Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Nyu-Yorkning uch karra gubernatori Endryu Kuomo yana ko‘p yillar shtatni boshqarishi taxmin qilinayotgandi. Ayyor va tadbirli siyosatchi ko‘p yillar davomida o‘zining tarafdorlari bo‘lgan demokratlarning xatolarini poylab, respublikachilarning pinjiga suqilib kirgan, raqobatchilarini ichki partiya bahslarida ma’muriy resurslar orqali yengishga odatlangan. Bundan tashqari u koronavirus pandemiyasi davrida garchi ushbu obraz hayotdagi gubernator fe’l-atvoriga mutlaqo zid bo‘lsa ham o‘ziga xos kurashchi timsolini yaratgan. Shtat bosh prokuraturasi uning administratsiyasida ishlovchi ayollarga nisbatan shilqimlik qilgani isbotlangan bo‘lsa ham, hatto yuqori martabali o‘z tarafdorlari demokratlar, shuningdek mamlakat prezidenti Jo Bayden unga shunday talab qo‘yganiga qaramay, Kuomo iste’fo berishni istamayotgandi. Uni lavozimdan chetlatish uchun Kuomoga impichment e’lon qilish xavfi ham mavjud edi. Meduza nashri Endryu Kuomoning siyosiy faoliyati qanday qilib bunday inqirozli xotimaga kelib qolganining sabablarini o‘rgangan.

Foto: Getty Images

Don KuomoNyu-Yorkda bir vaqtlar gubernator lavozimida ishlagan Mario Kuomoning (1983–1994-yillarda, ketma-ket uch muddat shtatni boshqargan) o‘g‘li Endryu Kuomoning siyosiy faoliyati, u tug‘ilgan vaqtdayoq muvaffaqiyatli kechishi taxmin qilingan. Endryu huquqshunoslik bo‘yicha tahsil oldi, ma’lum vaqt o‘tgach siyosatga o‘tdi, dastlab otasining saylov kampaniyasida ishladi, keyin uning administratsiyasida gubernator maslahatchilaridan birining o‘rnini egalladi.

1990-yilda Endryu AQShning 35-prezidenti Jon Kennedining jiyani Kerri Kennediga uylandi. Ushbu nikoh matbuotda aqlli hisob-kitoblar mahsuli deya e’tirof qilingandi. Uylanganidan keyin Kuomoning lavozimi ko‘tarilishni boshladi, dastlab o‘rinbosar, keyinchalik Bill Klinton prezidentligi davrida uy-joy qurilish va shaharni rivojlantirish vaziri bo‘lib ishladi. 2006-yilda o‘zi uchun qadrdon shtatga qaytdi va bosh prokurorlikka saylandi. Keyinchalik gubernatorlikka saylandi va deyarli uch muddat shtatni boshqardi.

Endryu Kuomo va Kerri Kennedining to‘yi. O‘ngdan birinchi — shtatning o‘sha vaqtdagi gubernatori, Endryuning otasi Mario Kuomo. 1990-yil.

Endryu Kuomo va Kerri Kennedining to‘yi. O‘ngdan birinchi — shtatning o‘sha vaqtdagi gubernatori, Endryuning otasi Mario Kuomo. 1990-yil.
Foto: Shutterstock

Otasidan farqli ravishda Endryu Bill Klintonni o‘zining kumiri deb hisoblagan va uning yangi demokratlar haqidagi g‘oyasiga ishongan. Mario Kuomo esa shtatni boshqargan vaqtda yangiliklar qilishga intilgan, 1984-yilda Katolik cherkovdan chekinib, abortlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun tahdidga ham uchragan. Klintonga havas qilgan o‘g‘il-gubernator Endryu Kuomoni esa tanqidchilar bir necha marta demokrat terisini yopingan respublikachi deb atashgan.

Gubernatorni ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalari uchun xarajatlarni qisqartigani uchun (pandemiya davrida ham mazkur yo‘nalish uchun xarajatlarni kamaytirgan), shtatning boy odamlarining soliqlarini kamaytirgani, keksalar va nogironlarga g‘amxo‘rlik qilish yo‘nalishidagi muammolar, shuningdek munisipial va davlat xizmatchilarining kasaba uyushmalariga tajavuzkor bosimlar uchun ham keskin tanqid qilishgan. Kuomo Nyu-York metropoliteni infratuzilmasini rivojlantirish uchun ajratilgan budjetni boshqa loyihalarning xarajatlariga yo‘naltirganlikda ham ayblangan. Kuomoning bosimi oqibatida Nyu-York transport xizmati (MTA) rahbari Endi Biford iste’foga chiqishga majbur bo‘lgan.

