Аvtomobil qulay transport vositasi. Vaqtni tejaydi, masofani qisqartiradi. Qulaylik-ku yaxshi, lekin jonimiz-u salomatligimizga yetkazayotgan xavfi ham behisob. Global isish, tabiat ifloslanishi, ulkan tirbandliklarda hissasi katta. Maqbul yechimi izlanganda, nazarimizda, velosipeddan afzalrog‘i topilmasa kerak. Yevropa allaqachon velotransport targ‘ibotini yo‘lga qo‘yib, zarur infratuzilmalar yaratdi. O‘zbekistonda ham velosiped haydovchilari kam emas. Lekin bizda ular harakatlana oladigan infratuzilma mavjudmi? Velosipedchilarga tegishli yo‘l belgilari, maxsus yo‘lko‘rsatkichlar, yo‘laklar talab darajasidami?
“Daryo” muxbiri velosipeddan asosiy transport sifatida foydalanadigan bir qancha haydovchilar bilan shu haqda suhbatlashdi.
Velosipedchi ham haydovchi — shuni esda tutsak bas
Davronbek Tojialiyev, “Ziyouz.com” portali asoschisi, jurnalistYetti yildan beri velosipeddan foydalanaman. Bolalikdagi ishtiyoq, yana sog‘liqqa, iqtisodimga foyda bo‘lgani uchun shuni tanlaganman. Аvtoulov haydovchilarining qo‘pol xatosi yoki velosipedchiga nisbatan noto‘g‘ri munosabati sabab harakatlanish payti hayotim bir necha marta xavf ostida qolgan.
Bir kuni veloyo‘lak yo‘qligi uchun asosiy transport yo‘lidan harakatlanayotgandim. Burilish nuqtamga yetganda orqadagi mashina haydovchisiga o‘ngga qayrilish belgisini berdim va burildim. Haydovchi ham o‘ngga qayrilmoqchi, lekin o‘ng chirog‘ini yoqmay harakatlanaverdi. Urilib ketishimga sal qoldi.
Аslida, velosipedchi qo‘l ishorasini berganda qolgan transport vositalari egalari unga imkon berishlari, qoidaga hamma qatori rioya etishlari kerak.
Ma’lumot uchun: IIV Yo‘l harakati xavfsizlik boshqarmasi matbuot xizmatining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, 2020-yilda velosiped boshqaruvchilari ishtirokida 839 ta yo‘l-transport hodisasi (YTH) sodir etilgan. Oqibatda 212 nafar velosipedchi halok bo‘lgan va 650 nafari turli darajadagi tan jarohati olgan. 2021-yilning yanvar—iyul oylarida velosiped boshqaruvchilari ishtirokida 516 ta YTH sodir etilgan bo‘lib, ularda 125 nafar velosipedchi halok bo‘lgan, 401 nafari turli darajadagi jarohatlar olgan.
Piyodalar ham o‘ziga qulayini tanlab, velosiped yo‘llaridan yurishadi-ketishadi, bolalar aravachasini yetaklaganlar ham shu yo‘lni afzal biladi. O‘tib ketish uchun signal chalsangiz, “nima qilasan bu yerda haydab, bor, boshqa yoqda hayda!” deydiganlar ham topiladi. Siz esa yo‘ldagilarni turtib yubormay, kimgadir zarar yetkazmay deb velosipeddan tushib, piyoda yurib ketasiz.
Ikki tarafning bir-birini tushunmasligiga sabab — veloyo‘llarda maxsus belgilarning yo‘qligidir. Piyodaga yo‘l boshqa toifadagi harakatlanuvchiga tegishliligini anglatadigan muhrga muhtojmiz. Mana, hozir Mustaqillik shoh ko‘chasidagi veloyo‘lakdamiz. Qurilganiga hali bir oy to‘lmadi, lekin men aytayotgan biror belgini uchratmaysiz.
Imkon boricha maxsus belgilari bo‘lmagan veloyo‘laklarda harakatlanishdan qochaman. Garchi yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha veloyo‘lak bo‘lgan joyda boshqa yo‘llardan foydalanish mumkin bo‘lmasa-da, oldimdan chiqishi mumkin bo‘lgan piyodani o‘ylab, asosiy transport yo‘lining chetidan harakatlanishga majbur bo‘laman.
