Futbol anchadan beri pul katta rol o‘ynaydigan sport turiga aylanib ulgurgan. Ayniqsa, bir jamoa, bir shahar va bir muxlisga sodiq qolgan futbolchilar juda kam.

Foto: Google Images

Umid qilamanki, bu yerda abadiy qolaman. “Roma”da o‘ynayman – bu mening jamoam, o‘z shahrimda yashayman. Hamma narsaga egaman. Rimlik bo‘lib yashayman va rimlik bo‘lib o‘laman.

Bu so‘zlar “Roma”ning afsonaviy va uzoq yillik sardori Franchesko Tottiga tegishli. U butun faoliyati davomida abadiy shaharga (Rim) sadoqat bilan xizmat qilgan. Bu muhabbat tarixi 1989-yilda boshlangan. Yosh Franchesko ota-onasi bilan birgalikda “Milan” va “Latsio”ning taklifiga uchmaydi. Ularning tanlovi oldindan ma’lum bo‘lgan, chunki ular haqiqiy “rimliklardir”.

Foto: Google Images

Yoshlik davri o‘tgach, Tottining iste’dodi yana-da kuchayadi va keyingi bosqichga yo‘l oladi. 1992-yilda “Roma” bosh murabbiyi Vuyadin Boshkov Sinisha Mixaylovichning tavsiyasiga ko‘ra Tottini asosiy tarkib bilan mashg‘ulot o‘tkazishga taklif qiladi. Franchesko 16 yoshida, 1993-yilning 28-martida Totti A Seriyada debyut qiladi, “Breshia”ga qarshi safar uchrashuvi tugashiga bir necha daqiqa qolganida maydonga tushadi. O‘sha uchrashuv “Roma”ning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlanadi. Mixaylovich yana Tottini qo‘llab yuboradi, Boshkovdan bolakayni maydonga chiqarishni iltimos qiladi.

“Men zaxirada o‘rindig‘ida o‘tirardim va maydonga tushaman deb o‘ylamagandim ham. Ammo Vuyadin menga maydonga tushishga tayyor bo‘lishni aytgandan so‘ng yuragim qinidan chiqib ketay dedi! Men uchun bu qanday hayajonli lahzalar bo‘lganini tasavvur ham qila olmaysiz”. 1994-yilning 4-sentabrida Totti A Seriyadagi birinchi golini urdi. U “Foji” darvozasini ishg‘ol qildi va jamoasiga durang natija keltirdi. Kuchli raqobatga qaramay o‘sha mavsumda Franchesko 21 o‘yinda 4 ta gol urdi. 1996-yilda “Roma”ga yangi bosh murabbiy Karlos Byanki keladi va Totti uchun qiyin davr boshlanadi: u maydonda kam ko‘rinish berardi, uning “Sampdoriya” yoki “Ayaks”ga o‘tishga bir baxya qoladi.

Foto: Google Images

Bosh murabbiyning fikri o‘rtoqlik musobaqasida o‘zgaradi deb kim ham o‘ylabdi. Totti unda yuqorida tilga olingan “Ayaks”ga 2 ta gol uradi. Muvaffaqiyat 1997/1998-yilgi mavsum oxirida Franchesko Italiyaning eng yaxshi o‘yinchisi deb topilganidan keyin ham davom etadi. Shundan beri hech kim o‘z yetakchisini sotish haqida o‘ylashni ham xohlamagan.

Yagona skudetto 2001-yilda qo‘lga kiritiladi. Mavsumning so‘nggi turida “Roma” “Parma”ni 3:1 hisobida mag‘lub etadi, Chesko o‘sha o‘yinda hisobni ochadi. Bungacha u mavsum o‘rtalarida klub bilan shartnomasini 4 yilga uzaytirib, dunyoning eng ko‘p maosh oluvchi futbolchilaridan biriga aylanadi. “Roma” o‘z sardorini qadrlardi.

Foto: Twitter

Totti xalqaro faoliyatini yoshlar terma jamoasida boshlagan. 18 yoshgacha bo‘lgan terma jamoa bilan u 1995-yilda Yevropa vitse-chempioniga aylandi. Italyanlar hal qiluvchi o‘yinda Ispaniyaga 1:4 hisobida yutqazib qo‘yadi. Italiyaning yagona goliga Franchesko mualliflik qiladi.

1998-yilgi Jahon Chempionatiga boradigan futbolchilar ro‘yxatidan Totti joy olmagan bo‘lsa, 2000-yilgi Yevroda garchi Inzagi va del Pyero bilan raqobatda “oltin bolaga” tarkibda kafolatlangan joy va’da qilinmagan bo‘lsa-da, murabbiylar shunchaki “imperator”ni olmaslik huquqiga ega emasdi. Italiyaning finalga chiqishida uning sa’y-harakatlari ham katta bo‘ladi. Jamoasi mag‘lubiyatga uchrasa ham Franchesko finalning eng yaxshi o‘yinchisi deb topiladi.

