“Ummon” guruhining sobiq a’zosi Shohrux Isamuhammedov “Daryo” internet-nashri uchun eksklyuziv intervyu berdi. Intervyuni “Daryo” muxbiri Feruz Muhammad tashkillashtirdi.

Foto: “Daryo”

Shohrux Isamuhammedov suhbat davomida shou-biznesdan ketishiga Sardor Rahimxon sabab bo‘lgani va Sardor Rahimxonning “Yurak amri” loyihasida faoliyatini davom ettirmagani sababini izohladi.

Shou-biznesdan ketishimga Sardor Rahimxon sabab bo‘lganlar. Ancha vaqtdan buyon o‘zim bilan o‘zim kurashib yurganman. Keyin Sardor Rahimxon bilan suhbatlashib, “bo‘ldi, shou-biznesdan ketaman”, deb qaror qabul qilganman.

Shou-biznesdan ketganimdan so‘ng “Yurak amri” loyihasida Sardor Rahimxon bilan birga yurdim. Keyinchalik boshqa ishlarim sabab vaqtim bo‘lmadi, ko‘p aytgan joylariga bora olmay qoldim. Balki bu odatimdan xafa bo‘lib qolgandirlar.

Keyin o‘zim xayirya fondi ochish uchun harakat boshladim. Fond ochish tartib qoidalarini o‘rganib chiqdim. Kerakli tashkilotlar bilan ham bog‘landim. Ochig‘ini aytsam fond ochishdan qo‘rqdim. Chunki yig‘iladigan pulni to‘g‘ri taqsimlash, kerak bo‘lsa, u pullarning bir so‘mi uchun bu dunyoda ham, u dunyoda ham javob berishimni o‘yladim. Qaysidir joyida ilmim yetmay qolib, noto‘g‘ri harakat qilib qo‘ymay, dedim.

Qiladigan ehsonimni hech kimga ko‘rsatmay berishni ma’qul deb bildim, Alloh bilsa bo‘lgani. Alloh shu ishimni xohlamadi va bu ish bo‘lmadi, deb bilaman.

“Yurak amri” loyihasida oxirigacha birga bo‘lishga vaqtim bo‘lmadi.

Shohrux Isamuhammedov, tadbirkor, “Ummon” guruhining sobiq a’zosi

Ma’lumot uchun, Shohrux Isamuhammedov 1990-yil, 1-aprel kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2018-yildan “Ummon” guruhining yakkaxoni sifatida faoliyatini boshlab, 2020-yilda shou-biznesni tark etdi.