2021-yilning yozida amerikalik 12 yoshli bolakay Abhimanyu Mishra shaxmat bo‘yicha grossmeyster unvoniga ega bo‘ldi va rossiyalik Sergey Karyakinning 18 yillik rekordiga chek qo‘ydi. AQShning The New York Times nashri shaxmatchilar va ularning ota-onalari tomonidan amalga oshirilayotgan ayrim ayyorliklarni ochib bergan The Dark Side of Chess: Payoffs, Points and 12-Year-Old Grandmasters (Shaxmatning qorong‘i tomoni: pora, ochko va 12 yoshli grossmeysterlar) nomli maqolani e’lon qildi. “Daryo” ushbu maqolani o‘zbek tilida taqdim etadi.
Sergey Karyakin uchun faqat bitta o‘yin qolgandi va unda nima qilib bo‘lsa ham, g‘alaba qozonish kerak edi.
Ko‘rinishidan imkonsiz narsaning o‘zi yo‘qdek. Buning ustiga raqib ham musobaqada eng past reytingga ega bo‘lgan ishtirokchi. Karyakin o‘sha paytda shaxmat vunderkindi edi va 12 yosh-u 7 oylik vaqtida tajribali shaxmatchi hisoblanardi. Uni tarixdagi eng yosh grossmeyster unvonidan atigi besh daqiqa ajratib turgandi.
Bu nom (grossmeyster) uning hayotini tubdan o‘zgartirib yuborardi. Shaxmatda faqat yuqori o‘ttiztalikdagi dona suruvchilargina yaxshi karyeraga umid qilishi mumkin. Shaxmat tarixidagi eng yosh grossmeysterga aylanish Karyakinga ushbu dunyoga kirish eshiklarini ochardi. Bu unvon unga shon-shuhrat, korporativ homiylik va yirik musobaqalarga taklif etilish yo‘lini ham ochib berardi. Ushbu hayotni nafaqat, Karyakinning o‘zi, balki boshqa vunderkindlar ham orzu qilgan. Bolalarning ota-onalari esa buni ulardan ham ko‘proq xohlagan.
Ammo Karyakin buning uchun oxirgi partiyada g‘alaba qozonishi lozim edi.
Biroq bu safar uning iste’dodi kamlik qiladi. Deyarli 60 ta yurishda Karyakin raqibi Irina Semyonovani murakkab holatlarga tushiradi. Ammo har safar raqibi bunga qarshi hujum bilan javob qaytaradi. Karyakin bosim o‘tkazishda davom etadi, ammo o‘yin durang natija bilan yakunlanadi.
Unvon, shon-shuhrat deyarli uning changalida edi, ammo kutilmaganda hammasi izidan chiqa boshladi. Biroq bo‘lajak grossmeyster va uning jamoasi zaxirasida yana bir jasorat talab etiladigan yurish qolgandi.Otalar, o‘g‘illar va ochkolar
Shaxmat grossmeysteri unvonini olish uchun hazilakam vaqt sarflanmaydi. Hatto eng yorqin iste’dod egalariga ham eng yuqori va orzu qilingan unvonni qo‘lga kiritish uchun yillar kerak bo‘ladi. Buning uchun o‘yinchilar saviyasi yuqori bo‘lgan musobaqalardagi o‘yini tufayli yuqori reytingga ega bo‘lishi va grossmeysterlik me’yorini bajarishi kerak.
1950-yilda bu unvon rasman joriy qilinganidan keyingi dastlabki o‘ttiz yil mobaynida grossmeysterlarni uchratish amrimahol edi. Shaxmatchilar nafaqat ularning ismlarini, balki o‘ziga xos uslublarigacha yodlab olgandi. Musobaqalarda esa ular tom ma’noda yulduz edi.
Hammasi 1980-yillarda, Jahon shaxmat federatsiyasining (FIDE) shaxmat rivojlanmagan mamlakatlarda bu sport turini yoyishga qaratilgan harakatlaridan so‘ng o‘zgardi. Har bir mamlakatdan kamida bittadan grossmeyster bo‘lishi uchun FIDE o‘z talablarini yumshatadi.
