1402-yil 20-iyul kuni hozirgi Turkiya davlati hududida joylashgan Anqara shahri yaqinida asrning eng dahshatli muhorabalaridan biri bo‘lib o‘tadi. Zamonasining ikki buyuk davlati — Usmoniylar va Temuriylar saltanati qo‘shini shu yerda to‘qnashadi. “Daryo” kolumnisti Muhammadqodir Sobirov ushbu tarixiy jang haqida hikoya qiladi.
Mojaroning sabab(lar)i nima edi?
XV asrda Osiyoda ikki buyuk turkiy davlat tarix sahnasiga chiqadi. G‘arbda buyuk Saljuqiylarning davomchisi hisoblanuvchi Usmon I asos solgan Usmoniylar davlati kuchayib Kichik Osiyo va Bolqon yarimoroli ustidan o‘z hukmronligini o‘rnatadi. Sultonlik juda tez yuksalib Yevropa va Vizantiya hukmdorlarini tashvishga solib qo‘yadi. Sulton Boyazid I o‘zining Serbiya, Bolgariya va Qoramoniylar ustidan qozongan shiddatli g‘alabalari tufayli Yildirim (Yashin) nomini oladi. Sultonning Vizantiya poytaxti Konstantinopolni qamal qilishi butun xristian dunyosini larzaga soldi.Bu davrda Markaziy Osiyoda mo‘g‘ullar bosqinidan so‘ng yangi kuch — Amir Temur boshliq Temuriylar davlati qad rostlagan edi. Sohibqiron deya ulug‘langan Amir Temur o‘sha davrning eng kuchli davlatlaridan biri bo‘lmish To‘xtamishxon boshliq Oltin O‘rda xonligini mag‘lub etgan, uning hujumidan keyin bu ulkan davlat amalda parchalanib ketgandi. Amir Temurning Gurjiston va Suriyani egallab olishi natijasida ikki buyuk turkiy davlat chegarasi bevosita kesishadi.
Amir Temur Oltin O‘rda yurishini boshlayotgan paytda sulton Boyazid I Yildirimga elchi yuborib, birga harakat qilishni taklif qiladi. Sharqona odob-axloq qoidalariga amal qilgan amir sultonni “islomni g‘ayridinlardan himoya qiluvchi, Ollohning qilichi” deya alqaydi. Amir Oltin O‘rdaga Usmoniylar Bolqondan, o‘zi esa Kavkazdan hujum tashkillashtirmoqchi edi, ammo sulton Boyazid I Amir Temurga qo‘pol va keskin javob xati yuboradi. Keyingi maktub almashinuvlari ham shu tarzda yakun topadi.
Oltin O‘rda va mamluklarni mag‘lub etgach Amir Temur o‘zining keyingi raqibi Boyazid I bo‘lishini biladi. Sohibqironga qarshi urush olib borgan Qora Yusufning Boyazid I saroyidan panoh topishi aloqalarning so‘nggi iplarini ham uzadi. Amir Temur sultondan Qora Yusufni unga topshirishni so‘raydi, rad javobini olgan Amir Temur 1402-yilda Usmoniylar saltanati tomon yurish boshlashga qaror qiladi.
Bu paytda Boyazid I Yildirim Yevropada urush olib borayotgandi. Sulton o‘zining hukmdorligi qudratini oshirish uchun Konstantinopolni qamal qiladi. Vizantiya imperatori Manuil II Paleolog yordam so‘rab Yevropa hukmdorlariga murojaat qiladi. Biroq ichki muammolar girdobida qolgan Yevropa monarxlari imperatorga madadga kela olmaydi. Rasman Vizantiya imperiyasi vassali hisoblanmish Trapezund (Trabzon) hukmdori Manuil III yordam so‘rab Amir Temurga elchi yuboradi va amir hokimiyatini tan olishini bildiradi. Uning ortidan Vizantiya imperatori va Yevropa hukmdorlari ham Temurga sovg‘a-salomlar yuborib uni ulug‘lashni boshlaydi. Xristian olami Temur siymosida ularni Usmoniylardan xalos qiluvchi kuchni ko‘rgandi.
