AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Sevara Ubaydullayeva vaksinatsiya bo‘yicha aholi savollariga javob berdi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

– Men homilador bo‘lishni rejalashtiryapman, sizlar vaksina olish homiladorlikka ta’sir qilmaydi deyapsizlar. Mahallamizdagi kelin vaksinatsiyadan keyin 3 oylik homilasini oldirdi. Holatga izoh bersangiz.

“Vaksinatsiya aslida inson organizmida tashqaridan tushadigan yot infeksiyaga qarshi himoya antitana ishlab chiqish uchun organizmga yuboriladigan dori vositasi. U organizmga kirishi bilan organizmda immunitet a’zolari va hujayralariga ta’sir ko‘rsatadi.

Vaksina homiladorlarda klinik tadqiqotdan o‘tkazilmagan. Vaksina homila rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatishi yoki yo‘qligi haqida asosli ma’lumotlar mavjud emas. Homilasini oldirgan kelinchak holati esa chuqur o‘rganishni talab etadi, chunki vaksinadan oldin onaning salomatligi, yoshi, tashqi ta’sirlar ham bolani rivojlanmasligiga va homilada nuqsonlar paydo bo‘lishiga olib keladi.

Bunday holatlar vaksinagacha ham bor edi, aynan bir kelinchak holatini vaksina bilan bog‘lash noto‘g‘ri, uni o‘rganib chiqilgandan keyin to‘g‘ri fikr va xulosa chiqarish mumkin”, – dedi Sevara Ubaydullayeva.

Bundan avval vaksina olgan ayollar uch yilgacha farzand ko‘ra olmasligi haqidagi xabarlarga oydinlik kiritilgani hamda JSST emizikli onalarga COVID-19 ga qarshi emlanishni tavsiya qilgani haqida xabar berilgandi.