O‘zgarishlar tufayli unvonni qo‘lga kiritish osonroq bo‘lib qoladi va ayni paytda u o‘zining eksklyuzivligini ham yo‘qotadi: 1950-yildan beri 2000 ga yaqin o‘yinchi grossmeysterga aylandi. Keyinchalik esa grossmeyster unvoni asta-sekin buyuk kelajak garovi bo‘lishdan ham to‘xtaydi. Yosh o‘yinchilar va ularning kamdan kam holatlarda yengiladigan ota-onalaridan o‘zgacharoq narsa talaba qilina boshlagandi. Eng yosh grossmeyster unvoni esa ana shunday tramplinlardan biriga aylanib qolgandi.
Karyakin va uning otasi Aleksandrga unvon cheksiz istiqbolni va’da qilayotgandi. Eng yosh grossmeysterga aylangan Karyakin bir zumda Boris Spasskiy va Bobbi Fisher bir zamonlar ega chiqqan, shu bilan birga Garri Kasparov, Magnus Karlsen kabi jahon chempionlariga nasib etmagan natijani qayd etadi. Bu yutuq 12 yoshli Sergey Karyakinning ismini ommalashtirib yuboradi va u uchun barcha eshiklarni ochib beradi.
Karyakin butun umri davomida shu maqsad sari intilgan. U 1990-yilda Simferopolda tug‘ilgan. Besh yoshida u kuniga olti soatlab shaxmat o‘ynardi. Iste’dodi va qat’iyati tufayli u tezda Ukrainadagi eng istiqbolli yosh shaxmatchilaridan biriga aylanadi.
O‘shanda unga o‘z vaqtida mamlakatning eng obro‘li shaxmat maktabi – “Momot” klubi ko‘z tikadi. Maktab Karyakinni Ukraina sharqidagi zang bosgan sanoat shahri Kramatorskda o‘z safiga qo‘shilishga taklif qiladi. Shundoq ham Qrimda oilani hech narsa ushlab turmayotgandi, postsovet iqtisodiyotining vayronalarida kun kechirish uchun Sergeyning ota-onasi ko‘cha tadbirkorlariga aylanadi va shaxmatchi o‘g‘il ortidan ko‘chishga qaror qiladi.
Karyakinlar uchun “Momot” klubi iqtisodiy o‘zgarishlar va qaroqchilar urushidan charchagan mamlakatda imkoniyatlar oroli bo‘lib xizmat qiladi. Sergey kelishidan oldin klub chempionlar va grossmeysterlarni qator-qator yetishtirib berayotgandi. Bir paytlar “Momot” klubi dunyoning eng yosh o‘n nafar grossmeysterlaridan uchtasini o‘z ichiga olgandi. Klubning birinchi yulduzi Ruslan Ponomaryov 2002-yildan 2004-yilgacha nokaut tizimi bo‘yicha jahon chempioni ham bo‘lgandi.
Karyakin shaxmatchi sifatida tez o‘sdi va maktab yulduzlaridan biriga aylandi. Uning muvaffaqiyatlari va otasining murabbiylar bilan mustahkam do‘stligi Karyakinni musobaqalarda maktab tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, o‘smirlikdagi obro‘yini mustahkamlagan.
Obro‘li unvon ham faqatgina yaxshi o‘yin orqali qo‘lga kiritilavermaydi. Hech kimga sir emaski, ko‘plab shaxmatchilar me’yorni bajarish uchun turnir tashkilotchilari va hatto raqobatchilar bilan ham kelishishi mumkin.
Bu madaniyat Momot klubida ham ildiz otgandi. Uning ko‘plab a’zolari grossmeysterlik unvonlarini Qrimda Sudak va Alushta turnirlarida qo‘lga kiritgan. Ushbu musobaqalarni “me’yor fabrikalari” deb ham atashgan: atigi 1000 dollar evaziga tashkilotchilar u yoki bu shaxmatchining me’yor uchun yetarli ball to‘plashini nazorat qilib turgan.
Ammo muvaffaqiyatga erishishning boshqa nozik usullari ham bor. Shaxmatchilar va FIDE rasmiylari bilan o‘tkazilgan intervyularga ko‘ra, kelishilgan o‘yinlar va naqd pulda pora olish — kam bo‘lmagan holat hisoblanadi. Status, unvonlar ko‘p bo‘lgan sport turida hatto o‘yinni o‘zi xohlagan narxda ham sotish mumkin.
