The New York Times fotojurnalisti Kiana Hayeri 2021-yilning iyun oyida Afg‘onistondan katta fotoreportaj tayyorlaydi. U Afg‘onistonning (2001-yil) 11-sentabridan keyingi avlodini — Amerika bosqinidan so‘ng nisbatan ochiqroq jamiyatda o‘sib-ulg‘aygan yoshlarni suratga olishni ko‘zlagan, Amerika qo‘shinlari chiqib ketishi arafasida bolalarning yurt kelajagiga bo‘lgan ishonchsizligini tasvirga tushirish niyatida edi. Biroq buning o‘rniga ular ko‘nikkan hayot intihosini kameraga muhrladi.
2021-yil boshida prezident Jo Bayden sentabr oyigacha Amerika qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqib ketishini tugatish haqida e’lon qilgach fotosuratchi Kiana Hayeri 20 yillik ishg‘olning poyonini AQSh bosqinidan keyin voyaga yetgan yosh afg‘onistonliklar ko‘zi bilan hujjatlashtirishga qaror qildi. 2014-yildan beri Kobulda yashab kelayotgan Hayeri ushbu yoshlar tasavvur qilgan kelajak tez orada sarobga aylanishini bilgan-u, buning qachon va qay tariqa amalga oshishi jumboq edi.
Ular Facebook, Twitter, Amerika filmlari, teleshoulari, yangicha erkinlik hamda imkoniyatlar davrida ulg‘aydi. Ular urush, terrorizm, qashshoqlik, tartibsizliklarga dosh berib, vijdonsiz hukumat va jihodchilarning portlatish tahdidlari ostida bir amallab omon qoldi. Shunga qaramay, ular odam o‘z kelajagini o‘zi yarata olishiga bo‘lgan ishonch bilan ulg‘aygandi. Endi bu kelajak so‘roq ostida qolganini ko‘rishdi. Hayeri suratga olgan yigitlarning bir qanchasi yoz boshida mamlakatni tark etishga urinib ko‘rgan; boshqalari voqealar rivojini sabrsizlik bilan kuzatib, doimgidek yashashda davom etgan. Ularning hech biri hayoti bu qadar tez va keskin o‘zgarib ketishini kutmagandi.
Reportaj va matn mualliflari: Kiana Hayeri, Kristina Goldbaum, Azmat Xon va Devid Zukkino
Gul Ahmad o‘rta maktabda faqat beshinchi sinfgacha o‘qigan. Otasining o‘limidan keyin onasi yana turmushga chiqqan. 12 yoshga to‘lganida o‘gay otasi uni Eronga borib pul ishlab kelishga majburlagan. Yuqoridagi fotosurat olingan vaqtda bolalar ish topish ilinjida Eronga borgan, ammo Afg‘onistonga qayta deport qilinib, muhojirlar markazida o‘z oilalari bag‘riga qaytarilishini kutib yotgan bo‘lgan. Hayeri ularni uchratganda bolalar qo‘llaridan telefonni qo‘ymay, nuqul shu bilan andarmon edi. Gul Ahmad o‘yin o‘ynar, Karim esa eronlik yosh ayollarning chilim chekib, gitara chalayotgan videolarini tomosha qilardi.
Karim bilan birga suratga tushgan Gul Ahmad Erondan uch marta haydalishga ulgurgan. Hayeri ularni uchratgan vaqtda bolalarning uchovi ham imkon bo‘lishi bilan Eronga yana qaytishni rejalashtirayotgandi.
Qo‘rquv borasidagi savolga Said: “Nimadan qo‘rqaman, o‘lim bilan allaqachon yuzma-yuz kelgan bo‘lsam! Ikki marta o‘lim bilan to‘qnashdim, bir safar meni Eronga yashirincha olib o‘tishganda ikki o‘rtog‘im bilan mashina yukxonasida edim, bo‘g‘ilib o‘lishimga sal qoldi. Boshqa safar Eronga piyoda ketayotganimizda yetti kun sahroda suvsiz qolib ketdik. Oxir hushimni yo‘qotganimda kimdir meni o‘sha yaqin atrofdagi tog‘ boshiga olib chiqib, buloq suvidan ichirdi va tirik qoldim”, – deydi.
