Zangiotadagi 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi tez yordam tomonidan olib ketilgan koronavirusga chalingan bemorlarni topishga yordam beradigan maxsus botni ishga tushirdi, deb xabar beradi “Potrebitel.uz”.
Ma’lum qilinishicha, Toshkentda tez yordamda COVID-markazlarga olib ketilgan fuqarolarning qarindoshlari ularni qidirib topishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Ayniqsa, bemorning ahvoli keskin og‘irlashishi oqibatida bir shifoxonadan boshqasiga kutilmaganda ko‘chirilganida vaziyat murakkablashyapti.
Shu sababli Zangiotadagi 2-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi bu kabi holatlarda fuqarolarga qarindoshlarini topishga yordam beradigan @Zangiota2Bot maxsus botini ishga tushirdi.
“Guruhda Atlas’dan [koronavirusga chalinganlarni taqsimlash markazi — tahr.] Zangiotaga ko‘chirilganiga 13 kun o‘tgan bo‘lsa-da, otasini topa olmayotgan qizning hikoyasi bor. Hatto IIBBga murojaat qilingan”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Toshkent shahrida DXX tasarrufidagi “Yoshlik” sport majmuasida, IIV tasarrufidagi “Universal” sport majmuasida 700 koyka-o‘ringa mo‘ljallangan COVID-markaz, “O‘zekspomarkaz”da 750 o‘rinli koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga ixtisoslashgan markaz qaytadan tashkil etilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)