Foto: “Woman’s Day.ru”

Ayrimlarining og‘irligi 300 kiloni tashkil qiladigan toshlar kezi kelsa 250 metrgacha joyidan siljishi mumkinligiga ishonish qiyin. AQShdagi O‘liklar vodiysida joylashgan, Reystrek-Playya qurigan ko‘l o‘rnidagi toshlar daqiqasiga 2-2,5 metrga o‘z-o‘zidan harakatlanadi hamda sezilarli iz qoldirmaydi. XX asrgacha buni ilohiy hodisa deb hisoblagan olimlar keyinchalik bunga magnit maydoni sabab deb o‘ylagan, 2014-yilda esa aniq xulosaga kelgan.

Foto: “Woman’s Day.ru”

Buning uchun tadqiqotchilar datchik va fotokamera o‘rnatilgan 5-15 kilo og‘irlikdagi toshlarni mazkur hududga qo‘yib kuzatgan. Tadqiqot natijasiga ko‘ra, toshlarning bunday harakatlanishiga ingichka (bir necha millimetr), ammo uzun muzlar sababchi ekani, toshlar shu muz bo‘ylab harakatlanishi aniqlangan.

Uchta quyosh

Foto: “Woman’s Day.ru”

Pargeliy ayrim qoidalarga qat’iy amal qilgandagina guvoh bo‘lish mumkin bo‘lgan kam uchraydigan hodisa sanaladi. Uni istisno sifatida faqatgina qish faslida ko‘rish mumkin, buning uchun havo ochiq, shuningdek, quyosh ufqdan unchalik yuqoriga ko‘tarilmagan bo‘lishi kerak.

Foto: “Woman’s Day.ru”

Havodagi muz kristallari sabab bir vaqtni o‘zida uchta quyoshni ko‘rsa bo‘ladi. Markazda haqiqiy quyosh, ikki chetda esa soxtasi ko‘rinadi.

Alangali kamalak

Foto: “Woman’s Day.ru”

Alangali kamalakning olovga aloqasi bo‘lmagani sabab undan hayiqishga asos yo‘q. Atmosferadagi kam uchraydigan optik effekt, mikroskopik muzlardagi yorug‘likning sinishi natijasida yuz beradi. Ulardan patsimon cho‘zilgan yupqa bulutlar tashkil topadi. Hodisa, bulutni samoviy kenglikda nur sochadigan kamalakka aylantiradi.

Qonli sharshara

Foto: “Woman’s Day.ru”

Bir vaqtni o‘zida kishining zavq bilan xavfni tuyishiga sabab bo‘luvchi mazkur tabiat hodisasidan dahshatli filmlarda dekoratsiya sifatida ham foydalansa bo‘ladi. Antarktidaning sharqida joylashgan sharshara ko‘proq muzliklardan oqib tushayotgan qon oqimini esga soladi. Ko‘rinishi shunday bo‘lgani bilan hech qanday qo‘rquvga hojat yo‘q. Muz ostida qolgan ko‘ldagi oxralar mana shunday ko‘rinishga sabab bo‘ladi. Million yil avval muz ostida qolib ketgan suv havzasiga yorug‘lik, issiqlik tushmagan. Suv muz yorig‘idan sizib ichkariga kirganida, tuzli suyuqlik havodagi kislorod bilan reaksiyaga kirishadi. Shu yo‘sinda qonli sharshara paydo bo‘ladi.

Vahimaga soladigan bulutlar

Foto: “Woman’s Day.ru”

Mazkur bulutlarni ko‘rgan kishining eti junjikib ketadi va go‘yo bir necha daqiqadan keyin qiyomat boshlanadigandek tasavvur uyg‘otadi. Ammo aksariyat hollarda bunday bulutlardan, hatto oddiy yomg‘ir ham yog‘maydi. Momaqaldiroq, bo‘ron va boshqa muammolar ham kuzatilmaydi. Kam o‘rganilganiga qaramay, olimlar bunday bulutlarda namlik kam, ularning paydo bo‘lishiga ko‘plab energiya va issiqlik ketadi, deb taxmin qiladi.

Yashirin sohil

Foto: “Woman’s Day.ru”

Faqatgina sizga tegishli bo‘lgan, odamlardan holi sohilda bo‘lib qolishni kim ham xohlamaydi deysiz. Bunday sohil mavjud va uni ko‘rish uchun Meksikaga borish kifoya. Yashirin sohil sifatida ma’lum bo‘lgan Playya-del-Amorning kelib chiqishi bilan bog‘liq tarix bor. Mutaxassislar uning paydo bo‘lishini bombalar portlashi bilan bog‘laydi: 1900-yillar Meksikadagi odam yashamaydigan orollarda sinov o‘tkazilgan. Aynan shunday qilib orollardan birining ustida tuynuk paydo bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan esa to‘lqinlar orqali mazkur joyga suv va qum kelib qolgan.

Vulqonli momaqaldiroq

Foto: “Woman’s Day.ru”

Mazkur momaqaldiroqlar go‘yo oxirgi zamon kelgandek tasavvur uyg‘otadigan qo‘rqinchli hodisalar qatoriga kiradi. Kam uchraydigan hodisa vulqonli momaqaldiroq deb ataladi. Momaqaldiroq vulqon ustida hosil bo‘ladi va aynan ushbu omil tufayli kishini dahshatga soladi. Yirik vulqonning otilib chiqish mobaynida kul zarrasi va vulqon gazlari to‘qnashadi hamda kuldan hosil bo‘lgan bulutda elektr zaryadlar yuzaga keladi.

Pushti ko‘l

Foto: “Woman’s Day.ru”

Avstraliyada joylashgan Xiller ko‘lini tomosha qilgan kishi bunday manzarani aslo unutmaydi. Betakror yam-yashil o‘rmonlar o‘rtasida joylashgan ko‘ldagi suvning rangi kishini o‘ziga mahliyo qilmay qolmaydi.

Foto: “Woman’s Day.ru”

Mutaxassislarning fikricha, suvning bunday rangiga qizil-olovrang beta-karotin pigmentini o‘ziga to‘plovchi yashil suv o‘tlari, qolaversa ko‘plab to‘planganda qizg‘ish ko‘rinadigan galobakteriyalar sabab bo‘ladi.