Toshkentda @inkuzart taxallusi bilan ijod qilayotgan ko‘cha rassomining 4-sentabr kuni UzAuto Motors monopoliyasiga atab strit-art chizgani va u oradan ikki kun o‘tib to‘liq o‘chirib tashlangani keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. “Podrobno.uz” ijodkor bilan suhbatlashib, uning bunga munosabati bilan qiziqdi.
— Chizgan devoriy suratlaringiz huquqbuzarlik ekanini bilasizmi? Muammoga e’tibor qaratishning yagona yo‘li deb bilganingiz uchun hokimiyatga qarshi qasddan ziddiyatga borasizmi?
— Strit-art bu — erkinlik. U har doim ham mukammal emas. Men faqat yerdagi jannatni chizgan bo‘lardim, lekin hokimiyatdagilarga tilyog‘lamalik qilishni bilmayman. Ko‘cha devoriga chizish noqonuniy, lekin xalq muammosi qo‘rquvimdan ham ustun.
Men qonunga amal qiladigan fuqaroman. Tanqidiy rasmlarim asosli va xayrixohlik ruhida chizilgan, chunki tanqidsiz rivojlanish bo‘lmaydi. Ular nafaqat tanqidga, balki motivatsiya va milliy g‘ururga ham qaratilgan.
— Ijodingiz uchun sujetlarni qayerdan olasiz?
—Men vatanimni sevaman. Aslida O‘zbekiston aksariyat davlatlarga qaraganda jannatdir. Meni odamlar ilhomlantiradi.
— Chizish uchun joyni qanday tanlaysiz? Qaysi vaqt chizasiz, nahotki hech kim bunga e’tibor bermaydi?
— Agar g‘oya tayyor bo‘lsa, joy qidirib, kechki paytdan boshlab ertalabgacha chizib chiqaman. Tunda odam kam bo‘ladi, lekin ular ko‘rganida doim xusand bo‘ladi. Ko‘pincha IIB xodimlari keladi. Ular ham har xil. Ayrimlari kelib maqtab ketadi, ayrimlari esa bo‘limga olib ketmoqchi bo‘ladi.
— Asarlaringiz poytaxt hokimligi tomonidan ataylab bo‘yab ketilishiga qanday qaraysiz?
— Bo‘yab ketishlarining o‘zi achinarli, albatta, ammo adekvat munosabatda bo‘lishga harakat qilaman. Axir rasm bo‘yalgani bilan haqiqat yo‘qolib qolmaydi-ku.
— Qachon kimligingizni ko‘rsatasiz?
— Hech qachon.
Eslatib o‘tamiz, avtomonopoliyaga qarshi surat 4-sentabr kuni AQShning Chilonzordagi eski elchixonasi devorlarida chizilgan edi. Unda O‘zbekistondagi avtosalonlarda mashina xarid qilish uchun yuzaga kelayotgan uzundan uzoq navbat tasvirlanib, navbat boshida turgan insonning qizil bosh kiyimi “shapka” tizimiga ishora qilingandi.
5-sentabr kuni ushbu ko‘cha san’ati namunasi o‘chirilayotgani aks etgan video tarqaldi. Shu kuni voqea joyida bo‘lgan “Daryo” muxbiri o‘chirish harakati muvaffaqiyatsiz tugaganiga guvoh bo‘ldi. Ertasi kuni ushbu devoriy surat oq bo‘yoq bilan to‘liq o‘chirib tashlandi. Toshkent shahar hokimligi ham, “O‘zavtosanoat” matbuot xizmati ham holat yuzasidan izoh so‘ragan “Daryo” muxbiriga strit-artning o‘chirilishiga aloqasi yo‘qligini ma’lum qilgan.
Abdurahmon ismli ushbu ko‘cha rassomi 2020-yilning yozida Chilonzor tumanidagi dahalarni turli tasvirlar bilan “boyitish” niyatida ekanini ma’lum qilgandi. “Chilonzorni galerеyaga aylantirmoqchiman. Keyin esa boshqa tumanlar, shaharlar, mamlakatlar va qit’alarga o‘taman”, — degan edi o‘shanda.
Rassom Toshkentning Chilonzor tumanidagi Muqimiy—Chilonzor ko‘chalari chorrahasida joylashgan ko‘p qavatli uy devorida Abdulla Qodiriy , Cho‘lpon va Abdurauf Fitrat xotirasiga bag‘ishlangan strit-artlar ham chizgan.
Izoh (0)