Veloyo‘laklarni asosiy transport yo‘lining chetki qismida ham qurish mumkin. Dunyo tajribasida misollar ko‘p va yo‘llarimiz ham yetarlicha keng bunga. Ammo bu yo‘lda to‘g‘ri harakatlanish hali ham tartibga solinmagan yurtimizda qator muammolarni tug‘dirishi aniq. Qozog‘istonda men nazarda tutayotgan holat kuzatilgan. Аyniqsa, Olmaota shahrida binolar zich joylashgani va ortiqcha yo‘l yo‘qligi uchun veloyo‘laklarni asosiy yo‘llarning chetida qurishgan. Lekin bu velosipedchi va avtomobil haydovchilarining doimiy ziddiyatiga sabab bo‘lmoqda. Olmaota ham Toshkentdek mashinalarga to‘la shahar va veloturargohlar ham muammo.
Turkiya, AQSh dengiz bo‘ylarida uzviy veloyo‘laklar qilib velotrassalarni shakllantirishgan. Yana Germaniyaning Reyn daryosi bo‘yida bir tarafi Shveysariyadan boshlanib, Fransiya va Germaniya orqali Gollandiyani kezib o‘tadigan, uzunligi 1500 kilometrdan ortiq bo‘lgan Reyn velosiped yo‘li bor. Buning turizmga foydasini-ku gapirmay — behisob. Bizda ham shunday velotrassalar uchun imkoniyat yetarli, menimcha. Masalan, Toshkentdagi anhorlar, Chirchiq daryosi bo‘yida qilinsa, nafaqat, shahar ko‘rki, velosipedchi-yu sayyohga ham manfaatli bo‘lardi.
Yana bir katta muammo — veloturargohlar. Ayrim savdo nuqtalarini hisobga olmasak, Toshkentda veloturargohlarni uchratish qiyin. Avtomobilga turargoh qilinganda veloturargohga ham iloj topish mumkin. Yevropada bu tizim avtomatlashtirilgan. Mingta velosipedga mo‘ljallangan turargohga kirilganda maxsus elektron doska orqali veloturargohning qaysi nuqtasida qancha joy borligi ko‘rinib turadi. Velosipedingiz xavfsiz holatda saqlanishiga kafolat bor. Bizda esa veloturargoh deganda temir bog‘lab qo‘yilgan manzarani ko‘rasiz, xolos. Mabodo, qulfingiz bo‘lmasa, velosipedni turargohga qo‘yishning hojati yo‘q.
Аvtomatlashtirilgan veloturargoh uchun velosipedchi ko‘p bo‘lishi kerak. Poytaxt yo‘llarida harakatning tartibsizligi, avtohalokatlarning ko‘pligi, infratuzilmaning abgorligi aksariyat velohavaskorlarning shashtini so‘ndiradi. Niderlandiyaning Groningen shahrida yo‘llardagi umumiy harakatning 60 foizini veloharakat tashkil etadi. Hatto ba’zi ko‘chalarida velosipeddan boshqa transportda harakatlanib bo‘lmaydi. Nazarimda, Toshkentda veloharakat umumiy harakatning 10 foizini ham tashkil etmasa kerak.
Ma’lumot uchun: Toshkent shahar Statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yil 1-aprel holatiga ko‘ra Toshkent shahri aholisi soni 2 716 176 nafarni tashkil etgan. Ayni vaqtda, O‘zbekiston transport tizimi rasmiylari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent shahrida 40 mingdan ortiq odam — shahar doimiy aholisining taxminan 7 foizi — velosipeddan foydalanadi.
Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, bike sharing tizimini yo‘lga qo‘yish uchun dastlab Yunusoboddagi to‘rt hudud — tumanning 12-mavzesi, “Turkiston” metro bekati, MegaPlanet savdo majmuasi, “Universam” savdo markazi velosipedlarni ijaraga berish nuqtalari sifatida tanlab olingan. Mazkur nuqtalarning har biri 10 tadan velosiped bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan; velosipedlar avgust oyining oxiri — sentabr boshlarida Xitoydan olib kelinadi. Tizim 2021-yilning kuzida ishga tushishi kutilmoqda. Unda velosipedchi bosadigan masofasi uchun to‘lov qilib, velosipedni istalgan bike sharing nuqtasiga tashlab ketishi mumkin. Kelgusida shaharning barcha tumanlarida bunday nuqtalarni tashkil etib, markazlashtirish reja qilingan.
