Qamchiq dovonida 8-iyul kuni soat 07:00 lar atrofida paxta tolasi ortilgan yuk mashinasi yonib ketdi, deb xabar bermoqda FVV matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, voqea Toshkent—O‘sh xalqaro avtomobil yo‘lining 242-kilometrida yuz bergan. Haydovchi boshqaruvni yo‘qotish natijasida qarama-qarshi yo‘lga chiqib ketgan. Oqibatda yuk mashinasi yonib ketgan.
Mashina haydovchisi salondan chiqib ketishga ulgurgan, shu sababli jiddiy jarohat olmagan.
FVVning “Qamchiq” maxsus qidiruv, yong‘in-qutqaruv boshqarmasi xodimlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, bir necha daqiqada yong‘inni bartaraf etgan. FVV qutqaruvchilarining tezkor harakatlari natijasida mashinaga ortilgan yuklarning katta qismi yong‘indan saqlanib qolingan. Hodisa natijasida jabrlanganlar yo‘q.
YHXBB matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur hodisa yuzasidan Pop tumani IIB FMB YHXB tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
6-iyul kuni Toshkent—O‘sh xalqaro avtomobil yo‘lining 246-kilometrida Nexia yonib ketgandi. Mashinadagi 5 kishi chiqib olishga ulgurgan. 1-iyul kuni esa Qamchiq dovonida “benzovoz” yonib ketishi oqibatida ikki kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Izoh (0)