Hozirda shaxmat bo‘yicha murabbiy bo‘lib ishlayotgan xalqaro toifadagi master Mixail Zaytsevning hisob-kitobiga ko‘ra, 1900 nafar tirik grossmeysterdan kamida 10 foizi o‘z unvonini firibgarlik yo‘li bilan olgan. Shaxmat bo‘yicha yetakchi hakamlardan biri Shohreh Baya bu haqda ochiqchasiga gapiradi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kelishilgan o‘yinlar – bu hiyla. Ba’zi da’vogarlar hatto shaxmat doskasiga ham o‘tirmaydi ham: musobaqalar faqat qog‘ozda o‘tkaziladi.
Bu hafsalasi pir bo‘lgan shaxmat amaldorlariga ham sir emas.
“Mening Paskuales laqabli itim bor”, – deydi FIDE vitse-prezidenti Nayjel Short. – Agar urinib ko‘rsam, unga ham grossmeyster unvonini olib berishimga shubham yo‘q”.Sotib olingan partiyalar
2002-yilda Karyakin dunyoning eng yosh grossmeysteriga aylangan “Buyuk ipak yo‘li” turniri Qora dengiz sohilidagi mo‘jaz Sudak shahrida bo‘lib o‘tadi. Besh kishining intervyusiga ko‘ra, u yerda aql bovar qilmas darajada tartibsizlik yuzaga kelgan.
O‘sha musobaqada Vasiliy Malinin g‘olib bo‘ladi, uning qanday qilib g‘alaba qozongani boshqa mavzu. O‘shanda yosh o‘yinchi Aleksandr Areshchenko, Malinin uning (Areshchenkoning) onasiga o‘g‘li o‘yinda yutqazib berishi uchun pul berganini aytgandi. Yana bir shaxmatchi Nazar Firman ham pul olganini ma’lum qilgan.
2020-yilning 22-noyabr oyida vafot etgan Malinin har doim g‘alabalar uchun pul to‘laganini inkor qilib kelgan. Ammo mashhur bo‘lmagan kichik bir shaxmat saytiga joylashtirilgan maktubida u Sudak turnirida g‘ayrioddiy rolni o‘ynaganini tan olgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “berish”ga rozi bo‘lgan partiyasi uning yodida qolgan eng yomon xotiradir. Malininning o‘zi bu haqida shunday deydi:
“Semyonova bilan kutilmagan durangdan so‘ng Karyakinning eng yosh grossmeyster bo‘lishi xavf ostida qoladi. O‘shanda Karyakinning otasi Aleksandr o‘g‘li yutqazib qo‘ygan o‘yinchilarga yaqinlashib, takroriy o‘yin uchun pul taklif qilgan. Firmanning aytishicha, unga kelishilgan durang uchun naqd pul taklif etilgan”.
Malininning qo‘shimcha ochkolari bor edi va Karyakin bilan takroran o‘ynashga rozi bo‘ladi. Shu bilan birga, u tekinga rozi bo‘lganini va buni firibgarlik deb hisoblamasligini ta’kidlaydi. Odatda olti soat davom etadigan o‘yinni ular blits-tezkor shaxmatdek tez o‘tkazadi. Kutilganidek, Karyakin g‘alaba qozonadi.
Bir necha daqiqadan so‘ng yangi grossmeyster musobaqaning asosiy zaliga yugurib kiradi va o‘sha paytda Areshchenko ta’biri bilan aytganda, “tovusdek” porlab, mag‘rurlanadi.
New York Times muxbiri ushbu epizod haqida so‘raganida, Karyakin bu to‘g‘risida otasidan so‘rashini aytadi. Ammo keyinchalik u bilan aloqani uzganini va turnir haqida qo‘shimcha ma’lumotga ega emasligini ma’lum qiladi. Karyakinning ota-onasi esa qo‘ng‘iroq va yozma xabarlarga javob bermaydi.