Shaharda velosiped ko‘paymasligidan kim manfaatdor?
Husniddin Ato, musiqa bo‘yicha ekspert, fotojurnalistVelosipeddan muntazam ravishda foydalanayotganimga shu yil avgustda 6 yil to‘ldi. Ish sabab bir kunda juda ko‘p manzillarga borib-qaytaman. Vaqtdan yutish uchun tanlaganman buni. Yerusti va yerosti — metrodagi tirbandlik, tiqilinch va ortiqcha kutishlar olti yildan beri menga begona. Qolaversa, cho‘ntakka ham foyda bo‘lyapti.
Shu choqqacha ikki marta xavf ostida qoldim. Bir marta oldimda ketayotgan mashina to‘satdan tormoz berdi. Ikkinchi safar ortimda ulov bor-yo‘qligini tekshiraman deb shundoq o‘girilganimda, bir mashina shartta oldimga kelib to‘xtadi-yu, muvozanatni ushlolmay yiqildim. Yaxshiyam, uncha jiddiy shikastlanmadim.
Ikkala voqea ham veloyo‘lak bo‘lmagani uchun asosiy yo‘ldan harakatlanayotganimda yuz bergan. Lekin nima qilay, yonimda veloyo‘lak bo‘lsayam hamon asosiy yo‘llardan yuraman, chunki mavjudlari ham sifatsiz. Hayronman, bu yo‘llar qanday standartlarga ko‘ra qurilayotgan ekan?
Tushib-chiqish joylarining balandlik hajmi bir-biridan keskin farq qiladi. Endi to‘g‘ri harakatlanaman deganda bitta chuqurga tushasiz, o‘zingizni sal o‘nglab olmay pastga yoki balandlikka qarab ketasiz. Bulardan eson-omon, amallab o‘tib olsangiz, endi bolalar aravachasi yo piyodalar “masala”si ko‘ndalang turadi. Bundanam amallab o‘tsangiz, veloyo‘lak tugab qoladi. Oxirida, baribir, asosiy transport yo‘liga o‘tib olasiz. Endi hisoblab ko‘ring, qancha vaqt yo‘qotdingiz?
Shaharsozlikdagi bir xatoni faqat buzib to‘g‘rilash mumkin. 2018-yili veloyo‘laklar qurilishi boshlanganda Toshkent shahar hokimligi Transport boshqarmasiga: “Shu yerda to‘xtanglar! Velsipeddan foydalanuvchilar, mutaxassislar qurilayotgan yo‘laklarni birrov ko‘zdan kechirib o‘z xulosalarini berishsin. Veloyo‘laklarni xuddi Shveysariyadagidek avtobus yo‘li bilan yonma-yon qurish yoki asosiy harakatlanish yo‘lining eng oxirgi qismini ularga ajratish yaxshiroq”, — degan taklifni aytgandim. Hokimlik transport boshqarmasi: “Taklifingizni qabul qilamiz, imkoni bor albatta”, — degandi. Lekin xatolar tugagani, taklif amalda sinab ko‘rilgani yo‘q. Ehtimol, shaharda velosipedchilar ko‘paymasligidan kimdir manfaatdordir...
Veloturargohlarning deyarli yo‘qligi — dard ustiga chipqon. Biror tashkilotga ish bilan borsangiz, velosiped qo‘ygani joy topolmaysiz. Hatto Vazirlar Mahkamasi atrofida ham bunday joy yo‘q. Bir gal xat tashlash uchun borganimda rosa sarson bo‘lganman. Chetroqqa qo‘yay desam, mumkin emas deb qaytarishgan. Unda nima qilishim kerak? Buklab-buklab, cho‘ntagimga solmayman-ku!
Darvoqe. Vazirlar Mahkamasiga velosipedda borganlar uchun qanday shart-sharoit borligini o‘rganish maqsadida “Daryo” fotomuxbiri poytaxt markazida bo‘ldi. Markaziy Ko‘rgazmalar zalining ortida, jumladan, Vazirlar Mahkamasi xodimlari va bu idoraga keladigan boshqa odamlar foydalanadigan avtoturargoh bor, lekin u yerda velosipedlarni qoldirish uchun alohida sharoit — veloturargoh yo‘q.