Amir Temur tabiiyki bu vaziyatdan unumli foydalanadi. U yevropaliklar nima uchun uni qo‘llayotganini yaxshi bilardi va bundan samarali foydalandi. Bir necha oydan beri maosh ololmayotgan Boyazid qo‘shinidan farqli ravishda Yevropadan ancha hadyalar qabul qilgan Amir Temur qo‘shini jang oldidan yaxshigina moyana oladi. Bu ham jangda hal qiluvchi faktorlar biri bo‘ladi.
Qolaversa Boyazidni turkmanlarning ichki noroziliklari ham bezovta qilayotgandi. Hatto elxoniylarga ham bo‘ysunmagan bu ko‘chmanchi qabilalar sultonning asosiy e’tiborni Onado‘liga emas Bolqonga qaratayotganidan norozi edi.
Muhorabaning boshlanishi
Ulkan qo‘shinga ega Amir Temur uni harbiy harakatlarsiz ushlab turish qiyin ekanligini bilardi, shuning uchun amir yurishni paysalga solmaydi. 1402-yil mart oyida Amir Temur Anadoluning shimoli-sharqiga kirib keladi. Yurish boshlashdan oldin u nabirasi Muhammad Sultonni Samarqandga yangi qo‘shin yig‘ib kelish uchun jo‘natadi. Amirning lashkari haqida ma’lumot yig‘gan Boyazid bundan bexabar edi.Amir Temur qo‘shinining bir qismi Kemax qal’asi tomon yurib uni egallab oladi. Asosiy qo‘shin esa Arzirum orqali yurib Sivas shahrini qo‘lga kiritadi. Shu yerda uning huzuriga Boyazid elchilari tashrif buyuradi. Temur ularni qabul qiladi, ammo hadyalarini olmaydi. Elchilarga o‘zining ulkan armiyasini ko‘rsatgan Amir Temur nafaqat ularning, balki ular orqali usmonlilar qo‘shinining ham ruhiyatini tushirishga erishadi.
Sulton Boyazid ham beklari va ittifoqchilarini Amir Temurga qarshi yurish uchun yig‘adi. Usmonlilar qo‘shinining asosiy qismi piyodalar bo‘lib, sipohiylar (yengil qurollangan otliqlar) va serblarning og‘ir qurollangan otliq askarlari qo‘shinda suvoriy qism hisoblanardi. Amir Temurning lashkarining asosiy qismi esa bir necha katta janglarda chiniqqan va g‘alabalarning asosiy omili bo‘lgan turkiy va mo‘g‘ullardan tashkil topgan otliq askarlar edi. Temur otliqlari juda tajribali va kuchli ekanligini bilgan Boyazid I Yildirim jangni tekislikda emas, balki qal’a yoki tog‘ yonbag‘irlarida olib bormoqchi bo‘ladi. Amir Temurning Anqara tomon qo‘shin tortganini eshitgan sulton qo‘shini bilan Anqara tomon yo‘lga chiqadi. Boyazid qo‘shinlari Anqaraga yetib kelganda Temur qo‘shinining Sivas shimolidagi Tokatga hujum qilgani haqida xabarni eshitadi. Bu hudud sulton uchun ajoyib strategik joy edi, tog‘ yonbag‘ri va qalin o‘rmonlar usmonli piyodalariga temuriylar otliq qo‘shini bilan teng kurash olib borish imkonini berardi. Boyazid I darhol Tokat tomon yurishni boshlaydi. Avval boshdan Boyazidni chalg‘itishni reja qilgan Amir Temur uning yo‘lga chiqqani eshitishi bilan qo‘shinga hujum qilishni to‘xtatishni buyuradi va Qaysari orqali Anqara tomon yuradi. Markaziy Osiyo qo‘shini asosan otliqlardan iborat bo‘lgani uchun nisbatan tez harakatlanadi va yo‘lda dam ham oladi. Anqaraga yetib kelishi bilanoq Temur shaharni qamal qilishga kirishadi. Usmonli lashkari yetib kelguniga qadar amir Anqara yonidagi Chubuq maydoniga qarorgoh tiklab, himoya inshootlarini qurdiradi. Anqaraga qaytib kelgan Boyazid qo‘shini sakkiz kun tinmay yo‘l bosgandi. Sarkardalari Movarounnahr qo‘shini jangga to‘liq tayyor bo‘lmasdan turib hujum boshlashni maslahat berganiga qaramay Boyazid I lashkarga bir kun dam berishga qaror qiladi.
