Toshkent viloyati Olmaliq shahrida aka-uka va boshqa bir yigit o‘rtasida janjal yuzaga kelgan. Bu haqda IIV xabar qildi.
Qayd etilishicha, 8-iyul kuni Toshkent viloyati Olmaliq shahrida joylashgan “Olmaliq dehqon bozori” MCHJ hududida meva va poliz mahsulotlari sotish bilan shug‘ullanuvchilar aka-uka 29 yoshli B. va 22 yoshli I. hamda 1996-yilda tug‘ilgan 25 yoshli K. o‘rtasida o‘zaro gap talashish oqibatida janjal kelib chiqqan.
Janjal vaqtida K. qo‘li bilan B.ni urgan vaqtida janjalga I. (B.ning ukasi) qo‘shilgan va qo‘lida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan K.ning ko‘krak qismiga bir marotaba urib, tan jarohati yetkazgan.
Oqibatda 25 yoshda bo‘lgan K. olgan tan jarohati bilan Olmaliq shahar tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Olmaliq shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “j” bandi (o‘ta shafqatsizlik bilan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan avval Surxondaryoda onasini haqorat qilgan qarindoshini pichoqlab o‘ldirgan shaxsga jinoiy ish ochilgani, Buxoroda 63 yoshli erkak yer talashib, singlisini pichoqlab qo‘ygani hamda Jizzaxda xotinini xiyonat qilishda ayblab, uni o‘ldirib qo‘ygan shaxs 14 yilga qamalgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)