Ayni vaqtda “Sevgi ta’rifi” nomli serialda suratga tushayotgan turk aktyori Kadir Dog‘ulu jurnalistlarning Burak O‘zchivit haqidagi savollariga javob berdi. Bu haqda “Rus.Turkey.com” ma’lum qiladi.
Mashhur turk aktyorlari Burak O‘zchivit va Kadir Dog‘uluning munosabatlari bir necha yildan buyon OAV va muxlislar tomonidan muhokama qilib kelinadi. Aktyorlar o‘rtasidagi adovat haqidagi ma’lumotlar Kadirning rafiqasi Neslihan Atagul va Burak O‘zchivit suratga tushgan “Sevgi iztirobi” seriali ekran yuzini ko‘rganidan keyin tarqalgan.
Neslihan va Burakning kadr ortidagi munosabatlari haqida turli mish-mishlar ko‘paygan, Kadirning tvitlaridan birini esa Burakka tekkizilgan deb taxmin qilingan. Aktyor: “Uning istalgan ayol uni sevib qolishiga ishonchi komil. U xavfli odam”, — deb yozgan.
Matbuotda aktyorlar tortishib qolgani haqida yozilgan, bunga go‘yoki Kadirning rafiqasini rashk qilgani sabab qilib ko‘rsatilgan. Shundan buyon bu mavzuga oid mish-mishlar tarqashdan to‘xtamagan.
Sal avvalroq ham jurnalistlar Kadirga murojaat qilib Burak bilan munosabatlari qandayligi haqida savol bergan. “Janoblar, aynan siz yillar davomida oramizda xusumat keltirib chiqarishga urindingiz. Aynan siz menga va ishonchim komilki, Burakka ham o‘qish yoqimsiz bo‘lgan uydirmalarni yozib kelmoqdasiz. Yuzinchi va oxirgi marta takrorlayman: siz hammasini oyog‘ini osmondan qilib tashladingiz. Sizga reportaj uchun mavzu kerak edi, siz o‘zingiz o‘ylab topdingiz va bu haqida bir necha yildan buyon gapirasiz. Tvitga to‘xtaladigan bo‘lsam, u Burakka tegishli bo‘lmagan”, — degan aktyor.
O‘zchivit ham avvalgi intervyularida Kadir bilan o‘rtalarida hech qanday adovat yo‘qligi, bularning bari maqola uchun mavzu topa olmaydigan noinsof jurnalistlarning uydirmasi ekanini ma’lum qilgan.
Avvalroq Kadirning yangi serialdagi hamkasbi bilan birga o‘tirgani aks etgan video tarqalgani, shundan keyin turmush o‘rtog‘ining xiyonati haqidagi mish-mishlarga Neslihan munosabat bildirgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)