Qozog‘istonda 2021/2022-o‘quv yilida o‘rta ta’lim muassasalarida maktab formasi majburiy bo‘lmaydi. Bu haqda Qozog‘iston ta’lim va fan vaziri Asxat Aymagambetov Facebook’dagi sahifasida e’lon qildi. O‘quvchilar klassik uslubdagi kiyimda darslarga qatnashishi mumkin.
Vazirlik qarori mavjud karantin cheklovlari va pandemiya paytida forma sotib olishning savdo markazlarida navbatlar keltirib chiqarishini, shuningdek, mamlakatdagi iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli ayrim oilalar budjetiga jiddiy yuk bo‘lishini istamaslik bilan izohlandi.
“Barcha ijobiy va salbiy tomonlarini taroziga solib, biz turli sharoitlarda uni sotib ololmaydiganlar uchun maktab formasi kiyishni ixtiyoriy qilishga qaror qildik. Kelgusi o‘quv yili mobaynida bolalar maktabga vaqtincha nafaqat maktab formasida, balki klassik uslubdagi kiyimda ham borishi mumkin ”,— deb yozadi vazir.
O‘tgan o‘quv yili arafasida ham vazirlik xuddi shunday qarorni e’lon qilgandi, lekin aksariyat qozog‘istonlik maktab o‘quvchilari sentabrdan maygacha masofaviy shaklda ta’lim oldi. 2021-yil may oyida respublika o‘qituvchilar kengashida Aymagambetov “kelasi yil ham masofaviy shaklda o‘qitilsa, Qozog‘iston ta’lim tizimi omon qolmasligini” aytdi.
Iyul oyida mamlakat prezidenti “hukumatga yangi o‘quv yilida o‘quvchilar va talabalarning an’anaviy formatga qaytishini ta’minlash to‘g‘risida ko‘rsatma berdi”.
2-avgust kuni Ta’lim va fan vazirligida ma’lum qilinishicha, o‘quv shakli to‘g‘risida qaror koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha idoralararo komissiya, mamlakat bosh davlat sanitariya shifokori va hududlarning bosh sanitariya vrachlari tomonidan qabul qilingan.
Bundan oldin vazirlik quyidagi tavsiyalarni ishlab chiqqan edi: bolalar va maktab ishchilarining haroratini o‘lchash, binolarni dezinfeksiya qilish, o‘quv muassasalarini dezinfeksiyalovchi vositalar bilan ta’minlash, o‘quv jarayonini ijtimoiy masofaga muvofiq tashkil etish, bino sig‘imi va o‘quvchilar soniga qarab ish tartibi va smenalarni aniqlash.
Eslatib o‘tamiz, 2020/2021-o‘quv yilida O‘zbekistondagi davlat maktablarida majburiy maktab formasi talab etilmagandi. Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov o‘quvchilar belgilangan umumiy tartibga rioya qilgan holda maktabga o‘zi istagan kiyimida kelishi mumkinligini aytgan.
Mavzuga doir:
Izoh (0)