18:55, 17.09.2021 38488

Muhabbat o‘limdan ham kuchliroq ekanligi aks etgan ta’sirli filmlar (foto)

Ba’zan kinolarda bosh qahramonlarning muhabbati shu qadar kuchli bo‘ladiki, hatto o‘limni ham yenga oladi. Cosmopolitan insonga yoki qandaydir ishga bo‘lgan muhabbat mo‘jiza yaratishga qodirligi aks ettirilgan ta’sirli filmlar jamlanmasini e’tiboringizga havola etadi.

“Ruh” (Ghost)

Foto: Cosmopolitan

Bosh rolni gavdalantirgan Patrik Sueyzining qahramoni filmda vafot etgan bo‘lsa ham, qaylig‘ini himoya qilishda davom etadi. Yordam berish mumkin bo‘lgan imkoniyat topilmagunicha, turli qiyinchiliklarga duch keladi. Jerry Zakerning mazkur ijod mahsuli komediya, melodrama va mistik trillerni mujassam qilgani bilan o‘ziga xos.

“Qalb” (Soul)

Foto: Cosmopolitan

Pixar studiyasi tomonidan taqdim qilingan “Qalb” nomli multfilm ilk marta 2020-yil 11-oktabrda ekran yuzini ko‘rgan. Sujetga ko‘ra, hech ham omadi chopmagan musiqachi endi hammasi iziga tushayotganda hayotdan ko‘z yumadi. Shundan keyin darhol Yerga qaytishi kerak bo‘lib qoladi va buning uchun hamma narsaga tayyor bo‘ladi. Ammo u qattiq xohlagan orzu o‘ylaganidan boshqacharoq bo‘lib amalga oshadi. Qahramon Yerga o‘zining emas, mushukning tanasida qaytadi. Mazkur ijod mahsuli “Oltin Globus”ga allaqachon loyiq deb topilgan.

“Ikki olam aro” (Just like heaven)

Foto: Cosmopolitan

Rejissori Mark Uoters bo‘lgan film 2005-yil 16-sentabrda ekran yuzini ko‘rgan. Yangi xonadonga ko‘chib o‘tgan qahramon u yerda arvoh borligiga guvoh bo‘ladi. Qizig‘i shundaki, arvohning tirikligiga ishonchi komil bo‘ladi. Ularning ikkisi o‘rtasida sevgi uchqunlari alanga ola boshlaydi.

“Orzular qayerga yetaklaydi?” (What dreams may come)

Foto: Cosmopolitan

1998-yilda premyerasi bo‘lgan film rejissor Vinsent Uoard tomonidan suratga olingan. Avtohalokatda vafot etgan Kris Nilsen jannatga tushadi. Lekin o‘z joniga qasd qilib, do‘zaxga tushgan sevimli ayolisiz hech nima tatimaydi. Kris o‘z hayotidagi, to‘g‘rirog‘i, o‘limidan keyingi eng xavfli safarga, ya’ni rafiqasining ruhini topish va qutqarishga otlanadi.

“Farishtalar shahri” (City of angels)

Foto: Cosmopolitan

Nikolas Keyj filmda odamlar orasida yashaydigan va ularga tasalli berib, ko‘nglini ko‘taradigan farishtani gavdalantiradi. Meg Rayan esa farishtalar singari boshqalar haqida qayg‘uradigan va kerak bo‘lsa, o‘zini shunga bag‘ishlaydigan oddiy ayol rolini ijro qiladi. Unga lol va maftun bo‘lgan Nikolasning qahramoni sevimli ayoli bilan bo‘lish uchun qanotlari va abadiylikdan voz kechadi.

“Osmon kutishi mumkin” (Heaven can wait)

Foto: Cosmopolitan

Los-Anjeles jamoasining futbolchisi Jo Pendlton birgina xatosi bilan olamdan ko‘z yumadi. Jouning tanasi allaqachon kuyib ketgani sabab uning ruhi boshqa odamnikiga o‘tkaziladi. Natijada Pendltonning ruhi boshqa odamning — shundan keyin futbol o‘ynash jon-dili bo‘lgan obro‘li badavlat magnat tanasida yerga qaytadi.