“Daryo” fotomuxbiri avtoturargohdagi mavjud ahvolni suratga tushirib qaytayotganida, ushbu hududni qo‘riqlash va xavfsizligini ta’minlashga mas’ul bir guruh shaxslar uni to‘xtatib, olgan suratlarni o‘chirtirib tashlagan. O‘zini tanishtirmagan xodim: “Bu yer qo‘riqlanadigan hudud. Аvtoturargohdagi mashinalarning deyarli hammasi Vazirlar Mahkamasida ishlaydigan odamlarniki. Kamerangizga ularning raqamlari tushib qolsa, bizga gap tegadi. Vaqti kelganda ushbu raqamlar almashtiriladi. Olgan suratingizdan odamlar o‘sha mashinalar shu avtoturargohda turishini bilib olishi mumkin”, — deya e’tiroz bildirgan.
Fotomuxbir mashinalarni emas, balki avtoturargohdagi ahvolni suratga tushirgani, suratlarni mashinalarning raqamlarini yashirib chiqarish mumkinligini, u bu yerda velosipedlarni qoldirish uchun shart-sharoit bor-yo‘qligini o‘rganayotganini bildirganida, mas’ullar shunday javob bergan: “Аvtoturargohga mashinalarning o‘zi sig‘maydi-yu, velosipedga yo‘l bo‘lsin! Bu yerga velosiped minadigan odamning o‘zi kelmaydi va bizga ham keragi yo‘q”. Mas’ullar muloqot yakunida “suratlarda mashinalarning raqami ko‘rinmasa ham qaysi ‘parkovka’ ekani bilinishi mumkin”ligini bahona qilib, suratlarni o‘chirtirgan.
O‘zim ko‘pqavatli uyda turaman. Uyimiz oldida veloturargoh yo‘qligi uchun ko‘chaga shunchaki qulflog‘liq qo‘yishga ko‘zim qiymaydi. Bir marta tungi chiroqlari bilan “datchik”ini yechib ketishgan. Uyim tor bo‘lsayam, dahlizga kiritib qo‘yaman.
Velosiped haydashning ham qat’iy qoidalari bor. Аsosiy yo‘lda harakatlanganim uchun xavfsizlik menga o‘ta muhim. Boshimda maxsus kiyim — shlem, velosipedning old-orqasida chiroqlar, ikki bilagimda maxsus nurqaytargich-yashil rangdagi brasletlar bo‘ladi. Kechqurun chorrahadan ketayotganda harakatlanayotganimni bildirish uchun bilagimdagi nurqaytargich bilan imo-ishoralar qilaman.
Velosipeddan foydalanuvchi nafaqat veloqoidalarni, balki avtomobilda yurish qoidalarini ham bilishi kerak. Bir yo‘lda yurgandan keyin ikki transport haydovchisi bir-biri bilan hisoblashadi-da! Agar biri boshqasining qayerda qanday harakatlanishini bilmasa, o‘zaro tushunmovchiliklar kelib chiqib, halokatlarga olib kelishi mumkin.
Momolarimiz tuya, ot minishgan — velosiped haydashimning nimasi uyat?
Gulnoza Nabiyeva, Toshkentdagi Gyote instituti xodimi, tarjimon2005-yili Germaniyaga magistraturada o‘qishni davom ettirgani borganman. Vilgelm universitetida germanistika sohasi bo‘yicha ta’lim oldim. Myunsterda yashaganim uchun deyarli har kuni hammaning velosipedda ishga qatnayotgani va doimiy foydalanishini ko‘rib-kuzatardim. Ilmiy rahbarim doktor Elmar Noys velosipedim yo‘qligini ko‘rib, xohlasam, ta’tilga ketgan qizlaridan birinikini foydalanib turishimni taklif qildi. Rozi bo‘ldim-u, ammo haydashni bilmasdim. Ustozim oilasi bilan menga velosiped haydashni o‘rgatdi. Shu-shu velosiped hamrohimga aylandi. Mashinaga chiqquday bo‘lsam, ekologiyaga zarar yetkazayotganimni o‘ylab vijdonim qiynaladi.