Avgust o‘rtalariga borib, toliblar bosib olgach, Gul Ahmad Eronga qaytishga muvaffaq bo‘lgandi. U o‘shanda qurilishda ishlayotgan va oilasi bilan aloqasi uzilib qolgandi. Mamlakatni yana tark etganidan beri Karim va Said bilan uchrashmagandi. “Afg‘onistonni sog‘inaman. Afg‘oniston uchun kuyinaman. Toliblar Kobulni egallab olganidan xabarim bor. Mamlakat urush va odam o‘g‘riliklariga to‘lib ketsa kerak”, — deydi Gul Ahmad. U kelajakda kim bo‘lmoqchiligi haqidagi savolga kulib yubordi.
Karim ham hozir Eronda va u ish topishda qiyinchiliklarga duch kelgan. U Afg‘onistonda ahvol yomonlashganidan beri odamlar ko‘payib, ish kamayib ketganini ta’kidlaydi. U do‘stlari Gul Ahmad va Said bilan anchadan beri ko‘rishmayotgandi. U Gul Ahmadning qo‘shiqlar aytib dalda berganlarini yodga oldi: “U bizga qo‘shiq kuylab bersa, charchoqlarimiz chiqib ketardi. Kayfiyatni ko‘tarishga usta edi”.
Yozning boshlarida 20 yoshli Ismat o‘zining pochchasi va bir guruh yoshlar bilan birga Turkiyaga yo‘l oldi. U shifokor bo‘lishni istagandi.
Pandemiya avj olib, Ismat o‘qishini davom ettirolmay qoldi, Afg‘onistondagi siyosiy vaziyat taranglashgach, uch nafar katta akalari qatori otasi uning ham xorij o‘lkalarida yangi hayot qurishi kerak degan qarorga kelgandi. Ismat chet tillarini bilar va kompyuterda ishlashni o‘rganib ulg‘aydi. U tibbiyot institutiga hujjat topshirishni orzu qilayotgandi: “Shifokor bo‘lishni istayman, sizga va boshqa ayollarga, barcha xasta odamlarga yordam berish uchun”, — derdi u onasiga.
Maktabdan bo‘sh vaqtlarida Ismat ro‘zg‘orga qarashish uchun do‘konda sotuvchi bo‘lib ishlardi. Ozroq bo‘sh vaqt topsa, sport bilan shug‘ullanardi. Iyunda u Afg‘onistonga ketishga qaror qildi. Sayohat Eron chegarasidan kesib o‘tishni taqozo qilardi. Oila a’zolarining aytishicha, bir kuni tunda Turkiya chegarasi yaqinida Ismatning tobi qochib qolgan. Kelasi tongda esa uyg‘onmagan. Besh kundan so‘ng uning jasadi Hirotdagi oilasiga qaytarildi. Bir necha kun o‘tib, dafn etildi.
Odamlar tobutni ko‘targan vaqtda o‘nlab ayolning dod-u faryodi falakni tutdi. “Mening to‘qqiz farzandim bor, o‘zimni to‘qqiz bo‘lakka bo‘lib tashlanganday sezyapman”, – dedi Ismatning onasi (quyidagi suratda o‘ng tomonda, boshiga kimdir qo‘l qo‘yib turgan ayol). Uning to‘rt qizi va besh o‘g‘lini urush, kambag‘allik, yangi hayot boshlash majburiyati har tomonga sochib yuborgandi.
“Ismatning orzu-istagi uning uka va singillari bir yerga jam bo‘lib, qayerdadir birga yashayotganini ko‘rish edi”, – dedi uning onasi bir necha hafta o‘tib. “Ularning bari so‘nggi vaqtlarda bir-biridan uzoqda ekanliklaridan qiynalishayotgandi”. U qo‘shimcha qildi: “Men istagan yagona narsa — farzandlarimning baxt-u kamolini ko‘rish, qachondir shunday bo‘lishiga ishonchim qolmadi”.
Ular mayitni qabrga qo‘yishganidan so‘ng Ismatning eng yaqin do‘sti Qiyomiddin bo‘ynidagi oq sharfni yechib, Ismatning yuziga asta yopib qo‘ydi. Belkurakni olib yigitchaning ustiga tuproq tortdi. Uning ko‘zyoshlari tinmay quyilavergach, boshqalar ozroq nafasini rostlab olishi uchun qo‘lidagi belkurakni olib qo‘yishmoqchi bo‘lishdi. “U ertangi kun kelishiga ishonmaydigan kishilar toifasidan edi”, — deb eslaydi Qiyomiddin. “Agar undan ertangi kuni va kelajakda qaysi kasbda ishlashni orzu qilishi haqida so‘rasam, u hech o‘z kelajagi to‘g‘risida biror nima deya olmasdi. U shunday derdi: ‘Umr qisqa. Men buni rejalashtiradigan darajada uzoq yashayman deb o‘ylamayman’”.
