Toshkentda ayol to‘qqizinchi qavat balkonidan kreslolarni uloqtirib yuborgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Unda yuqoridan tushgan kreslo uy yonida turgan Spark ustiga tushishiga sal qolganini ko‘rish mumkin. Poytaxt IIBB mazkur holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Unda aytilishicha, voqea 9-sentabr kuni soat 13:30 da yuz bergan. Muqaddam sudlangan 38 yoshli ayol D.A. mast holda bo‘lib, biror sababsiz Yashnobod tumani Qorasuv ko‘chasidagi uyning 9-qavatidan kreslolarni uloqtirib yuborgan.
Holatga aniqlik kiritish uchun voqea joyiga profilaktika inspektori yetib borib, ayol bilan profilaktik suhbat o‘tkazgan. Suhbat davomida ayol anchadan buyon eski mebelidan qutulmoqchi bo‘lganini, ammo podyezd orqali chiqarishga eringanini aytgan va qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan.
Qayd etilishicha, holat tufayli hech kim jabrlanmagan. Ayolga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (mayda bezorilik) bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirilgan va to‘plangan hujjatlar Yashnobod tumani sudiga yo‘naltirilgan.
Izoh (0)