Samarqand viloyati Urgut tumanida o‘g‘irlangan qariyb 20 million so‘mni totalizatorga tikib yuborgan shaxsga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deb xabar beradi viloyati IIB axborot xizmati.
Ma’lum qilinishicha, tumanning “Qoratepa” mahallasida yashovchi 18 yoshli yigit tavakkalchilikka asoslangan o‘yinga o‘g‘irlagan qariyb 20 million so‘mini tikib yuborgan.
Aniqlanishicha, u Samarqand shahrida kechasi qarovsiz qoldirilgan Damas’dan 1700 AQSh dollarini o‘g‘irlab, totalizatorga tikib yutqazganidan so‘ng, 13-iyul kuni yana o‘g‘rilikka qo‘l urgan. Bu safar u qarovsiz qoldirilgan Spark’dan 2,5 million so‘mni o‘g‘irlagan.
Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) 3-qismi “a” bandi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Bundan avval Buxoroda pullarini bukmekerlik idorasida yutqazgan yigit bobosining uyidan 4,5 ming dollar o‘g‘irlab, uyga o‘t qo‘yib yuborgani, Qoraqalpog‘istonda pullarini bukmekerlik kontorasida yutqazgan yigitga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani hamda Farg‘onada o‘zganing plastik kartasidan pul o‘g‘irlab, ularni totalizatorga tikib yuborgan maktab o‘quvchisi sudlangani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)