Samarqand viloyati Ishtixon tumanida fuqaroni 17 ming dollar evaziga magistraturaga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxs qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda IIV matbuot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyati Jomboy tumanida yashovchi yigit ichki ishlar xodimlariga Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida yashovchi fuqaro unga Davlat test markazidagi tanishlari orqali Samarqand veterinariya meditsinasi instituti magistraturasiga o‘qishga kiritib qo‘yishini aytib, xizmati evaziga 17 ming dollar talab qilganini bildirib, qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi viloyat boshqarmalari 9-avgust kuni tezkor tadbir o‘tkazib, Samarqand shahar Islom Karimov ko‘chasida fuqarodan pul olayotgan shaxsni daliliy ashyolar bilan qo‘lga olgan.
Holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi va 211-moddasi 3-qismi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan avval Toshkent, Buxoro va Samarqandda fuqarolarni o‘qishga kiritish hamda o‘qishini ko‘chirib berish bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlangani, Buxoroda hamshiralikka ishga olish evaziga 400 dollar olgan shaxs qo‘lga olingani hamda Samarqandda talabani yakuniy nazorat imtihonidan o‘tkazib berish uchun 550 dollar so‘ragan dekan o‘rinbosari ushlangani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)