Foto: Google Images

2004-yilning yozida Totti va “Real Madrid” o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi, ammo yakunda baribir futbolchi abadiy shaharda qoladi. Olti oydan so‘ng esa “Roma” sardori yoqimsiz epizod ishtirokchisiga aylanadi: Italiya Kubogi doirasidagi “Siyena”ga qarshi o‘yinda Rim klubi muxlislari goldan so‘ng ko‘p miqdorda tutun chiqaradigan pirotexnik vositalarini yoqishadi. Totti esa muxlislarni tinchlantirishga urinadi, ammo ular uni davomli hushtaklar bilan siylaydi. Franchesko muxlislarning bunday xatti-harakatlari kelajakda uning ketishiga sabab bo‘lishi mumkinligini aytadi. Yanvar oyida aytilgan so‘zlarga qaramay 2005-yilning iyun oyida Totti “Roma” bilan shartnomasini uzaytiradi va o‘zi uchun klub libosi qanchalik muhimligini tasdiqlab qo‘yadi.

Foto: Goal

2006-yilgi Jahon Chempionatidan so‘ng Totti termaning yangi ustozidan jarohat va og‘ir mundialdan keyin o‘ziga kelib olishi uchun vaqtincha terma jamoaga chaqirmaslikni so‘raydi. 2007-yilning 20-iyulida esa terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini rasman e’lon qiladi.

“Mening asosiy muammom – jismoniy holatda. To‘piq va yelkamdagi muammolar tufayli bir vaqtda ham “Roma”, ham terma jamoada o‘ynay olmayman. Terma jamoa katta jismoniy kuch talab etadi. “Roma” bu borada mutlaq ustunlikka ega”.

Bu paytga kelib hech kim afsonaning qadrdon klubidan ketishi haqida gapirmay qo‘ydi. Barcha mish-mishlar tinchlanib, yosh va istiqbolli yangi “qurbon”lar qidirilayotgan payt edi.

Foto: Getty Images

25-mavsum Rim jamoatchiligi yoqimtoyi uchun so‘nggisi bo‘ldi. 2017-yilning 8-may kuni Totti uchrashuvning 54-daqiqasida maydonga tushib, “Roma” safidagi so‘nggi uchrashuvini o‘tkazdi. “Roma” unda “Jenoa”ni 3:2 hisobida mag‘lub etdi va milliy chempionatni ikkinchi o‘rin bilan yakunladi. O‘yin so‘ngida Franchesko ko‘z yoshlarini to‘kkan holda barcha bilan xayrlashdi.

Mana biz oxirgi nuqtaga ham yetib keldik. Afsus. Men hech qachon bunday bo‘lmaydi deb umid qilgandim. So‘nggi kunlarda men haqimda ko‘p yaxshi narsalar aytildi. Siz meni qiyin paytlarda qo‘llab-quvvatladingiz, shuning uchun sizga rahmat aytmoqchiman. Men xuddi aqldan ozganday yig‘ladim! Bu yillarni shunchaki unutib bo‘lmaydi. Hammadan minnatdorman.

28 yilni bir nechta iboralar bilan aytib berib bo‘lmaydi. Men uni qo‘shiq yoki she’r qilishni xohlardim, lekin bunga mahoratim yetmaydi. Buni oyoqlarim bilan tushuntirishga harakat qildim, chunki bu menga osonroq. Jin ursin, vaqtni! U 2001-yil 17-iyunida, Italiya chempionatida g‘olib bo‘lganimizdan beri juda tez o‘tmoqda. O‘shanda hakamning so‘nggi hushtagi yangrashini intizorlik bilan kutgandim. Bu haqida o‘ylasam, hanuzgacha ajib bir hislarni tuyaman. Vaqt bo‘ldi, u kelib, yelkamdan qoqdi va ertaga katta bo‘lishim kerakligini aytdi.

Men o‘z faoliyatim haqida bir ertak kabi o‘ylashni yaxshi ko‘raman. Va bugun uning eng yomon qismi. Bu haqiqatan ham tugadi. Men libosimni oxirgi marta yechaman va yaxshilab taxlab qo‘yaman. Qabul qilishim kerak bo‘lsa ham men buni tugadi deb aytishga tayyor emasman va hech qachon tayyor bo‘lmasam ham kerak.

Oxirgi vaqtlar intervyu bermaganim va kelajagimga aniqlik kiritmaganim uchun uzr so‘rayman. Bu chiroqni o‘chirish men uchun oson bo‘lmaydi. Men qo‘rqyapman. Bu penalti tepish oldidan bo‘ladigan qo‘rquv emas. Bu safar to‘rning orqasida nima borligini ko‘ra olmayapman. Qo‘rquvni boshdan kechirishga ijozat bering. Bu safar menga har doim bergan iliqligingizga muhtojman. 28 yillik muhabbatimni “Roma”ga bag‘ishlaganimdan baxtiyorman va faxrlanaman. Men sizlarni yaxshi ko‘raman.

Franchesko Totti