Bundan tashqari Kuomo shtat hukumatining korrupsiyaga aloqadorligini o‘rganish komissiyasini tarqatib yuborgan. Mazkur qarorning chiqarilishi, birinchidan Kuomoning o‘z o‘rnidan xavotirga tushgani bilan izohlanadi, komissiya ishi tufayli gubernatorning ikki yaqin ittifoqdoshiga qamoq jazosi berilgan. Ikkinchidan, bu partiya ichidagi raqobat natijasiga ta’sir qilardi, chunki Kuomoning raqibi Zefir Tichaut korrupsiyaga qarshi kurash shiorlari bilan omma oldida chiqishlar qilgandi.

Kuomoning boshqaruv uslubi ham ko‘plab savollar uyg‘otardi, u shtatni otasidan qolgan merosdek nazorat qilib, atrofiga yig‘gan jamoasidan o‘ziga sadoqat bilan xizmat qilishni talab etgan. Tanqidchilarga bir necha bora tahdid yo‘llab, ularni shantaj qilgan.

2008-yilda demokratlar shtat qonunchilik majlisi hisoblangan yuqori palatada ko‘pchilik ovoz oldi. Quyi palata ushbu jarayongacha demokratlar nazoratida edi, ammo ular o‘z g‘alabasidan unumli foydalanmadi. To‘rt nafar senator-demokrat (ularning uch nafari keyinchalik poraxo‘rlik va mol-mulkni talan-toroj qilishda ayblanib, sud qilingan) o‘z hamkasblari bilan birgalikda partiya uchun ovoz berishdan bosh tortdi va respublikachilarga qo‘shildi, oqibatda majlis ishi falajlanib qoldi.

Mazkur harakatlar samarasi o‘laroq demokratlarning shtat senatida 2010-yil saylovlaridagi ustunligi yo‘qoldi. “Isyonchilar” ortga qaytdi, biroq to‘rt nafar boshqa demokrat “Mustaqil demokratik konferensiyasini” tuzib, respublikachilar uchun ovoz berishni boshladi. Keyinchalik shtat senatining respublikachilari yetakchisi ham korrupsiyada ayblanib, sud qilingan. Yakunda demokratlardan chiqqan to‘rt vakil qo‘mitalarda rahbarlik kursilarini egalladi va ularning maoshiga o‘n minglab dollar pul qo‘shildi.

Keyingi yillarda Kuomo namoyishkorona tarzda IDC vakillarining qonunchilik organida respublikachilar tomoniga o‘tib, muvozanatni buzishiga befarq qaradi. Sababi bu harakat bir nechta qonunlarning imzolanmasligi, demokratlarni qo‘llab-quvvatlaydigan ayni vaqtda raqiblar bilan ham kelisha oladigan o‘rtakash va murosachi gubernator imijini saqlab qolishni ta’minlardi. Bu kabi holatlar 2018-yilda “Mustaqil demokratik konferensiya”ning tarqatib yuborilganidan keyin tugadi, guruhning 8 nafardan 6 nafar vakili saylovlar va partiya praymerizlarida mag‘lub bo‘lgan.

Shuningdek, 2018-yilda demokratlar praymerizida gubernator Kuomoga aktrisa Sintiya Nikson raqib bo‘ldi, ayolni chap faollar va Nyu-Yorkda obro‘ga ega Ishchi oilalar partiyasi qo‘llab-quvvatlagan. Kuomo aktrisa bilan kurashni mahalliy kasaba uyushmalariga bosim o‘tkazish bilan boshladi (birlashmalarning ayrimlari munisipial ishchilar nomidan ish ko‘radi, boshqalari esa shtat hukumati bilan shartnomalar tuzgan holda bog‘langan), bu orqali ularning partiyani qo‘llab-quvvatlashiga to‘sqinlik qilishga urindi. Oqibatda Nikson praymerizda mag‘lub bo‘ldi.

Kuomo pandemiyani “qahramonlarcha” yenggani haqida kitob yozgan Koronavirus pandemiyasi boshlangach, Kuomoning reytingi ko‘tarildi, uning o‘zi esa umummilliy miqyosdagi yulduzga aylandi. Liberal OAV Rolling Stone’dan tortib, Vogue’gacha Kuomoga oshiq bo‘lib, uning har kuni o‘tkazadigan matbuot-anjumanlarini maqtashdi, ushbu harakatlar uchun “Emmi” mukofotiga ham loyiq ko‘rildi. CNN telekanali ham gubernator bilan doimiy ravishda intervyular tashkillashtirar, suhbatlarda uning ukasi Kris Kuomo gubernatorga javob berish uchun juda qulay savollar berardi. Aka-ukaning televideniyedagi muloqoti bir yil ichida shakllanib qolgan an’ana emas, Fox News va boshqa pro-respublikachi medialar mazkur harakatga o‘ta tajavuzkor qaraydi.