Germaniyada mashina va velosipedlar uchun yo‘llar ham, svetoforlar ham alohida. Yo‘l harakatining barcha ishtirokchilari bir-birini tushunib, hurmat qilgan holda harakatlanadi. Chunki belgilangan qonun-qoidalar maromida ishlaydi. Bizda esa velosipedni haligacha ko‘ngil ochish, sayr qilish vositasi deb bilishadi. Na boshqa ulovlarning haydovchilari, na piyodalar va na davlat velosiped ham transport vositasi ekanini sezadi. Axir unda soatiga 50 kilometr tezlikda harakatlanish mumkin. Avtomashina ham o‘rtacha shunday tezlikda harakatlanadi, aslida.
Qaniydi, odamlarimiz velosipedda ko‘proq yursa... Afsuski, veloinfratuzilmamiz juda yomon. Hozir qurilayotgan veloyo‘llar ham talabga javob bermaydi. Nega avval tajribalarni o‘rganib, sinovdan o‘tkazib, keyin yo‘l solmaymiz? Ikki yilcha oldin veloinfratuzilmalarni velosiped va piyodalar yo‘llarini yaxshilashga xizmat ko‘rsatuvchi Planungsbüro VAR+ byurosi yordamida quramiz deyishgandi. Ammo bu yo‘llar na Germaniya tajribasi asosida qurilganiga, na milliardlab pul sarflanganga o‘xshaydi.
Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, poytaxtning 31 ta nuqtasida jami uzunligi 57 kilometr bo‘lgan veloyo‘lak va piyodalar yo‘lagi qurish, buning uchun (dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra) 216,82 milliard so‘m sarflanishi rejalashtirilgan.
Zamonaviy shaharsozlikda velotransport uchun barcha sharoit bo‘lishi shart. Tashkilotlar shu yengillikni yaratib qo‘ysa, odamlarning og‘iri xiyla yengillasharmidi... Gyote instituti xodimlarining aksari velosipedda ishga keladi va veloturargoh ham mavjud. Agar xodim harakat uchun qulayroq kiyimda kelsa-yu, uni almashtirishga ehtiyoj sezsa, maxsus vannaxona, kiyinish xonalari bor. Bari ilk qadamdan boshlanadi va u qadamni aynan biz — hammamiz tashlashimiz kerak.
Turmush o‘rtog‘im, uch bolam — hammamiz velosiped haydaymiz. Bolalar maktabga ketarida bir ko‘zim yo‘lda bo‘ladi. Nafaqat, veloyo‘llar, balki qolgan yo‘llar ham bolalarimiz uchun xavfli. Katta yo‘llardan ko‘ra ichkisining xavfi yuqori. Hali bir hafta bo‘lgani yo‘q — Tashkent City yaqinidagi veloyo‘lakdan ketayotgan o‘g‘limni mashina turtib ketdi. Oyog‘i ko‘karib, shishib qoldi. Xudo bir asradi. Boshqa zarar bo‘lmadi. Shunday noxush holatlardan keyin ota-ona bolasini ko‘chaga qay yurak bilan chiqarib yuborsin?
Biz dangasa, sog‘lom turmush tarzidan qochadigan xalqmiz. Kam harakatlanamiz. Velosipedda yursam, kap-katta xotinni qaranglar, deb g‘alati tikilishadi. Hatto yuzimga ham aytishadi. Nimasi uyat buning? Tabiatni zaharlayotganlar uyalsin! Bu soxta sipolik. Momolarimiz ot, tuyalar minishgan-ku. Qolaversa, ayollar chiqib-tushishi qulay bo‘lgan alohida velosipedlar bor.
Noqulayliklar sabab velosiped haydamay qo‘ydim...
Jamshid Esonov, “Jonli qadam” biznes loyihasi assistentiIkki oy bo‘ldi velosiped haydayotganimga. Lekin infratuzilmadagi noqulayliklar sabab jamoat transportiga qaytdim. Ikkita joyda ishlayman. Turar joyim Yunusobod bilan ish joyim “Tinchlik” metro bekati orasida ancha masofa bo‘lgani va veloyo‘laklar uzviy, mantiqiy bog‘lanmagani uchun vaqtim ko‘p ketdi. Shu sabab velosipedda harakatlanishni to‘xtatdim.
