Quyidagi hayotiy hikoyalarga asoslangan asarlar har qanday romandan ko‘ra qiziqarli. Bundan tashqari, ular ilhomlanishga, o‘zingizga ishonishga va orzularingiz amalga oshishiga yordam beradi.

“Haqiqiy sevgi. Yulduzning tarjimayi holi”, Jennifer Lopes

Foto: Getty Images

Ayol qudrati va har qanday vaziyatda ham harakat qilish uchun kuch topish qobiliyati haqida motivatsiya beradigan kitob o‘qishni istasangiz, unda Jey Loning tarjimayi holi eng yaxshi variant. Unda yulduz ochiqchasiga o‘zining karyerasidagi qiyinchiliklar — Bruklindan chiqqan oddiy qizdan dunyoning birinchi raqamli qo‘shiqchisigacha, Mark Entoni bilan turmush qurishi va ajrashishi, erkaklar bilan og‘riqli munosabatlari va eng qiyin bo‘lgan vaziyatda ham o‘ziga ishonish qobiliyati haqida so‘z yuritadi. Jennifer xoinlik, ayriliq, ko‘tarilish va pasayishlarni boshdan kechirgan mehnatkash va kuchli ayol. Shuningdek, u ona, moda qirolichasi va sohibjamol ayol. O‘qing va ilhom oling!

“Becoming. Mening hikoyam”, Mishel Obama

Foto: Getty Images

AQShning birinchi xonimi bo‘lish osonmi? Mishel Obama nashrdan chiqmasidan avval ham misli ko‘rilmagan shov-shuvga sabab bo‘lgan memuar yozgan. Bu nafaqat prezidentning oilasi, balki butun Amerikaning qanday yashashi haqida ta’sirchan va samimiy hikoya. Mishel o‘zining hayot yo‘li, Barak Obama bilan tanishishi, ularning turmushidagi birinchi qiyinchiliklar, oddiy amerikaliklar bilan muloqot va mamlakat bo‘ylab ko‘plab sayohatlari haqida gapirib beradi. Ushbu kitobni o‘qiyotganingizda prezidentning rafiqasi bo‘lish qanchalik qiyin ish ekanligini va har bir ayol bunga qodir emasligini his qilasiz. Shu bilan birga, Mishelning o‘zi bilan tanishish, uning portretini yaratish va o‘zingiz uchun nimanidir o‘rganish qiziq. Mazkur kitob 3 milliondan ortiq tirajda sotilgan — bu misli ko‘rilmagan muvaffaqiyat.

“Mening butun hayotim”, Jeyn Fonda

Foto: Getty Images

Jeyn Fonda — davr ayoli. Aktrisa (ikki marotaba “Oskar” sovrindori) aerobika asoschisi, hippi harakati faoli. Jeyn o‘z xotiralarini xolisona yozadi — asarda biz imkoniyatidan ko‘proq narsa qilishga harakat qiladigan oddiy ayolni ko‘ramiz. Fonda ajoyib karyera qurdi, ko‘krak bezi saratonini yengdi, ikki nafar farzandni dunyoga keltirdi va shu bilan birga haqiqiy fitnes yulduziga aylandi. Hozirda aktrisa 83 yoshda va haliyam ajoyib ko‘rinishga ega. Uning sirlarini bilishni xohlaysizmi? Unda baxtli hayot uchun ko‘plab retseptlar mavjud bo‘lgan ushbu kitobni o‘qing.

“Avtobiografiya”, Agata Kristi

Foto: Getty Images

Detektiv janr klassikasi — Agata Kristi qanday ajoyib va ​​g‘ayrioddiy shaxs bo‘lganligini hamma ham bilmaydi. Yozuvchi haqiqiy feminist edi: u “ayollarning ishi emas” deb hisoblangan vaqtda mashina boshqargan, ikki marta turmushga chiqqan, ilm o‘rgangan, Misr, Iroq va Turkiyada qadimgi tepaliklarni qazish ishlariga borgan, Ikkinchi jahon urushida rahm-shafqat hamshirasi bo‘lib ishlash bilan birga ajoyib romanlar yozgan... Kristining tarjimayi holi o‘ziga xos hazil va kinoyali tilda yozilgan.

