Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Buxoroda qoramol o‘g‘riligi bilan shug‘ullanib kelgan guruh qo‘lga olindi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolov ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, 2021-yilning 16-yanvar kuni Shofirkon tumanidagi G‘alaba cho‘l-massivida joylashgan “G‘alaba” MCHJga tegishli bo‘lgan jami narxi 8 million so‘mga teng sakkiz bosh qo‘y o‘g‘irlangan. Holat yuzasidan Shofirkon tuman IIB tezkor guruhi xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv jarayonida o‘g‘rilik shofirkonlik fuqaro A.Ch. va unga avvaldan tanish bo‘lgan to‘rt nafar sherigi tomonidan sodir etilgani aniqlangan.

“Qoramol o‘g‘riligi ayrimlar tomonidan bir qarashda kichik o‘g‘rilik, deb baholanadi. Ammo o‘g‘rilikning katta-kichigi bo‘lmaydi. Birgina ushbu holat tergov-surishtiruvi qariyb, olti oycha davom etdi. Bu davr mobaynida esa A.Ch. va uning sheriklari bilan olib borilgan tergov-surishtiruvlarda ularning to‘rt yildan buyon qoramol o‘g‘riligi bilan shug‘ullanib kelishgani oydinlashdi”, — deydi Shuhrat Jalolov.

Bildirilishicha, fuqaro A.Ch. avvaldan odamlarning qoramolini o‘g‘irlash bilan shug‘ullanib kelgan. U 2017-yil 17-dekabr kuni kechki payt Shofirkon tumani, “Paxtaobod” MFY, Polvonobod qishlog‘i fuqarosi F.X.ning yashash uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, uning qo‘rasidan ikki bosh qo‘chqorni o‘g‘irlab, voqea joyidan yashiringan.

2020-yilning dekabr oyida esa o‘zining oldindan tanishlari bo‘lgan N.N., Sh.X., A.R. hamda T.I. kabi fuqarolar bilan til biriktirgan holda G‘ijduvon tumani “Ko‘kcha” MFYdagi Oyoqog‘ritma qishlog‘idagi yaylovdan qarovsiz qoldirilgan fuqaro Sh.G.ga tegishli har birining bahosi 1 million so‘mdan bo‘lgan olti bosh echkini o‘g‘irlagan. 29-dekabr kuni uyushgan guruh yana o‘z xatti-harakatini davom ettirib, soat 22:30 da Shofirkon tumanidagi “Qo‘rg‘oni Vardonze” MFY, “Churuqcho‘l” massivi hududida qarovsiz holda qoldirilgan jami bahosi 10 million 800 ming so‘mlik olti bosh qo‘y hamda bir bosh echkini o‘g‘irlab, o‘zlariga tegishli avtoulovga yuklab ketgan va yashirinib yurgan.

Xuddi shunday jinoyatni 2021-yilning yanvar oyida yana takroran sodir etgan. Ular Peshku tumanidagi Jongeldi qishlog‘i fuqarosi R.A.ga tegishli o‘t-yaylovda o‘tlab yurgan, har birining bahosi 2 million 400 ming so‘mdan bo‘lgan ikki bosh qo‘chqor hamda bahosi 1 million 800 ming so‘mdan bo‘lgan to‘rt bosh qo‘yni talon-toroj qilib, fuqaroga 12 million so‘m moddiy zarar yetkazgan.

A.Ch. va uning sheriklari oxirgi xatti-harakati 2021-yilning 16-yanvar kuni sodir etgan. Qo‘lga olingan uyushgan guruhning barcha xatti-harakatlari tergov-surishtiruv davomida oshkor bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan to‘rt nafar shaxsga nisbatan Shofirkon  tuman IIB tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
O‘zbekistonda 175 kishining pasportiga IMEI kodlari noqonuniy ro‘yxatdan o‘tkazilgani aniqlandi
Mahalliy
Vazirlikning 8 mlrdga tushgan sayti, qashqadaryolik ota-o‘g‘ilning Toshkentni “lol qoldirgan” qilmishi: “Daryo”da hafta dayjesti
Mahalliy
Uy-ro‘zg‘or ishlari ayollarning iqtisodiy faolligini tushiradi: O‘zbek ayolining martabaga erishish imkoniyatlari tahlil qilindi