Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 1-avgust kuni Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev bilan Issiqko‘lning shimoliy sohilida dam oldi. Bu haqda Kloop xabar berdi. Japarovning yordamchisi Adinay Maripova ta’tildan video va fotolavhalar e’lon qilgan.
Japarov va Tashiyev o‘rtasida yashirin ziddiyat paydo bo‘lgani haqidagi xabarlar fonida ularning ikkisi birga dam olishga chiqdi. Qarama-qarshilik haqida Qishloq xo‘jaligi vazirligining sobiq rahbari ma’lum qilgandi, u Japarov va Tashiyev “hokimiyatni bo‘lisha olmayotganini” aytgan.
Avvalgidek prezident matbuot xizmati bu safar ham davlat rahbarining ta’tilda ekani haqida xabar bermagan, Japarovning safari e’lon qilinmagan.
Fuqarolar bu haqda ijtimoiy tarmoqlardan bilib oldi. Ulardan avvalroq haydovchilar Issiqko‘lga ketayotgan prezident kortejiga yo‘l berishi kerak bo‘lgani uchun safar haqida xabar topgan.
Japarov va Tashiyev Issiqko‘lning shimoliy qirg‘og‘ida dam olgan, o‘sha paytda ko‘l yaqinidagi butun Issiqko‘l hududida sellar kelgan.
31-iyul kuni Qirg‘iziston Favqulodda vaziyatlar vazirligi Issiqko‘lga yaqin Qorako‘l shahrida sel kelgani haqida xabar berdi. Qorako‘l daryosi yaqinidagi 27 xonadon aholisi suv toshqini xavfi tufayli evakuatsiya qilingan.
2-avgust kuni Favqulodda vaziyatlar vazirligi Qorako‘l va Baliqchi shaharlarida, shuningdek, Oqsuv, Ton, Jeti-O‘g‘uz va Issiqko‘l tumanlarida 342 turar joy binolarining hovlisini, shu jumladan, 67 ta uyning ichini suv bosgani haqida xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarda va davlat rahbarining veb-saytida Issiqko‘ldagi sellarga Japarovning munosabati haqida hali biror xabar e’lon qilinmagan.
Izoh (0)