“To‘siqlarni yengib o‘ting. Tarjimayi hol”, Marina Abramovich

Foto: Getty Images

Butun hayot — teatr! Aniqroq aytganda — spektakl. Zamonamizning eng taniqli rassomlaridan biri Marina Abramovichning tarjimayi holi hayotga yangi nuqtayi nazardan — oddiy ayol sifatida qarashga imkon beradi. Faqat juda iste’dodli ayol nigohi bilan. Marina fikrlarini chiroyli ifodalaydi — g‘amgin hazil bilan u o‘zining bolaligi va birinchi ijodiy tajribalari, erkaklar bilan munosabatlari va rassom Ulay bilan yorqin romantikasi haqida gapirib beradi. Abramovich — o‘z yo‘lidan borishni biladigan, ijtimoiy dogmatlarga ahamiyat bermaydigan, hatto ba’zan ularni buzadigan inson. Agar biror narsa qilishga jur’at eta olmayotgan bo‘lsangiz, albatta, ushbu kitobni o‘qing.

“Rejali ayol: Baxtli hayot qoidalari”, Mey Mask

Foto: Getty Images

Bir vaqtning o‘zida supermodel, diyetolog bo‘lish, uchta farzandni dunyoga keltirish va dunyodagi eng taniqli biznesmen — milliarder o‘g‘ilni qanday tarbiya qilish kerak? Mey Mask tarjimayi holida shu haqda so‘z yuritadi. U Janubiy Afrikada tug‘ilgan va juda ko‘p sayohat qilgan, keyin Kanadaga ko‘chib o‘tgan va muvaffaqiyatli modellik karyerasini qurgan, kosmetika bo‘yicha yetakchi brendlarning reklama roliklarida va Beyonse kliplarida suratga tushgan. Shu bilan birga, Meyning turmushi havas qilarlik bo‘lmagan — avtobiografiyasida u boshidan kechirgan ko‘plab sinovlarni tasvirlaydi. Shu bilan birga, u ayollarni ilhomlantiruvchi maslahatlar beradi, o‘zingizga e’tibor berishning muhimligi haqida gapiradi va yangi ish boshlashga hech qachon kech bo‘lmasligini eslatadi.

“Yashil chiroq”, Mettyu Makkonaxi

Foto: Getty Images

Mettyu Makkonaxi o‘zining 50 yoshini avtobiografiyasini e’lon qilish bilan nishonlashga qaror qildi — u hayotini qayta ko‘rib chiqishga urinib, kundalik shaklida kitob yozdi va shu bilan birga o‘z tushunchalarini o‘quvchilar bilan baham ko‘rdi. Kitob haqiqatan ham qiziqarli va samimiy bo‘lib chiqdi: asarda Mettyu kinodagi birinchi qadamlari, yuridik fakultetni tark etish to‘g‘risidagi qarori, otasi bilan bo‘lgan og‘ir munosabatlari, shaxsiy hayoti va romantik roldan ko‘ra, buyuk dramatik aktyor bo‘lishni istagan yigit haqida yozgan.

“Shiddatli. Mening hayotim”, Mariya Sharapova

Foto: Getty Images

Yana bir kuchli ayolning ilhomlantiruvchi tarjimayi holi — Mariya Sharapova qanday qilib o‘z hayotini katta sportga bag‘ishlashga qaror qilgani, AQShga ko‘chib o‘tishi va ota-onasi bilan munosabatlari, g‘alabalari, mag‘lubiyatlari va albatta, doping mojarosi va uzoq muddatli diskvalifikatsiya haqida yozadi. Xolisona, samimiy, ta’sirli va qiziqarli tarzda yozilgan asarda Mariya hayot haqidagi hikoyalari bilan o‘rtoqlashadi, xuddi o‘quvchi uning yaqin do‘stidek. Ushbu kitob o‘zingizga ishonishga va yutuq har doim omad emas, balki mehnat natijasi ekanligini tushunishga yordam beradi. Agar go‘zal Mariya muvaffaqiyatga erishgan bo‘lsa, unda siz ham, albatta, muvaffaqiyat qozonasiz!

“Vivyen Vestvud”, Ien Kelli, Vivyen Vestvud

Foto: Getty Images

Pank qirolichasi, Buyuk Britaniya bosh dizayneri — Vivyen Vestvud haqiqiy inqilob qildi. Nafaqat modada, balki ommaviy madaniyatda ham. Ushbu kitob Vivyen bilan biografning suhbati bo‘lib, u Cheshir grafligining kichik bir qishlog‘idagi bolaligini, aqlbovar qilmaydigan kiyimlari tufayli xo‘rlanganini, Londonni zabt etishi va moda sanoatida katta karyera boshlaganini eslaydi. U g‘ayrioddiy, dadil va noodatiy narsalarni o‘ylab topadigan darajada ijodkor ayol.