Afg‘onistondagi oliy ta’lim muassasalari dars jadvallari hamda oliy ta’limni moliyalashtirish bo‘yicha masalalar hal etilganidan keyin yaqin bir hafta ichida o‘z faoliyatlarini qaytadan boshlaydi. Bu haqda “Tolibon” tashkil qilgan yangi muvaqqat hukumat tarkibida “Afg‘oniston islom amirligi” Oliy ta’lim vaziri lavozimini egallagan Abdulboqi Haqqoniy Ariana News nashriga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
“Ayni vaqtda universitetlarning to‘liq tartibda ishlashi uchun turli texnik jihatlarni hal etish bo‘yicha muhokamalar davom etyapti. Asosiy masalalar OTMlarni moliyalashtirish, shuningdek dars jadvallaridagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq, ahamiyati kam bo‘lgan fanlar ta’lim dasturidan olib tashlanishi, ularning o‘rniga zamonaviy boshqa fanlar kiritilishi zarur. Bu boradagi barcha masalahatlashuvlar uzog‘i bilan bir hafta ichida yakuniga yetadi”, – deya Haqqoniy so‘zlarini keltirgan mahalliy Ariana News telekanali.
Haqqoniy ta’lim sohasi so‘nggi vaqtlarda koronavirus pandemiyasi hamda Afg‘onistonda hukumat almashinuvidan keyin eng ko‘p jabr ko‘rgan yo‘nalishlardan biri ekanini qayd etgan.
Shuningdek, yangi vazir mamlakatda OTMlarda o‘g‘il bola talabalarga erkak o‘qituvchilar, xotin-qizlarni esa ayollar dars berishini tasdiqladi. Bundan tashqari o‘g‘il bolalar va qizlar oliygohlarda bir-birlaridan alohida ta’lim olishi ma’lum qilindi.
Haqqoniy yangi yangi ta’lim tizimi bo‘yicha ilmda yuksak natijalar qayd etgan talaba yigit-qizlarning mamlakatni yanada rivojlanishi uchun xorijga malaka oshirishga yuborish ko‘zda tutilayotganini ham ta’kidlagan. Oliy ta’lim vaziri bayonoti davomida Afg‘onistondan tashqarida faoliyat olib borayotgan afg‘onistonlik o‘qituvchi erkak va ayollarni vatanga qaytib ishlashga chaqirgan.
Avval “Tolibon” vakillari mamlakatda oxirgi 20 yillikda ta’lim tizimida erishilgan barcha natijalar va islohotlar saqlab qolinishi haqida va’da bergandi.
Izoh (0)