Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi 250-sonli umumta’lim maktabida ro‘mol o‘ragan qizlar darsga kiritilmagani haqida xabar tarqaldi. Toshkent Xalq ta’limi bosh boshqarmasi holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, tarqalgan xabar yuzasidan tuman xalq ta’limi bo‘limi ishchi guruhi o‘rganish olib borgan. Unga ko‘ra, xabarda keltirilgan ma’lumotlar o‘z isbotini topmagan. Bundan tashqari, tarqatilgan ma’lumot va fotolavhalarning ta’lim muassasasi o‘quvchi-qizlariga mutlaqo aloqasi yo‘qligi aniqlangan.
Ta’kidlanishicha, tumanda xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 42 ta umumta’lim maktabi mavjud. Ularda jami 60 489 o‘quvchi, jumladan, 28 578 nafar qiz tahsil oladi. Barcha maktablarda 6-sentabrdan yangi o‘quv yili boshlangan.
4-sentabr kuni xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov tomonidan pedagog-xodim, ota-onalar va keng jamoatchilik vakillari uchun onlayn shaklda ochiq muloqot o‘tkazilgan. Muloqot davomida vazir yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ko‘rish, o‘quvchilarning kiyinish madaniyatiga qo‘yiladigan talablar va boshqa qator masalalar haqida so‘z yuritgan.
Muloqotda ota-onalarning taklif va mulohazalari asosida ro‘mol o‘ragan qizlar uchun milliy qadriyatlarni inobatga olgan holda istisno tariqasida maktabda oq va ochiq ranglarda milliy ro‘mol va do‘ppida bo‘lishga ruxsat etilishini ma’lum qilgan. Boshqarmaga ko‘ra, bugungi kunda ta’lim muassasalarida ro‘mol o‘ragan qizlarning ro‘molini majburlab yechishga yo‘l qo‘yilmayapti.
Bundan avval O‘zbekistonda o‘quvchi qizlarning maktabga ro‘mol o‘rab kelishiga ruxsat berilgandi.
Izoh (0)