Muhorabada qancha askar ishtirok etganiga manbalarda turlicha ko‘rsatilgan. Ba’zi manbalarda umumiy qo‘shinlar soni milliondan oshganini aytilsa, boshqalarida bu son besh yuz ming atrofida deya aytilgan. Amir Temur lashkari soni Boyazid I qo‘shinidan son jihatdan ustun bo‘lgan, ammo bu juda katta sonni tashkil qilmagan.
Amir Temur qo‘shini chap qanotiga uning kenja o‘g‘li Shohrux Mirzo qo‘mondonlik qiladi. O‘ng qanotni esa Mironshoh Mirzo boshqaradi. Samarqanddan kelgan otliqlar va zirhli fillardan iborat markazni Temurning nevarasi Muhammad Sulton jangga olib kiradi. Ancha keksayib qolgan sohibqironning o‘zi esa markaz ortidagi zaxira qo‘shiniga qo‘mondonlik qiladi.
Rumeliya (Bolqon yarimoroli turklar tomonidan shunday atalgan) va Anadolu turkman kuchlaridan iborat usmonli qo‘shinining chap qanotini sulton Boyazid I ning o‘g‘li Sulaymon Chalabiy boshqaradi. O‘ng qanotda esa og‘ir zirhli serb otliqlari va Anadoluning uzoq o‘lkalaridan kelgan turkman suvoriylari Serbiya hukmdori Stefan Lazerovich yetakchiligida jangga kiradi. Boyazid Yildirimning o‘zi esa yanichar va azap (Usmonli qo‘shini yengil qurollangan kamonchi-piyodalari) qo‘shini bilan markazda joylashadi, unga o‘g‘illari Iso, Muso va Mustafo hamrohlik qiladi. Usmonli zaxira qismini sipohiylar tashkil qiladi.
Jang Movarounnahr lashkari qanotlari hujumi bilan boshlanadi. Usmoniylarning o‘ng qanoti Shohrux Mirzo boshchiligidagi temuriylar qo‘shini hujumini qaytaradi va qarshi hujumga o‘tadi. Boyazid I va sarkardalarning maslahatiga qaramasdan ichkarilab ketgan Stefan Lazerovich qo‘shini ortdan hujumga uchrab asosiy qo‘shindan uzib qo‘yiladi va qattiq zarbaga uchraydi. Natijada ular chekinishga majbur bo‘ladi.
Movarounnahr qo‘shini o‘ng qanoti Mironshoh Mirzo boshchiligida Sulaymon Chalabiy qo‘shiniga hujum boshlaydi. Kichik Osiyo turkmanlari tezda pozitsiyalarni boy beradi va kutilmaganda Usmoniylar hujumi davrida qochib ketib va Temur tarafiga o‘tgan sobiq rahbarlarini ko‘rgan turkmanlar Temur qo‘shini tarafiga o‘tadi va usmoniylar kuchlariga hujum qiladi. Jang boy berilganini sezgan Sulaymon Chalabiy ishonchli askarlari bilan jang maydonini tark etishni boshlaydi. Biroq Usmoniylarning zaxiradagi sipohiylar qo‘shini chap qanotga safarbar qilinadi va vaziyatni barqarorlashtiradi.
