Tojikistonning Xatlon viloyatida O‘zbekiston, Tojikiston va Rossiyaning 2,5 mingdan ortiq harbiylari ishtirokida qo‘shma mashg‘ulotlar boshlandi. Bu haqda Rossiya Markaziy harbiy okrug matbuot xizmatiga tayanib “Interfaks” xabar berdi.
Qo‘shma mashg‘ulotlarga 500 ga yaqin qurol va harbiy texnika birligi (xususan, Rossiya tomondan 420 donagacha) jalb qilinadi.
Tojikiston, O‘zbekiston va Rossiya qo‘shinlari ishtirokidagi uch tomonlama mashg‘ulotlar 5-avgustdan 10-avgustgacha davom etishi to‘g‘risida xabar berilgandi. 2-avgust kuni O‘zbekiston Mudofaa vazirligi bo‘linmasi mashg‘ulot o‘tkaziladigan joyga kolonnada yurishni amalga oshirgan. Qo‘shni davlat hududida kolonnada yurishlarga O‘zbekiston havo kuchlarining “Mi-35” jangovar vertolyotlari hamrohlik qilgan.
Rossiya harbiy kontingentining asosini 201-harbiy bazaning bo‘linmalari, xususan, tog‘ motorli miltig‘i, tank, artilleriya bo‘linmalari, shuningdek, Markaziy harbiy okrugning radioelektron hujum va radiatsiya, kimyoviy va biologik himoya bo‘linmalarining mutaxassislari va maxsus maqsadli bo‘linmalar tashkil etadi.
Mashg‘ulotlarning ochilish marosimi Tojikistonning Xatlon viloyatidagi Harb-maydon poligonida bo‘lib o‘tdi.
Qo‘shma mashg‘ulotlar Afg‘onistondagi vaziyatning keskinlashuvi fonida o‘tkazilmoqda. Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarining katta qismi olib ketilgach, mamlakatda “Tolibon” jangarilarining hujumlari boshlandi. Ayni paytda “Tolibon” Afg‘oniston chegaralarining, taxminan, 90 foizini nazorat qilmoqda va yirik shaharlarga hujum uyushtirmoqda.
Afg‘onistondan NATO qo‘shinlarini olib chiqish 29-aprelda boshlangan, AQSh va “Tolibon” o‘rtasida tuzilgan kelishuvga binoan jarayon kuzda yakunlanishi kerak. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, AQSh Afg‘onistondagi harbiy kontingentining 90 foizdan ko‘prog‘ini olib chiqib ketdi.
Izoh (0)