Xorazmda totalizator orqali o‘zgalarning mol-mulkini qo‘lga kiritgan fuqaroga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida fuqaro J.M. internet tarmog‘ida asosiy faoliyati tavakkalchilikka asoslangan onlayn platforma orqali fuqarolarning pul mablag‘lari va boshqa mol-mulklarini sport o‘yinlariga pul tikish yo‘li bilan qo‘lga kiritib kelgani aniqlangan.
U shu orqali o‘zi va farzandlari nomiga 4 ta turar joy va 3 ta avtotransport vositasini rasmiylashtirib, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarini legallashtirgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq O‘zbekistonda bukmekerlik va totalizator faoliyati hali ham qonuniy emasligi ma’lum qilingan edi.
Izoh (0)