Namangan shaharidagi uylardan birida yong‘in chiqib, uchta qo‘shnining uyiga ham zarar yetdi. Bu haqda viloyat FVB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yong‘in 12-iyul kuni soat 17:13 da Namangan shahar “Sharq tongi” MFY 2-o‘tish yo‘li Toshkent ko‘chasidagi uyda sodir bo‘lgan. Oqibatda uyning shift va tom qismidan 35 kvadrat metr joyi hamda uy-ro‘zg‘or buyumlari yonib zararlangan.
Bundan tashqari, ushbu uyga qo‘shni uyning tom qismidan 50 kvadrat metr joyi hamda uy-ro‘zg‘or buyumlari, hujjatlari, yana bir qo‘shni — “Bo‘ston” MFY 2-o‘tish yo‘li Toshkent ko‘chasi 4-berk 2-uyda yashovchi fuqaroning yashash uyining tom qismidan 10 kvadrat metr joyi va 2A uyda yashovchi fuqaroning yashash uyining shift va tom qismidan 25 kvadrat metr joyi hamda uy-ro‘zg‘or buyumlari, hujjatlari yonib zararlangan.
Yong‘in soat 18:15 da o‘chirilgan, natijada yong‘in qutqaruv guruhlari tomonidan 200 kvadrat metr joy saqlab qolingan.
Xabarda aytilishicha, ayni paytda yong‘in kelib chiqish sababi va zarar miqdorlari o‘rganilmoqda.
Izoh (0)