Kuomo ittifoqdoshlari va uning o‘zi ham Donald Trampga qarshi qo‘yildi, gubernator sobiq prezidentdan farqli ravishda aqlli boshqaruvchi sifatida og‘ir pallada mas’uliyatni zimmasiga olgani, federal hukumat mamlakatdagi epidemiya bo‘yicha bir to‘xtamga kelmagan vaqtda barchasini to‘g‘ri bajargani aytilgan. Ushbu qarama-qarshilik 2020-yil oktabrda (AQShda koronavirusning ikkinchi to‘lqini oldidan) Kuomoning “Amerika inqirozi” kitobining nashr qilinishi bilan cho‘qqiga chiqdi, kitobda u federal hukumatni tanqid qilib, o‘zining kasallikka qarshi kurashdagi sayi-harakatlariga to‘xtalgan.

Biroq hammasi ro‘yo ekani juda tez oydinlashdi. Dastlab Kuomo boshqaruvidagi Nyu-York shtati hukumatining qariyalar uylaridagi koronavirusdan o‘lim statistikasini pasaytirib (taxminan 50 foizga) ko‘rsatgani aniqlandi, shtatdagi qariyalar uylarida epidemiya boshlanganidan beri 15 mingga yaqin odam COVID-19 asoratlari oqibatida vafot etgan, bu hududda koronavirusdan o‘lganlar umumiy sonining uchdan bir qismiga teng ko‘rsatkich. AQShda koronavirusdan vafot etganlarning uchdan bir qismi qariyalar uylarida yashagan keksa yoshli odamlar tashkil qiladi. Lekin Kuomo tanqidchilari Nyu-Yorkda o‘lim ko‘rsatkichining yuqoriligi taxminan 9 mingga yaqin keksa yoshli nyu-yorkliklar kasalxonalarda davolanganidan keyin yana qariyalar uyiga qaytarilgani bilan bog‘lagan, shtat sog‘liqni saqlash vazirligi o‘z hisobotida mazkur harakatlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni inkor etgan.

Qariyalar uyida koronavirusdan vafot etgan nyu-yorkliklarning qarindoshlari Endryu Kuomoning iste’fosini talab qilib piket o‘tkazmoqda. Nyu-York, 2021-yil 25-mart.

Qariyalar uyida koronavirusdan vafot etgan nyu-yorkliklarning qarindoshlari Endryu Kuomoning iste’fosini talab qilib piket o‘tkazmoqda. Nyu-York, 2021-yil 25-mart.
Foto: Getty Images

Kuomo pandemiya davrida qariyalar uyidagi o‘limlar bilan bog‘liq sud surishtiruvidan avval imunitet va qonuniy kafolatlarga ega bo‘lgan. Keyinchalik Nyu-York shifoxonalar assosiatsiyasi (GNYHA) Kuomo saylov kampaniyasiga 2 million dollar sarflagani, gubernator yordamchisi Melissa Derosning uch nafar qarindoshi GNYHA manfaatlarini lobbistlarcha himoya qiladigan firmada ishlashi oydinlashgan.

Mahalliy siyosatchilar orasida Kuomoni demokrat-deputat Ron Kim barchadan ko‘ra ko‘roq tanqid qilgan, uning amakisi ham qariyalar uyida koronavirus asoratlaridan vafot etgan. Kuomo deputatga shaxsan qo‘ng‘iroq qilib, “karyerasini barbod qilishi”ni aytgan va unga tahdid qilgan. Nyu-York koronavirusni qanday yenggani haqidagi Kuomo muallifligidagi kitobni yozish, tahrirlash ishlariga gubernator administratsiyasidagi yordam bergani to‘g‘risida ham axborotlar sizdirildi, bu qonun bilan taqiqlangan harakat. Kuomo kitob uchun taxminan 5 million dollar atrofida gonorar ishlab olgan, bu bir necha o‘n ming nusxada chop etilgan bestseller uchun kulguli mablag‘.

