Tokio shahrida Paralimpiya o‘yinlari davom etmoqda. 28-avgust kuni bir qator o‘zbekistonlik sportchilar o‘z ishtirokini o‘tkazdi.
Ayollar o‘rtasida para-yengil atletikaning nayza uloqtirish turida F13 klassida Nozimaxon Qayumova oltin medalni qo‘lga kiritdi. Tajribali sportchi 42.59 metr natija bilan birinchi o‘rinni egalladi.
Para-yengil atletikaning F12 toifasida yadro uloqtirish bahslarida ishtirok etgan Elbek Sultonov 15.94 metr natija qayd etib, bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Ta’kidlash joiz, bu Sultonov uchun yangi shaxsiy natija bo‘ldi. G‘oliblik jahon rekordini o‘rnatgan ispaniyalik Kim Lopesga (17.04) nasib etgan bo‘lsa, ukrainalik Roman Danilyuk (16.53) kumush medalga ega chiqdi.
F57 toifasida disk uloqtirish bahsida qatnashgan Mohigul Hamdamova 31.46 metr natija qayd etdi va oltin medalni qo‘lga kiritdi. Paralimpiya o‘yinlari chempioniga aylangan Mohigul O‘zbekiston delegatsiyasi uchun uchinchi oltin medalni taqdim etdi.
Para-pauerlifting bo‘yicha ayollar o‘rtasida -61 kg vazn toifasida harakat qilgan Ro‘za Qo‘ziyeva 130 kg toshni bo‘ysundirgan holda kumush medalga sazovor bo‘ldi.
O‘zbekiston delegatsiyasi qo‘lga kiritgan medallar soni 7 taga yetdi. Avvalroq Islom Aslanov suzish bo‘yicha bronza medaliga ega chiqqan bo‘lsa, Uchqun Quronboyev paradzyudo bo‘yicha oltin medal, para yengil atletika bo‘yciha Asila Mirzayorova kumush medal sohibiga aylangandi.
Izoh (0)