17 yoshli Maryam aktrisa bo‘lib, taniqli shaxsga aylanishni orzu qilgandi.
Maryam atrofidagi ko‘plab odamlarning ayol kishi sahnada o‘zini namoyon qilishni yoqlamasligidan va ko‘pchiligi hatto teatr nimaligini bilmasligidan iztirobga tushardi. U Women Equality Ambassadors’ga (Ayollar tengligi elchilari) — ozroq bo‘lsa-da erkin yashashni istagan, an’anaviy oilalardan chiqqan ayollardan tashkil topgan ko‘cha tomoshalari guruhiga — qo‘shildi. Tepadagi rasmda u ikkisidan birini — yo turmushga chiqish, yo politsiya ofitseri bo‘lish orzusini amalga oshirishni tanlashi kerak bo‘lgan ayol rolini o‘ynamoqchi bo‘lib turgandi. To‘yi kuni ayol bomba o‘rnatilgan avtomobilda halok bo‘ldi.
Teatr guruhi aktyorlari uchun voqealar chizig‘i og‘riqli kechinmalarga boy edi: iyun oyida qalliq rolini ijro etgan 23 yoshli Toyiba Musaviyning o‘zi Kobulda bomba o‘rnatilgan mashinaning portlab ketishidan halok bo‘lgandi. (U sunniy fundamentalistlar tomonidan nishonga olingan Hazara ozchiligi yashaydigan tumanda turardi.)
Uning o‘limidan avvalgi tomoshalarda aktyorlar xotira sahnasini ijro etishda ko‘pincha topshiriqdan ko‘ra yig‘lashlariga to‘g‘ri kelardi. Keyin esa ko‘zyoshlar o‘z-o‘zidan quyilib keladigan bo‘lgandi.
Ushbu suratlar olinganidan keyin yetti hafta o‘tib, Maryam Kobul aeroportining tashqarisida samolyotga chiqa olmay qolishdan qo‘rqib turardi. “Tolibon” odamlarni o‘rab olgan va u gapirayotgan paytda o‘q yomg‘iri yog‘ilardi. “Tirik qolamizmi, yo‘qmi, bilmayman. Hozircha bir nima deya olmayman. Ular bizni otishga chog‘lanishyapti. U yog‘iga nima bo‘lishini bilmayman”. U qizil yo‘lakchadan yurib borib “Oskar” mukofotini olish orzusi haqida gapirayotgan vaqtda ovozi titrab ketdi. “Men o‘z orzularimni yig‘lab yodga olaman”, – dedi u. “U ro‘yobga chiqishiga ishonchim komil emas”. Endi u toliblar davrida uydan chiqishga umuman ruxsat bermay qo‘yilishidan qo‘rqib qolgan.
“Ular ayollarga ishlashga ruxsat beriladi deyishyapti. Bu ayollarni o‘ylab qilinmayapti, balki ular boshqaruv ilmiga no‘noq. Shu sababli ularning ofis ishlarini yuritadigan odamlar kerak. Ehtimol, chodra — hamma joyni yopib turadigan — ko‘k libos kiyadigan ayollar ishlarini davom ettira olar”, – dedi u. “Biroq men kabi teatr yoki kinoda ishlaydigan qizlar-chi? Ular endi ishlay olmaydi”. Maryam nishonga olinishiga ishonchi komil edi. “Ular hazaralar, jurnalistlar va aktrisalar bilan osonlikcha kelishib ketmoqchi emas. Barchamizni qirib tashlashmoqchi”. U qo‘shimcha qildi: “Agar siz bu haqida yozsangiz, iltimos, Afg‘onistondagi vaziyatni dunyoga yetkazing”.
22 yoshli Nosir Xon Kobul janubidagi Logar viloyatining ko‘chmanchi qabilasidan chiqqan yozuvchi, o‘z qabilasidagi oliy ma’lumot olgan kam sonli kishilardan biri.
Nosir Xon Logar universiteti gazetasida o‘zining maqolalari va mualliflik ishlari bilan chiqishlar qilib turardi; u yana siyosatshunoslik, huquq bo‘yicha ta’lim olgandi. Ikki yarim yil avval u “Sevgi nima?” nomli maqola e’lon qilib, sevgi targ‘iboti mamlakatdagi urushlarga barham berishi mumkinligini olg‘a surgandi. Shu voqeadan ko‘p o‘tmay toliblar uning uyiga kelib, maqolalar yozishni taqiqlagandi. Lekin u yozishda davom etdi.
