Xorijiy universitetlarda tahsil olayotgan turkmanistonlik talabalar juda og‘ir ahvolda. Turkmaniston o‘z chegaralarini yopib qo‘ygani uchun yoshlar vataniga qaytolmayapti. Turkmaniston hukumati tomonidan vaqti-vaqti bilan tashkil etiladigan siyrak aviareyslar barchani uyiga qaytarish uchun yetarli emas. Qolaversa, moliyaviy inqiroz tufayli o‘quvchilarning ota-onalarida o‘z farzandlariga pul yuborish imkoniyati qolmagan. O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida o‘qiyotgan yoki yaqinda bitirgan turkmanistonlik talabalar “Xronika Turkmenistana” gazetasiga o‘z muammolari haqida gapirib berdi. 

Foto: LiveJournal

16-iyul kuni Buxorodan bir guruh talabalar Turkmanistonga mustaqil ravishda qaytishga harakat qilgan. Olti nafar qiz va ikki yigit O‘zbekistonning Olot chegara postidan hech bir to‘siqsiz piyoda o‘tgan. Ammo Farob chegara punktidagi turkman chegarachilari va Migratsiya xizmati ofitseri ularga Turkmanistonga kirishga ruxsat bermagan.

“Turkmanistonning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillarining hamrohligisiz yoki ularning rasmiy maktubisiz sizlarni kirita olmaymiz”, — degan Migratsiya xizmati ofitseri.

Ishontirishlar, pasportlar, bitiruv diplomlari va insofga chaqirishlar yordam bermagan. Yoshlar orqaga qaytishga majbur bo‘lgan. Xuddi shu kuni umidsizlikka tushgan qizlardan biri o‘z joniga qasd qilishga uringan. Do‘stlari uni qutqarishga muvaffaq bo‘lgan.

Turkmanistonning O‘zbekistondagi elchisi Yazguli Mamedov turkman talabalarini qabul qilmayapti. Elchixona rasmiylari Ashxobod qarorisiz ularga yordam bera olmasligini aytmoqda. Yaqinlari yoniga qaytish yoki ota-onalaridan pul o‘tkazmalari olish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan yoshlar o‘z muammolarini o‘zlari hal qilmoqda.

“Men o‘qishni tugata olmadim, to‘lov qilishga pulim yo‘q. Uydan na Western Union orqali, na karta orqali pul ololmayapman. Hozir bozordagi kafelardan birida xamir yoyyapman. Kafe egasi kam pul to‘laydi, lekin sotilmay qolgan somsa va nonlarni olishga ruxsat beradi. Yashash uchun pul yetib turibdi” — dedi sobiq talaba.

Turkmanistonlik ko‘plab talabalar kafelarda ofitsiantlik qilish, idish-tovoq yuvish, ovqat yetkazib berish yoki bozorlarda tovar sotish bilan shug‘ullanmoqda.

Ayrim talabalar taklifnoma olib, Rossiya, Turkiya yoki Shimoliy Kiprga viza olishga harakat qilmoqda.

“Turkmaniston pasporti bilan O‘zbekistondan chiqish Turkmanistondan chiqishdan ko‘ra osonroq”, —deydi Kiprga ketgan sobiq talabalardan biri. “Hozir Buxoroda qolib ketgan turkmanistonliklar Turkiya yoki Kiprda ishlash yoki o‘qish uchun taklifnoma olmoqchi. Turkiya fuqarosi uchun bir gastarbayterga taklifnoma rasmiylashtirish 320-330 dollar turadi. Menimcha, bu ular uchun foydali, menga o‘xshaganlar uchun esa uyga qaytishdan yaxshiroq”.