Markazda Boyazid qo‘shinlari Temurning otliq qo‘shinlari bilan muvaffaqiyatli jang olib boradi. Turkiy-mo‘g‘ul otliqlarning otdan turib kamondan o‘qqa tutishiga javoban usmonli qo‘shini azaplari piyoda turib kamondan o‘q otadi, bu temuriy qo‘shiniga g‘alaba olib kelgan otdan turib o‘qqa tutish uslubidan yaxshiroq natija bera boshlaydi.
Usmonli zaxira qismi chap qanotga safarbar etilgani, turk qo‘shinining butun kuchlari jangga kirgani haqidagi xabarni olgan Amir Temur Samarqand qo‘shini va fillarni jangga kirgizish payti kelganini biladi va nabirasi Muhammad Sulton boshchiligida qo‘shinni markazga tashlaydi. Fillar ishtirokidagi bu hujum usmonli qo‘shinini yakson qiladi. Boyazid I oz sonli yanicharlari bilan yaqin atrofdagi tepalikka ko‘tarilib himoyaga kirishadi. Qurshovga tushib qolgan Boyazidni bir nechta sodiq vassalari, jumladan Stefan Lazerovich va sipohiylar oxirigacha qo‘llab-quvvatlaydi. Stefan Lazerovich ritsarlari bilan uch marta qurshovni yorishga muvaffaq bo‘ladi va har safar sultondan qochib ketishni so‘raydi. Biroq mag‘rur va qaysar Boyazid buni rad qiladi. Ehtimol u merosxo‘ri Sulaymon Chalabiyning xavfsiz qochib ketishini ta’minlash uchun ham shunday qilgan bo‘lishi mumkin. Nihoyat qochib ketishga qaror qilgan Boyazidni temuriy askarlari yo‘lda asirga oladi.
Ushbu jang natijasi qanday bo‘ldi?
Anqaradagi g‘alabadan so‘ng butun Kichik Osiyo Amir Temur qo‘liga o‘tadi. Temur uning tarafda turib urushgan Kichik Osiyodagi sobiq hukmdorlarga o‘z mulklarini qaytarib beradi.Usmoniylar sultoni mag‘lub bo‘lgani va asir tushgani haqidagi xabar G‘arbga yetib borishi bilan ular buyuk hukmdor Amir Temurni qutlashga shoshiladilar. Ammo oradan bir necha oy o‘tgach Temur Osiyodagi so‘nggi salibchilar nuqtasi Smirna(Izmir)ni qamal qiladi va shaharni egallagach qirg‘in uyushtiradi. Shundan keyin xristian dunyosi ular uchun Usmoniylardan ham dahshatliroq kuch paydo bo‘lganini haqida o‘ylay boshlaydi. Lekin Amir Temur G‘arbga yurishni davom ettirmadi.
Temur Usmonlilar shahzodalarini o‘ldirmaydi, ularni o‘z qo‘li ostidagi amirliklarda yashashiga ruxsat beradi. Tez orada ular o‘rtasida taxt uchun o‘zaro urushlar boshlanadi va saltanat tanazzulga yuz tutadi. Sultonlikni to‘liq qulashdan saqlab qolgan omil sohibqironning Xitoy yurishi paytida vafot etgani bo‘ldi.
Ko‘pchilik g‘alabadan so‘ng Osiyo va Yevropaning yangi xo‘jayini temuriylar bo‘lishini taxmin qiladi. Ammo uzoq kelajakda Usmoniylar o‘zini tiklab, saltanatni qayta oyoqqa turg‘izadi va 1453-yil Konstantinopolni zab etadi. Usmonli hukmdorlari 1920- yilgacha hukmronlik qilgan dunyo tarixidagi ulkan imperiyalardan birini barpo etdi.
Temuriylar esa Amir Temur vafotidan keyin birin-ketin hududlardan ayrila boradi va oxir-oqibat faqatgina Movarounnahr va Xuroson bilan cheklanuvchi kichik davlatni boshqaradi. XVI asrda bu davlatga Dashti Qipchoqdan kirib kelgan o‘zbeklar xotima beradi.
Izoh (0)