Karyakin g‘alabasining meva berishi uzoqqa cho‘zilmaydi. Kelasi yili u Veyk-an-Zeye shahrida bo‘lib o‘tgan turnirga taklif qilinadi – uni “shaxmat Uimbldoni” deb ham atashadi. Parijda u NAO nomli nufuzli shaxmat klubiga ham qo‘shiladi. Bir necha oy oldin Karyakin Yevropadagi musobaqalarga avtobusda borardi. Endi esa dunyoning eng yosh grossmeyster sifatida uni Meksika prezidenti kutib oladi.
“Meni taklifnomalarga ko‘mib tashlashgan edi. Juda mashhur bo‘lib ketdim”, – deya eslaydi Karyakin.
Dunyoning eng yaxshi o‘yinchilari bilan raqobatlashayotgan Karyakin rivojlanib boraverdi. 2005-yilning oktabriga kelib, 15 yoshga to‘lganida, Sergey allaqachon dunyoning eng yaxshi 50 o‘yinchisi qatoriga kirardi. 2016-yilda Nyu-Yorkda o‘tkazilgan shaxmat bo‘yicha Jahon chempionatida birinchi o‘rinni olishiga ham bir baxya qolgandi. Biroq hal qiluvchi o‘yinda tay-brekda o‘sha paytdagi eng yaxshi o‘yinchi sanalgan norvegiyalik Magnus Karlsenga yutqazib qo‘yadi. Biroq hozirda 31 yoshda bo‘lgan Karyakin 18 yildan ortiq vaqt davomida tengsiz unvonga egalik qilgan: dunyoning eng yosh grossmeysteri.
Shunga qaramay, Sudak turniridagi o‘chmas dog‘ hech qayerga yo‘qolmagan. Shaxmat olamida bu haqda mish-mishlar tarqaladi, ammo hech kim hech kimni suv yuzasiga olib chiqishni xohlamayotgandek hissiyot bor. Ba’zi o‘yinchilarning fikricha, Karyakin grossmeysterlik unvonini halol yo‘l bilan qo‘lga kiritmagan, ammo nachora, shaxmat hayoti shunday.
Shaxmat klubidagi Karyakinning undan kuchliroq hisoblangan guruhdoshi Areshchenkoning aytishicha, murabbiylar unga Sergeyning vaqtida eng yosh grossmeyster unvonini olishi uchun durang o‘ynashni maslahat bergan.
“Rostini aytsam, u unvonga loyiq emasdi. Men undan kuchliroq o‘ynaganman, lekin mening ham unvonni qo‘lga kiritishim qiyin edi”, – deydi Areshchenko Karyakin haqida.
O‘z intervyusida Karyakin pora taklif qilganini yoki yashirincha bitim tuzganini rad etadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan Malinin uning oilasidan o‘yinni takroriy o‘tkazishga emas, balki kechiktirishga rozi bo‘lgani uchun pul undirmoqchi bo‘lgan. Karyakinning otasi go‘yoki pul to‘lashdan bosh tortganida, Malinining jahli chiqib, “ushbu gaplarni o‘ylab topgan”.
“O‘shanda otam uning oldiga borib, baribir o‘ynashga to‘g‘ri kelishini tushuntirgan. Hech kim yosh bolalar bilan muzokara o‘tkazmaydi”, – deydi Karyakin Malinin haqida.Putin bilan tantanali uchrashuv
Aksariyat shaxmatchilar yashirincha tuzilgan bitimlarni hech kimga zarari tegmaydi deb hisoblaydi. Ammo Karyakinning faoliyati boshqalarga unday emasligini isbotlab berdi.
Aytishlaricha, me’yorlarni halol yo‘l bilan bajargan o‘yinchilar yillar davomida grossmeyster unvonini ololmaydi, demak, ular uchun yuqori eshelonga bo‘lgan eshik yopiq. Masalan, Firman bir necha bor professional shaxmatdan voz kechgan, chunki u bu bilan qorin to‘yg‘iza olmagan. Karyakinning “Momot” shaxmat klubidagi sobiq tengdoshlaridan yana biri hozirda Skype’da dars o‘tib, tirikchilik qiladi. Qolganlari havaskorlar o‘rtasidagi musobaqalarning gavjum zallarida kichik sovrinlar uchun kurashadi.