Qariyalar uylaridagi o‘limlar bilan bog‘liq mojarodan keyin demokratlar ham respublikachilar ham Kuomodan iste’fo berishni, aks holda unga impichment e’lon qilinishi haqida bayonotlar berishni boshladi. Vaziyatning kutilganidan ancha qaltisroq ekani oradan ma’lum muddat o‘tganidan keyin aniq bo‘ldi.

Kuomo chap bera olmaydigan ayblovlar2020-yil dekabr oyida Kuomoning sobiq yordamchisi Lindsi Boylan uni shilqimlikda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra gubernator unga tegajoqlik qilgan va ayolning oldida noporfessional gaplar gapirgan. Kuomoning o‘zi ayblovlarni rad qilgan, uning yordamchilari esa Boylanga qarshi ma’lumotlar to‘plab, yordamchining sobiq hamkasblariga qo‘ng‘iroq qilib, ulardan ayol haqida salbiy axborot olishga uringan. Rozilik bermaganlar Kuomo yordamchilari tomonidan qo‘rqitilgan va oqibatda ular jurnalistlar bilan suhbatlardan qochgan.

Fevralda gubernator shtabining boshqa bir ayol xodimi Sharlotta Benner ham Boylanga o‘xshab gubernator shilqimliklaridan aziyat chekkanini bildirdi, mart o‘rtalariga kelib Kuomoga qarshi shu kabi ayblovlarni yo‘llagan ayollar soni olti nafarga yetdi. 2020-yil oxiridan shu kunga qadar jami sakkiz nafar ayol Kuomoni shilqimliklarda ayblagan.

Hal qiluvchi pallada Kuomoning do‘stlari yo‘qligi, uning atrofidagilar gubernatordan qo‘rqqani uchun uni qo‘llab-quvvatlab kelganligi fosh bo‘ldi. Demokratik partiyadagi tarafdorlari Kuomodan yuz o‘girishdi. AQSh prezidenti Jo Bayden, Nyu-York shahri meri Bill de Blazio, AQSh senatida Nyu-York shtati nomidan ish ko‘radigan Chak Shumer va Kirsten Jilibrand hamda shtat qonunchilik majlisidagi demokratlarning ko‘pchilik qismi uning iste’foga chiqishini talab qildi. Katta kasaba uyushmalari, partiyadagi ittifoqchilari va administratsiyasining bir nechta sobiq xodimi ham Kuomoga ko‘mak bermadi. Faqat gubernator administratsiyasidagi sodiq xodimlari, ukasi Kris Kuomo siyosatchini qo‘llab-quvvatlab inqirozli vaziyatda qanday ishlash kerakligi borasida maslahatlar berdi.

Kuomo bilan uning administratsiyadagi ishchi munosabatlarda kuzatilgan muammolar shilqimliklarning o‘zi bilan tugagani yo‘q. The New York Times gubernator ma’muriyatida ishlagan 35 nafar sobiq xodim o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi, ular ayollarning tashqi ko‘rinishi yetarli darajada maftunkor bo‘lmagani tufayli ularning lavozimini oshirish rad etilgani haqida gapirgan. So‘rovnomada xodimlarni bir-biriga gij-gijlash, lavozimlariga taalluqli bo‘lmagan vazifalarni yuklash va doimiy ravishda haqoratlash holatlari kuzatilgani aniqlandi. Washington Post hamda New York Magazine ham shunga o‘xshash holatlar bo‘lganini surishtirgan: Kuomo qo‘l ostidagi ayollarga nafaqat shilqimlik qilgan, balki ularga baqirgan, haqoratlagan va yig‘lashgacha olib borgan.

Kuomo portreti aks etgan bilbord, unda Nyu-York shtati markazi Olbanida “Iste’foga chiq” so‘zlari yozilgan. 2021-yil 2-mart.

Kuomo portreti aks etgan bilbord, unda Nyu-York shtati markazi Olbanida “Iste’foga chiq” so‘zlari yozilgan. 2021-yil 2-mart.
Foto: Getty Images

Ammo shuncha gapdan keyin ham Nyu-York qonunchilik majlisi hamda shtat bosh prokuraturasi impichment jarayonini boshlashga shoshmadi va o‘z tekshiruvini o‘tkazdi. Bu Kuomoga yana bir necha oy davomida OAV va jamoatchilik e’tiboridan chetda turish imkonini berdi, lekin 3-avgustda tergov yakuniga yetdi va 165-sonli hisobot e’lon qilindi. Kuomo taftish yakunlari bo‘yicha xulosalarga chap bera olmaydi. Shtat bosh prokurori Letisiya Jeyms gubernatorga qo‘yilgan ayblovlarning haqiqatda sodir bo‘lgani, shu bilan birga yana uch nafar shilqimlikdan aziyat chekkan ayollar borligi ham aniqlanganini bildirgan. Tergovchilar 74 mingdan ziyod hujjatlarni o‘rgangan va yuzlab guvohlarni so‘roq qilgan. Guvohlar orasida gubernator politsiya qo‘riqlash xizmatining xodimasi ham bo‘lgan. Ayolning hikoya qilishicha Kuomo doimiy ravishda unga beadab gaplar gapirgan va imkon tug‘ilishi bilan xodimning qurollangani, xizmat burchini bajarayotganiga qaramay unga teginishga uringan.

