O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari hajmi bir oyda 1,37 milliard dollarga kamayib, 1-iyul holatiga ko‘ra 34,14 milliard dollarni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.
Mamlakat oltin-valyuta zaxiralari iyun oyining boshlarida ilk bor rekord darajada (35 milliard dollardan) oshganidan so‘ng pasaydi.
“Gazeta.uz”ning qayd etishicha, o‘tgan oy davomida zaxiralardagi oltinning sof hajmi 200 ming troya unsiyasiga (taxminan, 6,2 tonnaga) ko‘paygan, ammo uning qiymati 1,2 milliard dollarga pasaydi, chunki ushbu qimmatbaho metall iyun oyida keskin arzonladi. Xususan, 31-may kuni oltin narxi 1905,7 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 30-iyunga kelib u 7,2 foizga — 1767,6 dollargacha arzonladi.
Xorijiy valyutadagi zaxiralar ham 141,9 million dollarga qisqardi.
“Vedomosti” ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yilda bo‘lgani kabi, oltin kotirovkalari trendi unga bo‘lgan investitsiya talabini belgilaydi — xususan, AQShdagi investorlar bunga ko‘proq ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli, AQSh iqtisodiyotining muvaffaqiyatli tiklanishi va ayniqsa, Federal Rezerv 16-iyundagi yig‘ilishida ta’kidlaganidek, ushbu mamlakatda bandlikning o‘sishi kutilayotgani, xatarlarning pasayishini va natijada himoya aktivlariga talabning pasayishini ko‘rsatdi.
Izoh (0)