Karyakinda esa hammasi ko‘ngildagidek. 2009-yilda Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev unga fuqarolik beradi. 2014-yilda Karyakin Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishida ochiqchasiga Rossiya tomonni qo‘llab-quvvatladi va hatto Qrimda Vladimir Putinning portreti tushirilgan futbolkada suratga tushadi.
2016-yilda Putin mamlakati doimo shaxmatga “yuqori ustuvorlik” bilan qaraganini va shaxmat har vaqt mamlakatga yordam berganini ta’kidlaydi. Biroq shaxmat toji 2007-yildan beri Rossiyadan uzoqda bo‘lib turibdi. O‘sha yili Vladimir Kramnik sovrinni hindistonlik Vishvanatan Anandga yutqazib qo‘ygan. Karyakin esa uni qaytarishga va’da bergandi.
Bu yo‘lda u har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi. Rossiya korporatsiyalari Karyakinni daromadli shartnomalar bilan ta’minlaydi – shundan faqat birginasi unga 300 ming dollar keltiradi. Uning ishtirokidagi reklama bannerlari esa butun Moskva bo‘ylab paydo bo‘ladi, u eng mashhur tok-shoularga taklif qilinadi, xullas, taniqli odamga aylanadi. U o‘ziga menejer yollaydi va ko‘p qavatli uylardan xonadon sotib oladi. Ko‘p o‘tmay esa Moskva tashqarisidagi eng obro‘li hududdan uy va haydovchisi bilan Mercedes’ga ega bo‘ladi.
2017-yilda Putin hatto Karyakinni o‘z qarorgohiga ham taklif qiladi. Putinning birinchi savoli shunday bo‘lgan: “Siz 12 yoshingizda grossmeysterga aylangansiz, shundaymi?”
“Ha. Men eng yosh bo‘lganman”, – deb javob beradi Karyakin.
“Daryo” izohi. Sergey Karyakin avgust oyida Sochida o‘tkazilayotgan 2021-yilgi FIDE Jahon Kubogida finalga chiqdi. U hal qiluvchi bosqichda polshalik Yan-Kshishtof Dudaga qarshi dona suradi.
Munosib voris
Biroq iyun oyining oxirgi kunida, o‘sha muhim turnirdan 18 yil o‘tib, Karyakin butun boshli faoliyatini boshlab bergan unvonidan mahrum bo‘ladi.
Tarixdagi eng yosh grossmeyster unvonini undan Nyu-Jersi shtatidan (AQSh) bo‘lgan Abhimanyu Mishra ismli bolakay olib qo‘yadi. U 12 yosh-u 4 oy 25 kunligida Karyakinning rekordini ikki oyga yangilaydi. Mishra va uning otasi ham ushbu yutuqning xuddi Karyakin bilan bo‘lgan kabi, o‘zlari uchun ham muhim voqea bo‘lishidan umidvor edi.
Bundan yigirma yildan ko‘proq vaqt oldin Karyakinning ota-onasi singari Mishraning otasi ham ko‘p narsani xavf ostiga qo‘yadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘g‘lining unvoni 270 ming dollarga tushgan, u hatto shaxmat orzusini ro‘yobga chiqarish uchun internetda xayriya mablag‘larini ham yig‘gan. Pulga sotib olish mumkin bo‘lgan kichik imtiyozlar – yaxshiroq tayyorgarlik, kuchsiz raqobat va qulayroq jadval, maqsad sari qadam tashlanganda o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.
Karyakinni o‘z kumiri deb biladigan Mishra 2020-yilning kuzi va 2021-yilning bahorida Shimoliy Karolina shtatining Sharlotta shahrida o‘tkazilgan beshta turnirda ishtirok etadi, lekin birorta ham me’yorni bajara olmaydi. Karyakinning rekordini yangilash muddati yaqinlashgach, u otasi bilan Budapeshtga jo‘nab ketadi va u yerda ketma-ket 8 ta musobaqa o‘tkazadi.
