“Tolibon” harakati jangarilari endi Afg‘onistonning yarmini nazorat qilmoqda. Bu haqda chet ellik kuzatuvchilarning hisob-kitoblariga tayanib “Radio Svoboda” xabar bermoqda.
Jangarilarning o‘zlari esa Afg‘oniston hududining 80 foizini qo‘lga kiritganini da’vo qilmoqda.
Ayni paytda ular G‘arbiy Afg‘onistondagi Hirot viloyatining ma’muriy markazi bo‘lgan shu nomli shaharga kirib bormoqda, u yerda yarim million aholi yashaydi. Bundan tashqari, mamlakat janubida jangarilar Qandahor va Lashkargoh ustidan nazorat o‘rnatishga urinmoqda.
Qandahordagi qochqinlar lagerlarida qariyb 11 mingta oila yashaydi. BBC Afg‘oniston parlamenti a’zosining hisob-kitoblariga tayanib yozishicha, “Tolibon”ning shaharni egallab olish xavfi haqiqatga juda yaqin. Deputat aytishicha, “Tolibon” Qandahorni o‘zining vaqtinchalik poytaxtiga aylantirmoqchi.
Ayni paytda, agar Qandahor qulasa, Afg‘oniston hukumati janubi-g‘arbiy hududdagi yana besh-oltita viloyatlar ustidan nazoratni yo‘qotadi.
Eslatib o‘tamiz, Afg‘oniston janubidagi Qandahor aeroporti “Tolibon” terrorchilik harakati tomonidan raketa hujumiga uchradi, parvozlar to‘xtatildi.
Iyul oyida AQSh o‘z qo‘shinlarining katta qismini Afg‘onistondan olib ketdi. Shundan keyin mamlakatda “Tolibon” jangarilarining hujumlari boshlandi. Ayni paytda “Tolibon” Afg‘oniston chegaralarining, taxminan, 90 foizini nazorat qilmoqda va yirik shaharlarga hujum uyushtirmoqda.
“Tolibon” Ashraf G‘ani hukumati iste’foga chiqsagina, o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishini ma’lum qildi. Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi mamlakatdagi 34 ta viloyatning 31 tasida komendantlik soati e’lon qildi.
Izoh (0)