Shundan so‘ng, sakkiz oy avval o‘sha universitet gazetasidagi boshqa bir yozuvchini o‘ldirishdi. Yig‘isini tiya olmagan Nosir Xon qornida besh oylik farzandini ko‘tarib yurgan rafiqasi bilan birga yashirinish maqsadida kontrabandachilar bilan uchrashuv belgiladi. “Tolibon” hokimiyatni egallab olgan vaqtda uning onasi barcha gazeta bo‘laklarini yoqib yuborgandi. “Onam uyda, meni izlayotganlar eshigimizni qoqib kelishini kutib o‘tiribdi”, — deydi u. Nosir Xon shu kunlarda mamlakatni tashlab — qonuniy yo noqonuniy bo‘lsa ham — Kanadaga chiqib ketishni rejalashtiryapti.
15-avgustda toliblar Kobulni qo‘lga olib, Islom Amirligini tikladi. Undan bir hafta oldin odamlar topgan-tutganlarini g‘amlab, pullarini yig‘ib, avtobus bekatlari va aeroportlarda yig‘ilib ularning kelishiga qurblari yetgancha tayyorgarlik ko‘rgandi. Ko‘plar hali ham buning bir necha kunlik emas, balki bir necha haftalik ish ekanligiga ishonardi. Yakshanba kuni ertalab odamlar Kobuldagi pasport stoli oldida yig‘idi. Navbatga tizilgan odamlar uch shahar mavzesini aylanib o‘tib, ushbu tahlikali ogohlantirish bilan birga muhojirlar surati solib qo‘yilgan devor yonidan o‘tib ketdi: “O‘zingiz va oilangizning hayotini xavf ostiga qo‘ymang. Muhojirlik yechim bo‘la olmaydi”.
Dallollar butun shahar bo‘ylab uy jihozlarini arzon narxlarda sotib olayotgandi. Kobulda tartibsizlik boshlangan vaqtda Hayeri qiziga tegishli barcha narsalarni sotishga urinayotgan ayolni uchratdi. Dallol uning sotishdan boshqa chorasi yo‘qligini ko‘rib, narxni pasaytirdi. Oxiri u hamma buyumlarni 35 ming afg‘on puliga sotib oldi, bu, taxminan, 400 dollar degani.
15-avgust kuni, “Tolibon” jangarilari shaharga yetib kelay deganda, Hayeri Kobulni aylanib, qo‘lidan kelganicha suratga oldi. Tirbandlik juda katta edi, odamlar qo‘rquv aralash qayergadir shoshardi, jadal yurishardi. U go‘zallik saloni ishchilarining devorlardagi ayollar surati tushirilgan suratlarni yirtib tashlayotganini ko‘rdi. Uyiga qaytgach, unga qo‘ng‘iroq qilib, evakuatsiya uchun aeroportga hozirlik ko‘rishga yarim soat vaqti borligini aytishdi. U shosha-pisha kamerasini, qattiq diski va yana bir nechta buyumlarini yig‘di. U turgan turar joy binosidagi qo‘shnilari ham narsalarini yig‘ishtirayotgandi. Hayeri pastga tushgunicha butun bino huvullab qolgandi. “Hamma yoq alg‘ov-dalg‘ov, qiyomat qo‘pgandek edi”, — eslaydi u. “Bir soatga qolmay hamma u yerdan ketdi”.
Tashqarida turgan to‘rt qorovul allaqachon kiyimlarini almashtirib, qurollarini tashlagandi. U Qatarga uchib ketayotgan harbiy uchoqqa chiqish uchun aeroportga yetib kelganida o‘zidan bir necha mil naridagi prezident saroyiga toliblar bostirib kirganidan xabar topdi. U o‘zi suratga olgan afg‘onistonlik yoshlar va boshqa ko‘plab o‘zi uchrasholmagan kishilar haqida o‘yladi. U so‘nggi bor bir kecha avval suratga olgan odam Nosir Xonning so‘zlari u va uning tengqurlari boshidan kechirayotgan chorasizlikni ifoda etishini esladi: “Besh yil oldin men boshimni kaftlarim orasiga qo‘ygandim”, — degandi u o‘lishga tayyor ekanligini anglatuvchi afg‘oncha ifoda bilan. “Yo‘qotadigan hech nimam qolmadi”.
Izoh (0)