Bu musobaqalarda me’yor “ovchilar”i tashkilotchilarga pul to‘laydi, ular esa o‘z navbatida grossmeysterlarga. Bu mutlaqo qonuniy yo‘l bo‘lib, professional shaxmatda keng tarqalgan. Ammo sifat darajasi boshqacha: Budapeshtdagi musobaqalarda Mishraga raqiblik qilgan o‘yinchilarning o‘rtacha reytingi Sharlottadagidan deyarli 50 ballga past edi.
FIDE prezidenti Arkadiy Dvorkovich intervyusida bu turnirlarni sportga xos emas deb atagan. Chunki ishtirokchilar orasida uzoq vaqtdan buyon formasini yo‘qotgan, g‘alaba qozonish uchun hech qanday ishtiyoqi bo‘lmagan yoshi katta grossmeysterlar ko‘p edi. “Mening motivatsiyam juda past”, – deya tan olgandi grossmeysterlardan biri Voytsex Plat.
Bundan tashqari, Budapeshtdagi turnirlarda Mishra bir xil raqiblarga qarshi qayta-qayta o‘ynayvergan, shu tufayli ularning taktikasi va uslubini ham o‘rganishga muvaffaq bo‘lgan.
Vengriyalik grossmeyster Gabor Nagi Budapeshtda 6 ta turnirda Mishraga qarshi o‘ynaydi (Sharlottada birorta grossmeyster ketma-ket 3 ta turnirdan ko‘proq o‘ynamagan). Ular o‘yinlarning birida o‘n to‘rtinchi, ikkinchisida yettinchi yurishda durangga rozi bo‘ladi. Shaxmat mutaxassislari uchun bu toza kurash bo‘lmaganining belgisidir. Ammo har bir durang tufayli Mishra atigi bir necha daqiqada maqsadiga yarim ochkodan yaqinlashavergan.
Otasining so‘zlariga ko‘ra, boshqa turnirda Mishra kuniga uchta partiya o‘tkazgan. O‘yinchilarni shaxmatday mashaqqatli sport turida haddan tashqari zo‘riqishdan himoya qilish uchun mo‘ljallangan FIDE qoidalari kuniga maksimal ikkita partiya o‘tkazishga ruxsat beradi. Mishra Karyakinning “taxtini egallash” yo‘lida atigi 78 kun ichida 70 ta partiya o‘tkazgandi.
Tajribali amerikalik murabbiy Bryus Pandolfini eng yosh grossmeyster unvoniga intilish haqida shunday degandi: “Bu yerda bir gap bor”.
Shunga qaramay, grossmeysterlik unvoni Mishra uchun yangi hayot chiptasiga aylanadi. U ESPN sayti va People jurnalining muqovasida paydo bo‘lishga ulguradi va sovrin jamg‘armasi qariyb 1,9 million dollarni tashkil etuvchi eng nufuzli turnirlaridan biri Jahon kubogiga ham taklifnoma oladi.
Hemant Mishra o‘g‘lining unvonni halol yo‘l bilan olganiga ishonadi va buning aksini “bema’nilik” deb ataydi. Ammo yetakchi o‘yinchilar Mishraning unvonidagi ochiqlikka shubha qilib, bunga yo‘l qo‘yib bergan tizimni tanqid qiladi.
FIDE vitse-prezidenti Shorts (o‘zi ham grossmeyster) tizimni isloh qilishga uringanini aytgan. Ammo shubhali grossmeysterlar bu yo‘nalishdagi barcha harakatlarni inkor etadi.
“Ot allaqachon qochib ketib bo‘lgan. Otxona eshiklarini yopishga juda kech bo‘ldi. Eng yaxshi ish – bu unvonni bekor qilishdir”, – deydi u.
Bilol Erkin tarjimasi
Qayd etish kerak, eng yosh grossmeysterlar kuchli o‘nligida o‘zbekistonlik ikki nafar shaxmatchi bor. 2017-yilda Nodirbek Abdusattorov 13 yosh-u, 1 oy, 11 kunligida mazkur unvonga ega chiqib, o‘sha vaqtda Karyakindan keyin eng yosh grossmeysterga aylangandi. Kelasi yili yana bir O‘zbekiston vakili Javohir Sindorov (12 yosh-u, 10 oy, 5 kunlik) ushbu natijani yangilagandi.
Izoh (0)