Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida temir quvurlarni o‘marmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olindi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi Departament.
Ma’lum qilinishicha, Departamentning Uchquduq tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda fuqaro O.ning boshqaruvidagi MAN rusumli yuk mashinasida “U.D.” MChJ rahbari M.A. va boshqalar tuman Obodonlashtirish boshqarmasi balansida bo‘lgan “Shalxar” OFY hududidagi ichimlik suvi tarmog‘idan kesib olingan umumiy qiymati 87,3 million so‘mlik temir quvurlarni hech qanday hujjatlarsiz olib ketayotgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) va 28, 25, 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilda Navoiyda cho‘l hududidagi 102 millionlik suv quvurlarini o‘g‘irlagan shaxslar ushlangani, Navoiyda 2,5 kilometrlik suv quvurlarini o‘g‘irlab, kombinatga qariyb 200 million so‘m zarar yetkazgan shaxslar qamoqqa olingani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)