To‘g‘ri, mashinalar qatnaydigan asosiy yo‘ldan ham yurish mumkin. Veloyo‘lak bo‘lmaganda ruxsat beriladi. Ammo keng va serqatnov joydan foydalanishga xohishim qolmadi. Negaki avtomobil haydovchilari velosipedchilarni hurmat qiladigan darajaga hali yetib kelmadik. To‘g‘ri, tartibli haydovchilarimiz ham bor. Balki bilganimdan ham ko‘proqdir ular. Ammo qoidalarni bilmay, sizni bir tiyinga olmay yuradiganlari hayotingizni hal qilib qo‘yishi mumkin.
Germaniyadaligimda o‘qish va ishga doim velosipedda qatnardim. O‘qishim uyimdan uzoqligi uchun metro bekati oldiga borib, o‘sha yerdagi veloturargohga velosipedimni qulflab, metroga tushardim. Qaytish ham xuddi shu tarzda bo‘lardi.
Toshkentdagi aksariyat veloyo‘laklar tor qurilgani uchun unga bittagina harakatlanuvchi sig‘adi. Yunusoboddagi sobiq “Qozog‘iston” kinoteatri atrofidagi veloyo‘laklar bunga misol. Standartlarga mos emas ular, boshidan to‘g‘ri rejalanmagan. Uzviylik, mantiqiy davomli bo‘lmagan yo‘llarga Yunusoboddagi “Shohsaroy” to‘yxonasidan Oloy bozorigacha bo‘lgan masofani aytish mumkin. “Yunusobod” (“Universam”) dehqon bozoriga yetganda veloyo‘laklar uzilib qolgan.
Asosiy yo‘lmi yo yerosti yo‘li — qay biridan harakatlanishga ikkilanasan. Bunga tayinli ishora ham yo‘q. Velosipedimni ko‘tarib, yerosti yo‘liga tushsam, sotuvchilar to‘ng‘illaydi. Harakatlanayotganda kimgadir ogohlantirish niyatida signal chalsangiz, “Yo‘lingni top!” deydiganlarga nima deyishga hayronman. Germaniyada yayov ketayotganimda xayol bilan veloyo‘lakka o‘tib ketganman. Ortimdan kelayotgan velosipedchi qattiq tormoz berib, bo‘ralatib so‘kkandi.
Bizda velosiped boshqa transportlardan o‘gayga o‘xshaydi. U ko‘pgina sharoitlardan mosuvo qilingan. Hatto buzilganida tuzatadigan ustaxonalar ham sanoqli. Bir safar sobiq “Qozog‘iston” kinoteatri yonida velosipedim balonining dami qochib, noiloj qolganman. “Shahriston” metro bekatigacha piyoda sudrab borib, mashinalar ustaxonasida tuzatib, uyga yetib olgandim.
Velosiped haydovchisi sifatida eng yomon ko‘rgan nuqtam — “Shahriston” metro bekatining atrofi. Asosiy yo‘ldan yursangiz qiynalmaysiz, ammo piyodalar yo‘lagi mavjud qismiga o‘tsangiz, qayerdan va qanday yurishni bilmaysiz. Аyrim yo‘llar o‘rtasida 20 santimetr balandlikda beton quyilgan, velosipedingizni ko‘tarib o‘tishga majbursiz.
Veloyo‘laklarni qurayotganda ular velosiped yurishi uchun mos yo yo‘qligini velosipedda yurib tekshirishsa yaxshi bo‘lardi. Chunki yo‘lning barcha kamchiliklari unda tegishli transport vositasida harakatlanganingda bilinadi. O‘sha paytda to‘g‘rilashning ham imkoni bor, har holda, osonroq bo‘ladi.
Bizda ham xorijdagidek velomagistrallar tashkil qilinsa, harakat qulayligi yanada ortgan bo‘lardi. Yunusoboddagi Shahidlar xotirasi xiyobonidan Mustaqillik maydonigacha oqib o‘tuvchi kanal bor. Shu ikki nuqtaning biridan boshqasiga cho‘zilgan masofada, kanal bo‘ylab velomagistral qilish mumkin.
Odamlarni velosipeddan harakatlanishga undash borasida tajribalar ko‘p. Ayrim davlatlarda velosipeddan muntazam foydalanuvchilar uchun imtiyozlar joriy etilgan. Menimcha, bizga imtiyozlarning keragi yo‘q — to‘g‘ri sharoit yaratilsa kifoya.
Izoh (0)