Endi nima bo‘ladi? Kuomo uchun barchasi tugadimi?Kuomo ishi bo‘yicha tergov natijalari e’lon qilingach, u yana bir marta barchasi uyushtirilgani va iste’foga chiqmoqchi emasligini bildirdi. Shuningdek, u Kuomoning siyosatchilar, amaldorlar, jamoat arboblari va faollar bilan birga quchoqlashib tushgan rasmlarini e’lon qilib, ayblovlarga javob qaytardi va Italiya an’analari asosida tarbiya topgani uchun ham fe’l-atvori shundayligini izohlashga urindi.

Kech iste’foga chiqqanini e’lon qilgan Endryu Kuomoga impichment e’lon qilinish ehtimoli juda yuqori edi. Quyi palataning 15 nafar a’zosidan kamida 86 nafari impichmentni qo‘llab-quvvatlagan. Palata spikeri Karla Xisti ham Kuomo o‘z lavozimida qola olmasligini qayd etgan. Agar gubernator iste’fo bermaganida palataning 76 nafardan ko‘proq a’zosi impichmentga ovoz bersa, shtat senatining uchdan bir qismi bergan ovozlar va shtat Oliy sudi a’zolarining o‘n nafari tashabbusni qo‘llab-quvvatlasa u holda Kuomo rahbarligiga ishonchsizlik bildirish amalga oshardi. Agar Kuomo kecha iste’foga chiqqanini e’lon qilmaganida, u holda impichmentning amalga oshish jarayoniga bir necha hafta yoki oy ketishi taxmin qilinayotgandi.

“Hisobot e’lon qilindi, Kuomo hozirning o‘zida iste’foga chiqishi shart!” yozuv yozilgan transparant bilan parvoz qilayotgan samolyot. Olbani, Nyu-York shtati, 2021-yil, 4-avgust.

“Hisobot e’lon qilindi, Kuomo hozirning o‘zida iste’foga chiqishi shart!” yozuv yozilgan transparant bilan parvoz qilayotgan samolyot. Olbani, Nyu-York shtati, 2021-yil, 4-avgust.
Foto: Reuters

Kuomo iste’fosida keyin vitse-gubernator Ketu Xochul uning o‘rnini egalladi. Ayol ham Kuomo kabi Demokratik partiyaning o‘nglar vakili. Kuomo uchun eng to‘g‘ri yo‘l uning iste’foga chiqishi bo‘ldi, sababi u baribir 2022-yil noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan gubernator saylovlarida ishtirok eta olmasdi. Yaqinda o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra 80 foiz respondent saylovchilar uning to‘rtinchi muddatga saylanishiga qarshi chiqqan, 63 foiz ovoz beruvchilarning Kuomoning darhol iste’fo berishini talab qilgan, 59 foizi esa impichment jarayoni boshlanishini yoqlab ovoz bergan. Kuomoning o‘rnini kelajakda egallashi mumkin bo‘lgan nomzodlar orasida amaldagi gubernator faoliyatiga kuchli zarba bergan shtat bosh prokurori Letishiya Jeyms favorit bo‘lib turibdi.

Shuningdek, Kuomoga rasmiy ayblovlar e’lon qilinishi mumkinligini ham esdan chiqarmaslik kerak. Bu borada bitta tergov ishi ochilgan, bir nechta prokurorlar shtat hukumatidan yakuniy ayblov xulosasiga asos bo‘lishi uchun zarur hujjatlarni talab qilgan.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Turkiyada deputatlar davlat budjeti muhokamasida mushtlashdi (video)
Mahalliy
Namangandagi ko‘mir mashmashasi: aholi uchun ko‘mir sotib olish — ovoragarchilik, rahbarlar esa ko‘mirga talab uning sifati yaxshiligidan demoqda (video)
Mahalliy
Toshkentda zo‘ravonlikka qarshi kurash bo‘yicha xalqaro anjuman — suratlarda